TOShKENT, 29 okt — Sputnik. Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Rog‘un GESi to‘g‘onini barpo etish ishlari boshlanishi munosabati bilan tantanali nutq so‘zladi va qurilish ishlarida shaxsan o‘zi qatnashdi, deb xabar beradi Sputnik Tojikiston prezident matbuot xizmatiga asosan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu kun milliy maqsadlarga erishish va Tojikiston kelajagi uchun poydevor quriladi – dunyodagi eng baland to‘g‘on respublikadagi kuz-qish mavsumida elektr tanqisligi muammosini hal qiladi.
"Hammaga ma’lumki, Tojikistonda neft, gaz manbalari, yoqilg‘ini qazib olish va qayta ishlash yetarlicha emas, lekin mamlakatda milliy boylik hisoblangan yirik gidroenegetika manbalari mavjud, ulardan oqilona foydalanish mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti va eksport salohiyati kuchayishi imkoniyatlarini bir necha baravar oshiradi", — dedi u.
Yaqin yillarda Tojikistonda poytaxt aholisini issiqlik bilan ta’minlaydigan "Dushanbe-2" issiqlik elektr markazining ikkinchi navbati ish boshlaydi.
"Bu shubhasiz, energetik mustaqillik yo‘lida yana bir jiddiy qadam bo‘ladi. Biroq men bir necha ta’kidlaganimdek, Rog‘un GESi qurilishisiz to‘liq energiya mustaqilligiga erishib bo‘lmaydi. Tojikiston uchun hayotiy ahamiyatga ega bunday ulkan obyektning barpo etilishi texnik, injenerlik va moliyaviy nuqtayi nazardan maxsus tartibva usullarni talab qiladi", — qo‘shib qo‘ydi Rahmon.
Ayni paytda bu yerda 15 mingga yaqin mutaxassis va ishchilar ishlashmoqda, 2100 dan ortiq texnika, mashina va mexanizmlar jalb etilgan.
"2018 yil dekabrida gidroelektrostansiya elektr energiyasi ishlab chiqarishni boshlaydi va "Rog‘un" elektri Tojikistondagi har bir oilaga yetib boradi, energiya mustaqilligiga erishish yo‘lidagi so‘nggi qadam amalga oshiriladi", — dedi Tojikiston prezidenti.
Ilgariroq deyarli butun Tojikiston hududida elektr ta’minotida uzilish ro‘y bergani xabar qilingandi — mamlakat aholisining 90%i 2,5 soat davomida elektrsiz qoldi. Bunga mamlakat energiya tizimidagi nuqsonlar va buning ortidan avariyaga qarshi tizimning avtomatik ravishda ishlab ketganligi aytilmoqda.