TOShKENT, 2 noya – Sputnik. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi sayti partiya tomonidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodi ilgari surilgan Hotamjon Ketmonovning saylovoldi dasturini e’lon qildi.
Nomzod aholining barcha qatlamlari, eng avvalo, kam ta’minlangan qatlami turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlashga e’tibor qaratadi.
Bunga asosan, eng kam iste’mol xarajatlari (iste’mol savatchasi) standartlarini belgilashning asoslangan va zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqiladi hamda joriy qilinadi.
Ketmonov aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilishni asosiy ustuvor yo‘nalish deb hisoblaydi.
Nomzod aholining ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilish, turmush darajasini yaxshilashning eng muhim sharti sifatida ularning bandligini ta’minlash deb biladi. Buning uchun, avvalo, mehnatga layoqatli kishilarning munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlariga ega bo‘lishi, fuqarolarning shaxsiy tashabbuskorligi va ishbilarmonligini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish zarur deb hisoblaydi.
Ijtimoiy himoya borasida pensionerlar, nogironlar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va aholining mehnatga layoqatsiz boshqa ijtimoiy guruhlari hayotiy ehtiyojlari to‘liq qondirilishini kafolatlovchi pensiya ta’minoti va ijtimoiy nafaqalarning samarali tizimini shakllantirish bilan bog‘liq masalalarni qamrab oluvchi kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish lozim, deb biladi.
Ishchi kuchi chetga chiqib ketishining oldi olinadi, buning uchun har yili qabul qilinadigan ish o‘rinlari tashkil etiladi va aholi bandligini ta’minlash Davlat dasturi ijrosida yangicha yondashuvlarga o‘tiladi. Bunda asosiy e’tibor mehnat bozoridagi talab-taklifni to‘liq o‘rganish, hisobga olish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini tuzishda joriy va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini to‘g‘ri va aniq belgilashga qaratiladi.
Munosib ish haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlarini taklif etayotgan, mineral xomashyo resurslari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni ta’minlovchi yuqori texnologik tarmoq korxonalari, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarda mehnatga layoqatli aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlar faollashtiriladi, ushbu sohalarga mamlakatda mavjud bo‘lgan bo‘sh mehnat resurslari faol jalb etiladi.
Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining mustaqil o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlash hamda yakka tartibdagi mehnat va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish uchun maqbul sharoitlar yaratish maqsadida imtiyozli mikrokreditlar ajratish amaliyoti kengaytiriladi, o‘z biznesini ochishda belgilangan yig‘imlardan, faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘ygunga qadar soliqlardan ozod qilish muddati uzaytiriladi.
Tegishli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, kadrlar tayyorlash uchun oliy o‘quv yurtlari talabalarining ta’lim shartnomalari to‘lovlarini to‘layotgan korxonalar va tashkilotlarni rag‘batlantirish amaliyoti takomillashtiriladi.
Munosib ish haqi va mehnat sharoitiga ega bo‘lgan, qo‘shimcha barqaror ish o‘rinlari yaratayotgan tadbirkorlik subyektlariga imtiyozlar yaratish va ularni rag‘batlantirish maqsadida soliqqa tortish tizimi takomillashtiriladi.
Kichik biznes, uy mehnati, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali xotin-qizlar bandligini ta’minlash samaradorligi oshiriladi.
Mehnat qonunchiligida ayollarga berilgan huquq va qo‘shimcha imtiyozlardan keng foydalanishlari uchun yanada maqbul sharoitlar yaratiladi.
Mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta’minlash, bir martalik vaqtincha ish bilan band bo‘lgan shaxslar mehnat faoliyatining qonuniy asoslarini takomillashtirish, ularning pensiya ta’minoti va ijtimoiy sug‘urtasi bilan bog‘liq masalalarni hal qilishning meyoriy-huquqiy asoslari ishlab chiqiladi va amaliyotga kiritiladi.
Nogironlar mehnat qilishi uchun ixtisoslashgan korxonalarni tashkil etishning aniq mexanizmlari ishlab chiqiladi, ushbu maqsadda davlatning markazlashgan sarmoyalari hisobidan bunday korxonalar tarmog‘i rivojlantiriladi.
Yirik korxonalarga kasanachilik ish joylarini tashkil etish bo‘yicha majburiy kvotalar belgilash orqali jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar (nogironlar)ni kasanachilik faoliyatiga jalb qilish kengaytiriladi.
Nomzod davlatning moliyaviy-iqtisodiy qudratini oshirishni kuchli ijtimoiy siyosat bilan uyg‘unlashtirish orqali aholining, xususan, uning ehtiyojmand qatlamlarining turmush darajasini yanada yaxshilashga yo‘naltirishga e’tibor qaratadi.
Budjet mablag‘lari, ayniqsa, ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larning maqsadli ravishda sarflanishi ustidan qat’iy nazorat kuchaytiriladi.
Zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish asosida xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovarlar va xizmatlar sifatini oshirish, tannarxini pasaytirish, shuningdek, ularning eksport imkoniyatlarini kengaytiruvchi va aholining xarid qobiliyatini oshirishga xizmat qiluvchi raqobat muhitini shakllantirish masalalariga e’tibor kuchaytiriladi.
Tijorat banklarining investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirishdagi ishtirokini yanada kengaytiriladi, xo‘jalik yurituvchi subyektlarni kreditlash tizimi soddalashtiriladi, makroiqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, foiz stavkalarini minimal darajada belgilash, muammoli qarzlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik va bank xizmatlari sifatini yaxshilash orqali ularning investitsiyaviy faolligi kuchaytiriladi.
Mahalliy xomashyo va materiallarni qayta ishlash korxonalarining ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega iste’mol tovarlari ishlab chiqarishini moliyaviy va iqtisodiy rag‘batlantiriladi, imtiyozli kreditlash samaradorligi oshiriladi.
Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda oilaviy tadbirkorlik va kasanachilik rag‘batlantiriladi.
Kichik korxonalarning yiriklashishini rag‘batlantiruvchi soliq siyosati yuritiladi, kichik korxonalarning yiriklashishi va yanada rivojlanishiga xizmat qiladigan soliq va imtiyozlar tizimi ishlab chiqiladi.
Nomzod qurilish tashkilotlarining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash, sohaga yangi texnologiyalarni joriy qilish, malakali mutaxassislarni yollashga imkoniyat beruvchi sharoitlar yaratish maqsadida soliq yukini kamaytirishni taklif qiladi.
Ketmonov ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlari o‘rtasida boqimandalik kayfiyatini bartaraf etishga qaratish, ularning mehnat va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tashabbuskorligini rag‘batlantirish lozim deb hisoblaydi.
Nafaqalar va moddiy yordam asosan, kam ta’minlangan oilalar, moddiy yordamga muhtoj keksalar va bolalarga yo‘naltiriladi.
O‘z biznesini tashkil etishga intiluvchi mehnatga layoqatli fuqarolarga imtiyozli kreditlar va foizsiz ssudalar ajratish amaliyoti yanada rivojlantiriladi.
Kam ta’minlangan oilalarga har oyda to‘lanadigan moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalarni, o‘z biznesini tashkil etishi uchun maqsadli foydalanish sharti bilan, tegishli davrda to‘lanadigan mablag‘lar summasini bir martalik to‘lov shakliga o‘tkazish mexanizmi joriy etiladi.
Ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar va xizmatlar narxini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazorati samaradorligini yanada oshirish orqali narxlar va tariflarning o‘sishi inflyatsiya darajasidan yuqori bo‘lmasligi ta’minlanadi.
Aholiga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar (gaz, elektr va issiqlik ta’minoti, kanalizatsiya, maishiy chiqindilar va h.k.) narxlari va tariflarini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlari takomillashtiriladi.
Nomzod ijtimoiy obyektlarda nogironlar uchun maxsus kirish yo‘lagi – panduslar hamda ularga moslashtirilgan piyodalar yo‘lakchalari bo‘lishini ta’minlash darkor, mavjud barcha bino va inshootlarni nogironlar kira olishlari nuqtayi nazaridan xatlovdan o‘tkazish, yo‘lakchalarni nogironlarga moslash bo‘yicha maxsus davlat dasturini qabul qilish lozim, deb hisoblaydi.
Bepul va imtiyozli to‘lovlar asosida faoliyat ko‘rsatadigan davlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘i kengaytiriladi.
Korxona va tashkilotlarning ehtiyojidan kelib chiqib, texnik va texnologik mutaxassisliklar bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga maqsadli qabul qilish masalasi rag‘batlantiriladi.
Pedagogik ma’lumotga ega, lekin bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgani bois vaqtincha ishlamaydigan ayollarning oilaviy maktabgacha ta’lim tarbiyachisi sifatidagi uy mehnatini tashkil etishning qonuniy asoslari yaratiladi.
Aholi, ayniqsa, olis qishloq hududlarida birlamchi tibbiy yordamdan qulay va tez foydalanish imkoniyatini ta’minlovchi qishloq vrachlik punktlari tarmog‘i kengaytiriladi.
Farmatsevtika korxonalari va dorixona muassasalari faoliyati hamda dori-darmon vositalari narxi ustidan davlat va jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi, dori vositalari reklamasi cheklanadi.
Aholiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida Yagona interfaol davlat xizmatlari portalidan erkin foydalanishni taqdim etuvchi punktlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladi.
Sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng tatbiq etiladi. Fuqarolarning sudga murojaat qilishi va sud hujjatlarini olishining elektron tizimi keng joriy qilinadi.
Nomzod tashqi siyosat borasida qo‘shni mamlakatlarga nisbatan ochiq va pragmatik siyosat yuritish, ular bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, Markaziy Osiyodagi transchegaraviy darolar suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni ilgari surish tarafdori.
Markaziy Osiyo mamlakatlari, dunyoning boshqa davlatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, odam savdosi va boshqa tahdidlarga qarshi kurash masalalari bo‘yicha hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish va kuchaytirish zarur deb hisoblaydi.