TOShKENT, 2 avg — Sputnik. O‘zbekistonning barcha tijorat banklari o‘zlarining 15 % ustav sarmoyasini sotish haqida xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar olib bormoqda, Markaziy bank xabariga asosan.
Bank mutaxassisi so‘zlariga qaraganda, bunday yo‘l bilan bank tizimini xususiylashtirishning keyingi bosqichiga qadam qo‘yiladi va ushbu qadam respublikadagi barcha banklarni qamrab olishi kerak.
“Chet el sarmoyalarini chorlash — bank tizimiga eng zamonaviy texnologiyalarni jalb qiladi. Bu esa o‘z navbatida bank xizmatlari sifatini va bank boshqarish darajasini yanada oshirish imkonini beradi”, — dedi mutaxassis.
Bank xodimining so‘zlariga qaraganda O‘zbekiston bank tizimi bugungi kunda iqtisodiyotning sarmoya uchun eng “qiziq” sektori bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston banklari kapitallarining doimiy o‘sib borishi dunyoda ro‘y berayotgan istisodiy qiyinchiliklarning milliy iqtisodga ta’sirini kamaytirdi. Oxirgi besh yil davomida banklarning umumiy mablag‘i 2,4 marotaba o‘sdi. Faqat o‘tgan yil hisobida o‘sish 23,3 foizni tashkil qildi. 2015-yil yakunlariga ko‘ra, banklarning kapitallashtirish darajasi 23,6 % ni tashkil qildi. Bu esa Bazel qo‘mitasi belgilaganidan uch baravar ko‘p.
Ayrim banklar o‘z aksiyalarini xorijiy birjalarda joylashtirishdi. Masalan uch o‘zbek banki bu borada Janubiy Koreya fond birjasi bilan hamkorlik qilmoqda.
“Xalqaro savdo maydonchalarining o‘z qoidalari bor. Qachon biz ularning barcha talablarini bajarsak, keyin ular bizga aksiyalarni sotuvga chiqarishga ruxsat beradi”, — deydi mutaxassis.
Hozircha ma’lum bo‘lgan xabarlarga qaraganda, Janubiy Koreya birjasida aksiyalarini chiqarish huquqiga ega bo‘lgan dastlabki banklar quyidagilar bo‘ladi: "Asaka bank", "QishloQ qurilish bank", "Agrobank", "Ipoteka bank", "Mikrokreditbank".
Ularning barchasining ustav kapitalida davlat ulushi bor. Prezident qaroriga ko‘ra ushbu ulushning 15% chet ellik sarmoyadorlarga sotilishi kerak.