TOShKENT, 30 sen — Sputnik. Dastavval Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining yig‘ilishlari o‘tkazilib, ularda quyi palata majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan edi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan mazkur qonun loyihasi aholining hojatmand toifalariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning umumiy talablari va asosiy yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek, ushbu sohada davlat va nodavlat tashkilotlarining rolini oshirish, ijtimoiy himoya sohasi tizimidagi asosiy tushunchalarni belgilashga qaratilgan.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning kompleks tizimi yaratilganligi ta’kidlandi. Shuningdek, bugungi kunda aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoni bir qator qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan ham tartibga solib kelinmoqda. Shu bilan birga, amaldagi qonun hujjatlarini tahlil qilish ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishini tashkil etishga tizimli yondashuv talab etilishini ko‘rsatdi. Ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Deputatlarning fikriga ko‘ra, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish monitoringini olib borish va baholash mexanizmlarining belgilab olinishi ijtimoiy himoya tizimining jamoatchilik nazorati uchun ochiq bo‘lishiga imkon beradi, fuqarolik jamiyati institutlarining yanada rivojlanishiga ko‘maklashadi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rolini oshiradi. Qonun loyihasida nazarda tutilgan idoralararo hamkorlik va ijtimoiy sheriklik mamlakatimizda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchilarning to‘liq ro‘yxatini tuzish uchun asos yaratadi.
Qonun loyihasini ko‘rib chiqish chog‘ida bir qator xorijiy mamlakatlarning aholi hojatmand qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi ilg‘or tajribasiga e’tibor qaratildi.
Qonun loyihasining asosiy qoidalari har tomonlama muhokamadan so‘ng ma’qullandi va deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildilar. Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasiga kelib tushgan takliflarni inobatga olgan holda qonun loyihasini keyingi o‘qishga tayyorlash topshirildi.