TOShKENT, 15 apr — Sputnik. Bahor kelib, baland cho‘qqili dovonlarda qorlar erishi bilan, qoidaga muvofiq, qo‘shni Afg‘onistondagi radikal islomiy guruhlar ham "g‘imirlab" qolishadi.
Terrorchilar bu yil Tojikiston chegarachilari kuchini sinashga botinadimi va Afg‘onistondagi ahvol qanday mavjud ssenariylar asosida rivojlanishi to‘g‘risida Sputnik materialida o‘qing.
Xavfsizlik doirasi tobora torayib bormoqda
Ekspertlar fikricha, o‘tgan yil davomida, ya’ni bo‘lib o‘tgan prezident saylovlaridan so‘ng Afg‘oniston rahbari – Ashraf G‘ani hukumatni shakllantira olmadi. Deyarli 12 provinsiyalarda gubernatorlar hamda shahar rahbarlari tayinlovsiz qoldi. 34 provinsiyadan 25tasida harbiy harakatlar olib borilmoqda.
Mamlakat Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Afg‘oniston hududida 50 mingga yaqin tolibonchilar jang olib bormoqda. Ammo, ilgarilari ular asosan janubiy provinsiyalarga ko‘proq hujum qilgan bo‘lsa, o‘tgan yilning yoz oylaridan boshlab, Tojikiston bilan chegaradosh – Qunduz shahrida o‘rnashib olgan.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikiston bilan Afg‘oniston chegarasining 40-50 kmga yaqin hududida birorta afg‘on chegarachisi yo‘q, sababi, belgilangan chegara qismi toliblar nazoratiga o‘tgan.
Parcha-parcha qilingan Afg‘onistonning yangi musibati esa – “Islom davlati”dir. Afg‘oniston davlati Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda mamlakatda mavjud “ID” jangarilari soni taxminan 5 ming nafarni tashkil qiladi. Amerikaliklarning so‘zlariga qaraganda esa, Afg‘onistondagi “Islom davlati” terrorchilari soni haqiqatda 3 mingdan ziyod bo‘lishi mumkin emas.
Regionni o‘rganuvchi ayrim tadqiqotchilar esa, Afg‘onistondagi jangarilar soni 7-8,5 ming nafarligini ta’kidlashmoqda. Gap bu yerda, Suriya yoki Iroqdan kelgan radikal islomiy guruhlar haqida emas, balki lagerni almashtirishga qaror qilgan toliblar, ya’ni afg‘onlar haqida bormoqda.
“ID” va toliblarni Rossiya Harbiy Kosmik Kuchlari yordamida bombardimon qilish kerak”
Afg‘onistondagi voqealar rivojini butun dunyo diqqat ila, butun Markaziy Osiyo regioni esa – hadik ila kuzatmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘oniston bilan chegarani mustahkamlamoqda, o‘z armiyalarining jangovor holatini takomillashtirmoqda.
Yaqinda Tojikistonda keng ko‘lamda Rossiya-Tojikiston harbiy o‘quv-mashg‘ulotlari, aniqrog‘i hozirda Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan ko‘psonli terrorchilik va ekstremistik harakatlari uchun namunaviy chiqishlar o‘tkazildi. Tojikistonda aprel oyida o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari ham xuddi shunday maqsadlarda o‘tkaziladi. Ammo bu safar bu mashg‘ulotlarda ODKBga a’zo barcha mamlakatlar ishtirok etadi.
Afg‘oniston hukumatining 2016-yildagi asosiy masalalari va mamlakatda voqealar rivoji qaysi ssenariy asosida rivojlanishi, Tojikistondagi vaziyat qanday tus olishi mumkinligi haqida ekspertlar fikr bildirishdi.
BMTning Afg‘onistonga ko‘mak berish missiyasi rahbari Nikolas Xeysomning so‘zlariga qaraganda, 2016-yilda Afg‘oniston oldida asosiy masala – “omon qolish” masalasidir. U bu haqda joriy yil 16-mart kuni BMT Xavfsizlik kengashida bayonot qilgan.
Uning so‘zlariga qaraganda, Afg‘oniston hukumati mamlakatdan xalqaro hamjamiyat chiqib ketishi qanday oqibatga olib kelishini ko‘ra bilmagan, iqtisodiy o‘sishga bo‘lgan umid va mineral resurslar ekspluatatsiyasi esa istalgan natijani bermadi.
"Ustiga-ustak, prognozchilar bu yil yozda qurg‘oqchilik ro‘y berishi xavfi mavjudligidan ogohlantirishgan. Bu esa, tabiiyki, hosildorlikka ta’sir ko‘rsatmay, qolmaydi. Mamlakatdagi ishsizlik esa tartibsizliklarni keltirib chiqarishi mumkin”, — dedi Xeysom.
Ekspert fikriga ko‘ra, tolibon bu yil tajovuzkorlikni susaytirishiga umid qilmasa ham bo‘ladi, aksincha, Qunduzdagi g‘alabadan ruhlangan jangarilar hujum qilishda davom etishi ta’kidlanmoqda.
Jangarilar harbiy harakatlar olib borilayotgan hududlarni kengaytirishga urinishi mumkinligi to‘g‘risidagi fikrga rossiyalik siyosatshunos, zamonaviy Afg‘onistonni o‘rganish markazi eksperti Dmitriy Verxoturov ham qo‘shilmoqda.
"Mening fikrimcha, eng to‘g‘ri ssenariy quyidagicha: tolibon harbiy harakatlar olib boriladigan hududlarni kengaytirishga harakat qiladi, ular bu ishni Tojikiston-Afg‘oniston chegarasini buzib o‘tish orqali bo‘lsa ham, amalga oshirishga urinadi, ammo katta yo‘qotishlarga duch kelib, tamomila yo‘q qilib tashlanish haqidagi po‘pisadan keyingina ortga chekinishga majbur bo‘ladilar”, — deya taxmin qildi siyosatshunos.
Siyosatshunosning so‘zlariga qaraganda, yaqinda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Tojikiston harbiy mashg‘ulotlarida Rossiya Harbiy Kosmik Kuchlarining quruqlikdagi kuchlarni qo‘llab-quvvatlash taktikasi mashq qilingan. Bunda Tu-22M3 bombardimonchilari va Su-25SM hujumchi samolyotlari qatnashgan. “Strateglar” tomonidan Pomir g‘orlariga 500 kilogramm kalibrli aviabombalar uloqtirilgan.
"Xullas, agar jangarilar Tojikistonga bosh suqadigan bo‘lishsa, ularning boshiga Suriyadagi inilari kuni tushishi mumkin: ya’ni, ular havodan beriladigan zarbalar ostida qolib ketishadi” – deydi Verxoturov.
“Shu ma’noda, — deydi siyosatshunos. – eng avvalo “Islom davlati” terrorchilari bo‘ylab zarba berish haqida Afg‘oniston hukumati bilan kelishib olish foydadan holi bo‘lmasdi. Chunki, bu Afg‘oniston hukumatiga tinchlik o‘rnatish borasida katta yordam bergan bo‘lar edi”, — deydi u ishonch bilan.
Toliblar hujumga o‘tmasligi mumkin, ammo “Islom davlati”ni Qobul jilovda tutolmaydi.
Siyosiy fanlar doktori, Rossiya-Tojikiston universiteti kafedra boshlig‘i Hamid Saidov esa Afg‘oniston shimolida joriy yilda voqealar o‘ta keskin tusda rivojlanishini ta’kidlamoqda.
“So‘nggi uch oy davomida ro‘y berayotgan voqealar, buning yaqqol isbotidir, deydi o‘z vaqtida Afg‘onistonda sobiq Ittifoq Bosh Harbiy maslahatchisi apparatida xizmat qilgan ekspert.
"Men Bog‘lon, Qunduz, Foriab va Balx provinsiyalarida ro‘y bergan hodisalarni nazarda tutapman. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu provinsiyalardagi 20maga yaqin shaharlarda hukumat doimiy tarzda o‘zgarib turadi, rahbarlik goh toliblar, goh hukumat kuchlari qo‘liga o‘tadi. Shu munosabat bilan toliblar mahalliy hukumatga qarshi qaratilgan tashviqot ishlarini kuchaytirgan. Natija o‘ta qayg‘uli – Afg‘oniston qurolli kuchlari saflarida, shuningdek politsiyada ommaviy dezertirlik ketmoqda”, — deya alohida ta’kidladi u.
Saidovning fikricha, afg‘on harbiylari hozircha mamlakat shimoliga ta’sir o‘tkaza oladi, Tojikiston uchun esa bu muhim.
"Shunday bo‘lsada, Tojikiston muhofazani kuchaytirishi va ushbu hududni qattiqroq nazoratga olishi kerak. Xamadoniy, Parxar, Panj tumanlarida yashovchi aholi narigi tomonda muntazam ravishda otishma ovozlari eshitilib turishini ta’kidlashmoqda”, — deya ta’kidladi ekspert.
Ammo Tojikiston siyosatshunoslar Assotsiatsiyasi raisi Abdug‘ani Mamadazimoning fikriga ko‘ra, Afg‘oniston tomondan “bahoriy qo‘zg‘alish” bo‘lishi mumkin emas. Tojikistonning havotirlanishiga asos yo‘q, deb aytdi u.
“2004 yildan buyon, ya’ni Tojikistondan Rossiya harbiy askarlari olib chiqib ketilgandan buyon bizni “Tolibon”ning keskin hujumi haqida ogohlantirib kelishadi, shu bois, xavfsirashga hojat yo‘q, — deydi ishonch bilan Mamadazimov.
Ekspertning fikricha, tolibon emas, “Islom davlati” terrorchilik uyushmasidan ko‘proq havotirlangan ma’qul. “Xalifat”(qora bayroq” mafkurasi bilan qurollanib olgan “ID” musulmonlar yashaydigan davlatlar o‘rtasidagi chegarani tan olmaydi, shu bois, bir chegaradan ikkinchisiga osonlikcha o‘taveradi”, deydi siyosatshunos.
Mamadazimovning so‘zlariga qaraganda, mana shu yerda Afg‘oniston haqiqatda bor imkon bilan beriladigan yordam va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj.
“Yana bitta yov ustidan Qobul aniq g‘alaba qozona olmaydi”, deydi ekspert.
Maydonda o‘yinni kim boshqaradi?
Bugungi kunda “afg‘on maydonida” o‘yinchilar ko‘p. Harbiy mojaroda ishtirok etish niyatida bo‘lgan, yoinki, urushni to‘xtatish uchun bel bog‘lagan guruhlarga boshliq bo‘lmoqchi bo‘lganlar ham ancha.
AQSh, Xitoy, Afg‘oniston va Pokiston+ “Tolibon”, ya’ni “4+1” muzokara guruhi keng ko‘lamda harakatlar olib bormoqda. Ammo ekspertlar fikricha, bu guruh faoliyati samara bermadi. Shuningdek, Xitoy-Pokiston-Afg‘oniston-Tojikiston alyansi hamda Hindiston, Xitoy, Rossiya, AQSh, Eron, Pokiston va Afg‘oniston(“6+1”) tarkibida yangi ishchi guruhini tashkil qilish rejalashtirilmoqda.
"Kutilgan natijani bermagan “4+1” formatining o‘rnini Xitoy-Iroq-Afg‘oniston-Tojikiston tomonidan tuzilayotgan alyans bosishi mumkin, — deb hisoblayli O‘rta Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Aleksandr Knyazev. — Ushbu alyansni boshqarishga Xitoy da’vogarlik qilmoqda. Pekin hukumati Afg‘on yo‘nalishi hamda unga qo‘shni bo‘lgan mamlakatlarda o‘z siyosatini tobora izchillik bilan olib bormoqda".
Ekspertning so‘zlariga qaraganda, 2014-yildayoq vaziyatga ma’lum ma’noda ta’sir ko‘rsatishga urinish amalga oshirilgan. "O‘shanda Xitoy, Tojikiston va Afg‘oniston Badaxshon provinsiyasida chegarani hamkorlikda nazorat qilish borasida uch tomonlama kelishuv imzolashgan edi. Ya’ni, Afg‘oniston shimolida Xitoydan Eronga eltuvchi yo‘l qurilishini ta’minlash uchun".
Ammo shu paytning o‘zida Afg‘oniston shimoli-g‘arbida va Badaxshon Qunduzida boshlangan terrorchilik guruhlarining faollashuvi bu qurilishni boshlashga yo‘l qo‘ymadi.
Knyazevning fikricha, siyosiy o‘yin ishtirokchilari Xitoy regionda jadallik bilan o‘z xavfsizlik tizimini yaratishga urinayotganini hisobga olishlari lozim. Xitoyning o‘zi ham tarkibida mavjud "6+1"(Xitoy, Hindiston Rossiya, AQSh, Eron, Pokiston va Afg‘oniston) ishchi guruhining tuzilishiga qarshilik ko‘rsatayotgani ham o‘yinchilar e’tiborida bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi ekspert.
Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, ushbu holatda Rossiya o‘z pozitsiyasini kuchaytirmog‘i lozim. Ammo qay tarzda?
Ekspertlarning aytishicha, afg‘onlar Rossiyaning Suriyada erishgan yutuqlaridan qoyil qolgan. “3,5 oy ichida Rossiya mojaro o‘chog‘iga aylangan regionda urushni deyarli to‘xtatdi. "Bashar Asadni taxtdan ag‘darishni o‘z oldiga maqsad qilib olganlar bitta stol atrofida o‘tirib, muzokara olib borishlariga yarim yil oldin hech kim ishonmagan edi”, deb aytmoqda afg‘on parlamentidagilar.
Ammo Abdug‘ani Mamadazimovning fikricha, Rossiya Afg‘onistonda Suriyada o‘tkazagan harbiy-havo operatsiyasini takrorlay olmaydi.
Chunki bu yerdagi reallik shuni taqazo qiladi.