TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Afg‘oniston shimolidagi Qunduz shahri "Tolibon" jangarilari qo‘liga o‘tdi, RIA Novosti Assoshieyted Press xabari asosida.
Afg‘oniston IIV vakili Sedik Sedikki xabariga ko‘ra, hukumat harbiylari tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lmasligi uchun, Qunduzni tashlab chiqib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, Qunduz shahri Afg‘onistonning shimolida, Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgan Qunduz viloyatining poytaxtidir. Harbiy va taktik jihatdan Qunduz juda muhim, u yerda harbiy aeroport joylashgan.
"Tolibon" hujumi dushanba kuni ertalab boshlangan. Yuzlab jangarilar bir necha guruhlarga bo‘linib shaharga kirib kelishgan. Jangarilar avval shahar qamoqxonasini egallab olib u yerdagi jinoyatchilarni ozod qilgan. Undan tashqari jangarilar ma’muriy binolarini, BMT idorasini, shifoxona va boshqa davlat idoralarini egallab olishgan. Guvohlarning aytishicha ular bir necha xususiy banklarni ham egallab olishgan va shahar radiostansiyasini yoqib yuborishgan.
Hujum natijasida qurbon bo‘lganlar soni aniq emas, dastlabki xabarlarga qaraganda hujum natijasida 20 dan ortiq kishi qurbon bo‘ldi va 100ga yaqin jarohatlandi.
“Tolibon” jangarilari shu yilning Aprel oyining oxiridan boshlab faollik ko‘rsata boshladi. O‘shanda ular Qunduz shahrini o‘rab olishgandi. Hukumat xabariga qaraganda, “Tolibon” bilan yonma-yon “Islom davlati” tarafdorlari ham jang qilmoqda.
Afg‘onistonda NATOning xalqaro missiyasi (ISAF) tugagandan keyingi davr ichida bu birinchi yirik hujum.