TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Sputnik Arabiston axborot agentligi “Islom davlati”ga tegishli bo‘lgan kimoviy qurollar saqlanadigan omborxonadan eksklyuziv kadrlar olishga muvaffaq bo‘ldi. Terrorchilar kimoviy qurollardan mamlakat mudofaa kuchlari va tinch aholiga qarshi qo‘llaganlar, deb xabar qiladi Sputnik Tojikiston.
Iroqning Anbar provinsiyasi ko‘ngilli jangchilari ilgari “ID” terrorchilari nazoratida bo‘lgan Ar-Riyod shahrida kimoviy qurollar mavjud ikkita omborxonani aniqladilar.
Taqdim etilgan videolavhada, ko‘ngilli jangchilar orasidagi zobitlardan biri xavfli modda bilan to‘ldirilgan kanistraga ishora qilib, suyuqlik haqida ma’lumot berar ekan, terrorchilar hujumlarda undan qay tarzda foydalanganliklari haqida gapiradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu modda inson terisiga tushganda, kuchli kuyishlarni vujudga keltiradi, purkalganda esa, odamning nafas olish va ovqat hazm qilish organlariga katta ziyon yetkazishi mumkin.
"Bu kimoviy moddadan “Islom davlati” jangarilari foydalangan. Ular ushbu modda bilan o‘z mina va raketalarini o‘qlab, mudofaa kuchlari hamda tinch aholiga nisbatan qo‘llaganlar. Kimoviy modda, hatto, inson tanasiga tegmagan taqdirda, misol uchun, havoga purkalaganda nafas oldirmay qo‘yishi mumkin”, — deb izoh beradi videoda zobit.
Iroq xavfsizlik organlaridagi mansabdor shaxslardan biri, mamlakat Harbiy kuchlarining 16-diviziyasi barcha kimoviy moddalarni xavfsiz joyga olib o‘tganligi haqida xabar qildi. Manbaning ta’kidlashiga qaraganda, aksarlar omborxona atrofini minalardan tozalashga majbur bo‘lganlar, sababi, unga olib boradigan yo‘l terrorchilar tomonidan to‘liq minalashtirib tashlangan ekan. Omborxona atrofidagi tumanlar ham to‘liq evakuatsiya qilingan va 16-diviziya tomonidan o‘rab olingan.
2016-yil 11-fevral kuni Iroqning chekka qishloqlaridan biri — Sinjarda “ID” jangarilari ushbu moddani qurd Peshmarga jangchilariga qarshi qo‘llaganlar. Natijada, 23 kishi har xil og‘irlikdagi kuyishlarni olgan. Ularda, shuningdek, nafas olish yo‘llari zaharlanishi ham qayd etilgan.