TOShKENT, 5 mar — Sputnik. Tolibon harakati yetakchilari Afg‘oniston hukumatidan o‘z nomini terrorchilar ro‘yxatidan o‘chirishni hamda “chet el okkupatsiyasi”ga nuqta qo‘yishni talab qilmoqda, RIA Novosti xabariga ko‘ra.
"Biz o‘z nuqtayi-nazarimizni yana bir marta takrorlab o‘tmoqchimiz. Toki, chet el harbiylari tomonidan amalga oshirilayotgan okkupatsiyaga chek qo‘yilmas ekan, toki toliblar ismi xalqaro “qora ro‘yxat”dan o‘chirilmas ekan, va hibsga olingan a’zolarimiz ozodlikka chiqarilmas ekan — muzokaralar hech qanday natija keltirmaydi”, deyiladi toliblar tomonidan yo‘llangan arizada.
Bundan sal oldin Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” vakillari o‘rtasida tinchlik o‘rnatish borasida muzokaralar o‘tkazilishi haqida xabar berilgan edi. Tomonlar o‘rtasidagi birinchi raund muzokaralari mart oyining birinchi yarmida Islomobodda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.
Afg‘onistondagi ahvol so‘nggi vaqtlarda sezilarli darajada yomonlashdi. Avvaliga kichik tuman va qishloqlarni egallab olgan toliblar, so‘nggi paytlarda yirik shaharlarni bosib ola boshladi. Shuningdek, mamlakat hududida “Islom davlati” terrorchilik uyushmasi ta’siri ham ortib bormoqda.