TOShKENT, 14 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigi yo‘lladi. Tabrik matni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rasmiy saytida taqdim etilgan.
Qadrli yurtdoshlar!
Shu kunlarda butun xalqimiz mamlakatimiz hayotidagi buyuk tarixiy sanani bayram qilmoqda. Ya’ni, Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi yurtimizda keng nishonlanmoqda.
Ana shu qutlug‘ ayyom bilan o‘z hayotini Vatanni himoya qilishdek eng ulug‘ va olijanob ishga bag‘ishlagan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Bugun, mana shu shonli bayram kunida buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasiga barchamiz yana bir bor hurmat bajo keltiramiz. O‘tgan 25-yil davomida Qurolli Kuchlarimizni barpo etish yo‘lida qo‘lga kiritgan beqiyos yutuqlarimiz aziz Yurtboshimizning nomi bilan chambarchas bog‘liq ekanini chuqur minnatdorchilik bilan esga olamiz.
Birinchi Prezidentimiz o‘sha og‘ir yillarda "O‘zining buyuk tarixi va ajdodlariga munosib voris bo‘lgan xalqimiz mamlakat xavfsizligini ta’minlashga qodir armiyani yarata oladi", deb katta ishonch bilan aytgan edilar.
Bugungi kunda ana shu ulkan ishonchga har tomonlama loyiq bo‘lgan Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganini barchamiz ko‘rib turibmiz.
Haqiqatan ham, tarixan qisqa muddatda mamlakatimiz mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, chegaralarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiya barpo etildi, deb g‘urur va iftixor bilan aytishga bugun barcha asoslarimiz bor.
Sobiq Ittifoq hududida turli qurolli to‘qnashuv va qarama-qarshiliklar yuz berayotgan g‘oyat murakkab sharoitda O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga asos solingani, hech mubolag‘asiz aytish mumkin, yosh davlatimizni qurish jarayonida hal etilgan buyuk vazifalardan biri bo‘ldi. Aynan milliy armiyamiz mamlakatimizda erkin, ozod va farovon hayot bunyod etish, demokratik islohotlarni samarali amalga oshirish yo‘lida ishonchli kafolat, tog‘dek tayanch bo‘lib kelmoqda.
O‘tgan chorak asr davomida ana shu strategiya asosida, Milliy xavfsizlik konsepsiyasi va Mudofaa doktrinasi doirasida ko‘p ishlar qilindi. Yuz berishi mumkin bo‘lgan harbiy harakatlar teatri va uning real xususiyatlari, ilg‘or xorijiy tajribalar har tomonlama hisobga olindi. Shu asosda ixcham, yaxshi ta’minlangan, yuksak jangovar ruhga ega bo‘lgan milliy armiyamiz barpo etildi.
Qisqa muddatda harbiy okruglar, chegara mintaqalari, shuningdek, jangovar qobiliyatga ega qo‘shin guruhlari, birinchi navbatda, murakkab jangovar operatsiyalarni amalga oshirishga qodir bo‘lgan Ichki vazifalar korpusi va Maxsus operatsiyalar bo‘yicha kuchlar tashkil etildi.
Bugungi kunda harbiy boshqaruvning samarali tizimi shakllantirildi. Qurolli Kuchlar tarkibida turli qo‘shinlarning o‘zaro muvofiq holda va hamkorlikda harakat qilishini ta’minlaydigan mexanizmlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Harbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimi prinsipial jihatdan mutlaqo yangi asosga o‘tkazildi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida mahalliy ofitser kadrlar yurtimizdagi harbiy xizmatchilar umumiy sonining — shunga e’tibor bering — atigi 0,6 foizini tashkil etardi. Ofitserlarni tayyorlash esa uchta harbiy bilim yurtida va bor-yo‘g‘i uchta harbiy mutaxassislik bo‘yicha olib borilar edi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida qo‘shimcha ravishda yangi, zamonaviy uchta harbiy ta’lim muassasasi tashkil etildi, kursantlarni o‘qitish tizimi esa ko‘p tarmoqli asosda yo‘lga qo‘yildi.
Yuqori bo‘g‘in qo‘mondonlik ofitserlarini tayyorlash hamda mudofaa qurilishi sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish bo‘yicha eng zarur vazifalar samarali hal etilmoqda. Bu borada ayniqsa 1995-yilda tashkil etilgan Qurolli Kuchlar akademiyasi g‘oyat muhim o‘rin egallab kelmoqda.
Qadrli do‘stlar!
Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tizimini isloh qilish bo‘yicha ham ulkan ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida jamiyatimizning armiyaga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgardi.
Milliy armiyamiz tashkil etilgan dastlabki yillarda harbiy qismlarni yosh askarlar bilan to‘ldirishda jiddiy muammolar mavjud edi. Sobiq sho‘ro tuzumida armiyada xizmat qilgan katta avlod vakillari yaxshi biladi, o‘sha paytda harbiy xizmatni o‘tash, ayniqsa, O‘zbekiston yoshlari uchun og‘ir tashvish va mashaqqat edi. Chunki, yurtimiz yoshlari asosan qurilish batalonlariga qora ishchi sifatida yuborilardi.
Harbiy qismlardagi nosog‘lom ma’naviy-ruhiy muhit, ustav qoidalariga zid bo‘lgan munosabatlar tufayli qancha-qancha navqiron yigitlar, ota-onalar jabr chekkani — bular hammasi haqiqat.
Yangi milliy armiyani yaratishda bunday salbiy illatlarga mutlaqo chek qo‘yish kerak edi. Shu maqsadda bir necha yillar davomida izchil ish olib borildi. Jumladan, muddatli harbiy xizmat bir yil etib belgilandi, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy-maishiy sharoitlari, oziq-ovqat ta’minoti tubdan yaxshilandi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tab, rezervga bo‘shatilgan yoshlarning ishga joylashishi va oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishi bilan bog‘liq imtiyozlar tizimi belgilandi. Bularning barchasi harbiy jamoalarda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhit shakllanib, yoshlar o‘rtasida harbiy xizmatning nufuzi keskin oshishida muhim omil bo‘ldi.
Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida fuqarolarning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o‘tashini nazarda tutadigan o‘ziga xos noyob tizim yaratildi. Bu tizimda yoshlar nafaqat zarur harbiy tayyorgarlikdan o‘tadi, balki jismoniy va ma’naviy jihatdan chiniqadi. Ular o‘zlarining fuqarolik mas’uliyati, Vatan himoyachisi sifatidagi muqaddas yigitlik burchini chuqur anglab, o‘z yurtiga fidoyi inson bo‘lib yetishadi.
Hozirgi kunda onalar o‘z farzandlarini armiyaga ko‘zda yosh, yurakda xavotir bilan emas, balki mening o‘g‘lim haqiqiy Vatan himoyachisi bo‘ladi, deb, yuksak ishonch va faxr tuyg‘usi bilan kuzatmoqda.
Onalar ko‘nglidagi rozilik — bu butun xalqimiz qalbidagi rozilik ifodasi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.
Hurmatli yurtdoshlar!
Milliy armiyamiz rivojlanib borishi bilan uni qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash bo‘yicha ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qo‘shinlar zamonaviy va modernizatsiya qilingan o‘q otar va og‘ir qurollar, vertolotlar, samolyotlar, havo hujumidan mudofaa vositalari, avtomobil va bronetexnikalar, aloqa vositalari bilan ta’minlanmoqda.
Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, harbiy shaharchalarda zamon talablariga javob beradigan ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda kompleks dasturlar amalga oshirilmoqda. Ana shu dasturlar doirasida 15 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar oilasi uy-joy bilan ta’minlangani, ayniqsa, e’tiborlidir.
Mustaqillik yillarida Qurolli Kuchlar ustidan fuqarolik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha samarali mexanizm ishlab chiqildi. Bu mexanizm milliy armiya faoliyatida ochiqlikni ta’minlashda katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, harbiy qurilish sohasidagi siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish, harbiy xizmatchilar va chaqiruv yoshidagi farzandlarimizni tarbiyalashga fuqarolik institutlari va jamoat tashkilotlarini keng jalb etishda muhim rol o‘ynamoqda. Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha Oliy Majlis palatalari qo‘mitalari, Mudofaa vazirligi huzurida 2012-yilda tashkil etilgan Jamoatchilik kengashi bugungi kunda Qurolli Kuchlar bilan faol hamkorlik olib bormoqda.
Bularning barchasi milliy armiyamizni xalqimizga, xalqimizni milliy armiyamizga yanada yaqinlashtirishdek g‘oyat muhim maqsadga xizmat qilmoqda.
Fursatdan foydalanib, Qurolli Kuchlarimizni barpo etish, uning jangovar qudratini oshirish yo‘lida fidokorona mehnat qilgan harbiylarimizga, shu ezgu ishga hissa qo‘shgan barcha yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Muhtaram do‘stlar!
Hozirgi vaqtda jahonda va mintaqamizda harbiy-siyosiy vaziyat keskin o‘zgarib, milliy va global xavfsizlik sohasida xatar va tahdidlar tobora kuchayib bormoqda. Ana shunday o‘ta mas’uliyatli vaziyat va hayotning o‘zi erishgan barcha yutuqlarimizni, shu bilan birga, yo‘l qo‘ygan kamchiliklarimizni chuqur va tanqidiy tahlil qilishni barchamizdan talab etmoqda. Shu asosda milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va takomillashtirish borasida puxta o‘ylangan va izchil harakatlarni davom ettirishimiz darkor.
Biz milliy xavfsizlikni ta’minlashda strategik rejalashtirish bo‘yicha aniq davlat tizimini barpo etishga obyektiv zarurat sifatida ehtiyoj sezmoqdamiz.
Ushbu tizimda doimo yangilanib boradigan Milliy xavfsizlik konsepsiyasi markaziy o‘rinni egallashi shart. Mazkur konsepsiyada O‘zbekiston tashqi siyosatiga xos moslashuvchanlik va ochiqlik tamoyillari, bizning yaqin qo‘shnilarimiz bilan konstruktiv munosabatlarni rivojlantirish ustuvor vazifa ekani aks ettirilishi darkor. Ayni vaqtda Vatanimiz mustaqilligi va suvereniteti, xalqimizni madaniy-tarixiy o‘ziga xosligini asrash bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar belgilab berilishi kerak.
Shu munosabat bilan muhim bir yondashuvni yana bir bor ta’kidlashni o‘rinli, deb bilaman: hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning harbiy baza va obyektlarini joylashtirishga yo‘l qo‘ymaslik, harbiy xizmatchilarimizning xorijdagi tinchlikparvarlik operatsiyalarida ishtirok etmaslik siyosatiga sodiq qolish bundan buyon ham mamlakatimizning prinsipial pozitsiyasi bo‘lib qoladi.