Mirziyoyev O‘zbekistonning o‘z harbiy sanoat majmuasini yaratishni taklif qildi

© Sputnik / Valeriy MelnikovTank T-90
Tank T-90 - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Davlat rahbari mazkur taklifni Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi munosabati bilan harbiylarga yo‘llagan tabrigida bildirdi

TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda harbiy sanoat majmuasini barpo etish vaqti kelganligini aytdi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.

Davlat rahbari mazkur taklifni Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi munosabati bilan harbiylarga yo‘llagan tabrigida bildirdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, harbiy ahamiyatga ega mahsulotlar sotib olish, mavjud texnika vositalarini ta’mirlash va modernizatsiya qilish, bu boradagi ishlarni maqsadli moliyalashtirish bo‘yicha aniq tadbirlar ko‘zda tutilgan 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan kompleks dastur ishlab chiqilishi darkor.

O‘zbekiston harbiy xizmatchisi - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbek armiyasiga chaqiruv yangi qoidalar asosida o‘tadi

"Mamlakatimizda harbiy sanoat majmuasini barpo etish vaqti keldi, deb hisoblayman. Shu nuqtayi nazardan, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A. J. Ramatov boshchiligida mudofaa sanoati sohasida yagona siyosatni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan tegishli davlat organini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish kerak. Uning tarkibiga Mudofaa vazirligining ta’mirlash bo‘yicha barcha korxonalarini, shuningdek, Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodi hamda o‘q-dori tayyorlaydigan "Vostok" ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini o‘tkazish zarur", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning fikricha, kelgusida ana shu korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish bilan birga, ilmiy-ishlab chiqarish bazasini yaratish, servis markazlari va qo‘shma korxonalar tashkil etishga, shuningdek, mamlakatning yetakchi korxonalarida harbiy ahamiyatga ega bo‘lgan ayrim turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga alohida e’tibor qaratilishi lozim.

Yangiliklar lentasi
0