"Olmasangiz, tegmang": sotuvchi madaniyati va uning xizmat ko‘rsatish uslubi haqida

...Qo‘lida zamonaviy telefon, butun vujudi bilan unga mahliyo bo‘lib,  mijoz kirib kelganini ko‘rmaydi, yoki unga o‘zi sotayotgan tovar haqida ma’lumot berishga erinadi - bugun O‘zbekiston bozorlarida shunday kartina allaqachon tabiiy holga aylangan
Sputnik

TOShKENT, 3 okt - Sputnik. Bugun xaridorning talabi va istagidan kelib chiqib, mol xarid qilishi uchun bozorda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotlardan tashqari, chet eldan kirib kelayotgan mollargacha xaridor o‘z xohishi va hamoni imkoniga qarab xarid qilishi mumkin. Shuningdek, e’tibor bersak, axborot asrida xaridorlarning ham dunyoqarashi, madaniyati bir muncha shakllangan.

O‘zbekiston go‘sht bozorida inqirozni kutish kerakmi? Ekspert fikri

Shu bois sotuvchilar mol sotayotganda undan faqat moddiy manafaat ko‘zlash emas, balki har bir xaridorning ko‘ngliga yo‘l topa bilishi, didi, cho‘ntagi, xohish istagiga qarab ularga mos bo‘lgan tovarni taklif qila olishi kerak. Buning uchun esa sotuvchi o‘zi sotayotgan tovarlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishi, muomala madaniyati risolada, kerak bo‘lsa mijozning kayfiyati bilan hisoblashishga majbur. Zotan, azaldan savdo xodimlari orasida yuritiladigan"Mijoz har doim haq" iborasi ham bejizga emas.

Xo‘sh, bugun O‘zbekiston bozorlarida faoliyat yuritayotgan sotuvchilarni  yuqoridagi talablarga yuz foiz  javob bera olishadi deb ayta olamizmi? Afsuski, bunday sotuvchilar barmoq bilan sanarli. Ayniqsa, chet ellik mehmonlar talabi va madaniyatidan kelib chiqib fikrlasak, bugun bozorda faoliyat yuritayotgan aksariyat sotuvchilarning mijozga xizmat ko‘rsatish uslubi, ularning qiladigan qo‘rs muomalasi O‘zbekiston imiji va xalqining madaniyati borasida ijobiy taassurot uyg‘otishiga shubha bor. Bunday xulosaga kelish uchun esa istalgan bozorga tushib, kuzatuv va surishtiruv olib borishning o‘zi yetarli.

Bozordagi raqqosa, timsohlardan qo‘rqmagan oq turna – hafta surati

"Nima kerak edi?", "Nima qidirapsiz?"

Xoynahoy, sarlavhadanoq, gap nimadaligini tushundingiz... Xuddi shunday! Sababi, bugun xaridor savdo do‘konlarini shunchaki aylanib, rastalar oldidan erkin o‘tolmay qoldi, sotuvchi kutilmaganda uning yo‘lini to‘sib, "Nima kerak edi?", "Nima qidirvos?", kabi savollarga tutib, bozorga nima uchun kelganini ham unuttirayozadi. Axir, bozor o‘z nomi bilan bozor, unda sotilayotgan tovarlar mo‘l-ko‘l, xaridor o‘ziga kerak bo‘lgan molni o‘zi topib oladi. Modomiki, unga kerakli mol sotuvchi do‘konida bo‘lmasa, xaridor qimmatli vaqtini sarflab, sotuvchiga nima qidirayotgani haqida ma’lumot berishga majburmikan?  Nahotki, sotuvchilarda xaridor bozor eshigidan kirishi bilanoq o‘ziga kerakli bo‘lgan savdo rastasiga keladi, degan sayoz tushuncha shakllangan bo‘lsa? Bir kunda bozorga tushishi mumkin bo‘lgan minglab xaridorni olsak, ular turli xarakterga ega bo‘lishi, kayfiyati ko‘tarinki yoki tushkun bo‘lishi, ehtimol, shunchaki vaqt o‘tkazish yoki sayr qilish uchun ham bozorga kelgan bo‘lishi mumkinku? Yana shunday sotuvchilar borki, ular sizning didingiz bilan hisoblashib o‘tirmaydi, "falon narsani qidirayotgandim, ammo sizning do‘koningizda yo‘q ekan" deya ulardan qutilib ketolmaysiz. Kayfiyatingiz yo‘q bo‘lgan holatlarda esa tabiiyki, sotuvchilarning bunday yopishib olishi g‘ashingizga tegadi, "Hoy, baraka topgur, shu yerdan o‘tsak maylimi?!" deb yuborging keladi ba’zida.

Maktab bozorida nima gaplar? Maxsus reportaj

"Qayerniki, bilmayman"

Bozorda o‘zingizga yoqadigan tovarni ushlab ko‘rib, uning qayerda ishlab chiqarilganligi, originalmi yoki oddiy o‘xshatma tovar, undan qanday foydalanish mumkinligi haqida bilmoqchi bo‘lasiz. Ammo ushbu holatda sotuvchi ensasi qotib, sizga "Bilmayman" yoki "Olmasangiz ushlab tashlamang", "Olasizmi o‘zi", deya qistalang-qo‘rs muomala qiladi. Bunday sotuvchilarni ko‘rib, ularning bozorda nima maqsadda o‘tirganliklariga tushunolmaysan kishi.

Qo‘lida esa zamonaviy telefon, butun vujudi bilan unga mahliyo bo‘lib,  mijoz kirib kelganini ko‘rmaydi, yoki unga o‘zi sotayotgan tovar haqida ma’lumot berishga erinadi. Ularning o‘zi uchun qurol qilib olgan, xaridorlarga qiladigan jangovorona xitoblaridan biri esa mana bunday, "Oling!" "Olasizmi o‘zi, cho‘ntagingizda pulingiz bormi?"...  Nahotki sotuvchi xaridorga mana shunday takabburona muomala qilishga haqli bo‘lsa?  Xaridorning puli bormi yo‘qmi, sotuvchi jamoat joyida bu haqda hammaga eshittirishi, xaridorni ranjitishi o‘rinlimikan? Umuman, bunday qo‘pol muomala mijoz kayfiyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini sotuvchi nahot o‘ylamaydi?

Aslida sotuvchi o‘zi sotayotgan moli haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lsa,  xaridorga molning bor xususiyatlari haqida to‘liq ma’lumot berib, kerak bo‘lsa xushmuomalalik bilan uning kayfiyatini ko‘tarsa, (agar buni eplay olsa) u bundan nafaqat moddiy foyda ko‘radi, balki mijozlarining sonini yana bittaga ko‘paytirib ham oladi, shunday emasmi? Ammo negadir sotuvchilarda bu borada mahorat yetishmaydimi, yoki xarakteridagi manmanlikmi sababmi, ular bugun xaridorlarning ko‘rinishi, yoki ust-boshiga qarab muomala qilishga odatlanishgandek... 

O‘zbekiston iste’molchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Mamatqulov yuqoridagi savollar yuzasidan o‘z fikrlarini bayon qildi.

“Iste’molchi sotib olmoqchi bo‘lgan tovari haqida ma’lumot olishga haqli”

—   Sotuvchilarning xaridorlarga savdo xizmatlarini ko‘rsatishi borasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy qonun hujjati bu 1996-yilning 26-aprelida qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bor. Mazkur qonunning 9-moddasi, 2003-yilning 13-fevralidagi 75-sonli qarori bilan  “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari” qonuni tasdiqlagan.

Yuqoridagi qonunning 4-moddasiga ko‘ra iste’molchi o‘zi sotib olmoqchi bo‘lgan tovarlar haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish huquqiga ega. Iste’molchi oldi-sotdi jarayonida mazkur tovar, uning iste’mol xususiyatlari haqida qanday savollarni bermasin, sotuvchi unga bu borada to‘g‘ri va to‘liq javobni berishi, qonunning 8-moddasiga ko‘ra, tovarni ishlatib ko‘rsatishi, undan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatishi lozim.

Qozog‘iston bozorlarida dumba va yerqalampirga talab keskin oshdi

Agar rastdagi tovarlarga tegishli tartibda rasmiylashtirilgan narxnomalar qo‘yilgan bo‘lsa va xaridor ushbu tovarni sotib olmoqchi bo‘lsa, sotuvchi bu tovarni sotishga o‘zi tomonidan to‘liq rozilik berganligini ko‘rsatadi. Demak, xaridor biror bir savdo do‘koniga kirib, uning rastaga qo‘yilgan tovarlarni sotib olsa ham olmasa ham mazkur tovarlar, ularning iste’mol xususiyatlari haqida so‘rab-surishtirishga haqi bor. Sotuvchilar esa ushbu holatda bosiqlik bilan tegishli ma’lumotlarni taqdim etishlari lozim.

Bundan tashqari tovarning narxnomasi qanchalik to‘liq to‘ldirilgan bo‘lsa,   xaridor tomonidan sotuvchiga beriladigan aniqlashtiruvchi savollar shuncha  kamroq bo‘ladi. Oddiy misol. Rastaga shakar qo‘yilgan va unga 5000 so‘m degan suqma narx yozuvi qo‘yilgan. Endi ayting, iste’molchi ushbu holatda, beixtiyor, bu nima, shakarmi, narx ushbu shakarning bir kilosi narximi, u qayerda ishlab chiqarilgan, navi qanaqa kabi savollarni beradimi? Beradi. Sotuvchi bir kunda yuzlab xaridorlarning shunaqa savollariga javob berishga majbur bo‘ladimi? Bo‘ladi. Sotuvchi bunaqa savollarga javob beraverib, o‘ziniyam qiynaydimi? Qiynaydi. O‘ninchi, boringki yigirmanchi xaridorga borganda asablariyam charchaydimi? Charchaydi. Sotuvchi do‘konida esa bunaqa tovarlardan yuzlab bormi? Bor. Mana “Olasizmi o‘zi?” qayerdan kelib chiqadi. Agar narxnoma hech bo‘lmaganda, “Shakar. O‘zbekiston. Oliy nav. 1 kg 5000 so‘m” tarzida yozilganda edi (aslida qonun talabi ham shu), sotuvchi bir qancha savollardan xoli bo‘lib, o‘zi ham ortiqcha charchamagan bo‘lardi. Mana shu savdo madaniyatining ko‘rinishlaridan biridir.

"Sotuvchi axloq-odob qoidalaridan chetga chiqmasligi lozim"...

 Endi sotuvchilarning “Nima kerak edi”, “Nima qidirapsiz” kabi savollarga kelsak, albatta, sotuvchilar tovarlarini tezroq sotishni, savdo aylanmasini yanada ko‘paytirishni istaydi va ushbu yo‘nalishda marketingning turli vosita va usullarini qo‘llaydi. Lekin ular ushbu yo‘nalishda marketingdagi reklama va targ‘ibot, shuning bilan birgalikda xalqaro maydonda va milliy savdo-sotiq jarayonida shakllangan, umume’tirof etilgan axloq-odob qoidalari, an’analaridan chetga chiqib ketmasliklari lozim. Shuningdek, iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga sotuvchilar haqli emas.

“Nega bozorlarda bir tovarning narxlari har xil?”  

 Iste’molchi sotib olingan tovar (ish, xizmat) sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqiga ega (8-modda). Demak, Siz iste’molchi sifatida mazkur sotuvchidan tovarning tegishli hujjatlari bilan tanishish orqali narxining to‘g‘riligiga ishonch hosil qilishingiz mumkin.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida narxlar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi)lar tomonidan asosan erkin shakllantiriladi. Lekin bu mazkur sohada to‘laqonli raqobatning shakllanganligi bilan bog‘liqdir. Agar biror bir sohada raqobat to‘laqonli shakllanmagan yoki umuman raqobat yo‘q bo‘lsa, davlat mazkur sohadagi monopol korxonalarning insof dorasidan chetga chiqmasliklari uchun tegishli ravishda ular tomonidan shakllantiriladigan narxlar nazoratini olib boradi va qo‘lida mavjud vositalar bilan ularga ta’sir o‘tkazadi. Bundan esa qat’iy belgilangan narxlar (tariflar), ulgurji yoki chakana sotishning yuqori chegaraviy narxlari degan tushunchalar yuzaga keladi.

“O‘rikzor” bozoridagi sotuvchining ikki farzandida ham koronavirus aniqlandi

Qat’iy belgilangan narxlar (tariflar)ga elektr energiyasi, gaz, suv, hukumat qarori bilan belgilangan shahar yo‘lovchi tashish transportidagi yo‘l kiralar va boshqa shu kabi tovar (ish, xizmat)lar uchun shakllantiriladigan narxlarni kiritishimiz mumkin. Ulgurji yoki chakana sotishning yuqori chegaraviy narxlariga misol sifatida dorixonada sotilayotgan dori vositasini keltirishimiz mumkin. Davlat ayrim dori vositalariga ularni sotishning yuqori narx chegarasini belgilab, iste’molchilarni ijtimoiy himoyasini ta’minlashni, ularni bu borada qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutishi mumkin. Bunda, dori vositasini narxning belgilangan eng yuqori chegarasidan o‘tmasdan, undan quyiroqdagi narxlar doirasida sotish mumkin. Mana shu holatda iste’molchilarda bitta dorixonada boshqa narx, ikkinchi dorixonada boshqa narx degan tasavvur ham kelib chiqishi mumkin. Aytaylik, sitramon dori vositasi uchun belgilangan yuqori chegaraviy narx 1500 so‘m bo‘lsin. Dorixonalarning birinchisi uni 1000 so‘m, ikkinchisi 1200 so‘m, uchinchisi 1500 so‘m sotayotgan bo‘lsa, ulardan hech qaysisi amaldagi tartib qoidalarni buzmagan hisoblanadi. Narxning 1500 so‘mdan oshirilishigina tartib-qoidalardan chetga chiqish, deb baholanadi.

Prezident 500 dan ziyod bozorlarni xususiylashtirish bo‘yicha topshiriq berdi

Monopol korxonalar tomonidan tovar (ish, xizmat)larga narxlar belgilash, shakllantirilishi va uni tovar bozorlarida sotilishi jarayonlari ustidan Monopoliyaga qarshi kurashuvchi organ nazorat olib boradi.

Tovar bozorida raqobat to‘g‘ri va to‘laqonli shakllangan sohalarda esa tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning narxlari o‘zaro raqobat kurashi, iste’molchilarning mazkur tovarga bo‘lgan talablari, ayrim mavsumiy tovarlar uchun esa shu mavsumning kirib kelishi kabi omillar ta’sirida shakllanadi. Ushbu jarayon aholining keskin noroziliklariga, ularning real daromadlarini pasayib ketishiga olib kelmasligi uchun, davlat o‘zida mavjud vositalar va mexanizmlar (import va eksportdagi to‘siqlarni yengillatish, soliqlar, tovar bozorida raqobatchilarga teng sharoitlar yaratish va boshqalar) bilan ta’sir ko‘rsatishi va narxlarni bir qadar muvozanatda ushlab turishga erishishi mumkin.

Tovarlardagi "Rukami ne trogat" ("Qo‘lingiz bilan ushlamang") degan taqiqlar asoslimi?

Kiyim-kechak sotayotgan sotuvchining xaridorga qo‘l bilan ushlamang, deyishi mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi. Xaridor kiyim-kechakni kiyib ko‘rish jarayonida uni qo‘l bilan ushlashga majbur. “Qo‘lingiz bilan ushlamang, mumkin emas” yoki “Rukami ne trogat” ko‘proq muzeylarga qo‘yilgan tarixiy, qimmatbaho eksponatlarga nisabatan qo‘llaniladi. Savdosi yaxshi yurishishidan manfaatdor sotuvchi esa taqiqlardan qochib, xaridorlar va ularning talablarini sezgirlik bilan ilg‘ab oladi hamda bunga tegishli shart-sharoitlarni yaratadi.

Iste’molchi ham o‘z o‘rnida sotuvchiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, agar qo‘li biror-bir narsadan ifloslangan bo‘lsa, savdo rastasidagi tovarga u bilan ziyon yetkazmaslik choralarini ko‘rishi lozim.

Qashqadaryoda sotuvchi 50 ming so‘m uchun xaridorni urib o‘ldirib qo‘ydi

Iste’molchi tovarlar haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, ularni erkin tanlash, sotib olayotgan tovarining sifatli bo‘lishi, xavfsiz bo‘lishi, hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun zarar yetkazilmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega( “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni 4-moddasi).

Shuningdek, iste’molchi sotib olingan tovar sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqiga ega (8-modda).

Iste’molchi tovar va uning iste’mol xossalari haqida so‘rab-surishtirish, ayrim tovarlarning ishlatib ko‘rsatilishi, undan qanday to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatilishi, tovarning butligini tekshirib olishda uni qo‘l bilan ushlab ko‘rish (ayrim holatlarni istisno etganda), kiyim-kechakni kiyib ko‘rish, vazni to‘g‘ri o‘lchanayotganligiga amin bo‘lish maqsadida o‘lchov vositasining qiyoslov ko‘rigidan o‘tgan yoki o‘tmaganligi bilan qiziqish hamda uni tasdiqlovchi hujjat bilan tanishish, tovarning sifatini tasdiqlovchi sertifikatini so‘rash va u bilan tanishishga haqli.

Demak, qonun talablari bo‘yicha sotuvchi iste’molchiga yuqoridagi huquqlarini to‘laqonli amalga oshirishi bo‘yicha barcha shart-sharoitlarni yaratib berishi lozim.

Nooriginal tovarlarning qimmat narxlarda sotilishi, soxta brendlar...  

 Maishiy kimyo tovarlarida ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati hamda ularni saqlash shartlari ko‘rsatilgan bo‘lishi lozimligi belgilab qo‘yilgan (“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 11-moddasi). Maishiy kimyo tovarlarida kafolat muddati emas, balki yaroqlilik (saqlash) muddatlari qo‘yiladi. Bu esa ishlab chiqaruvchining maishiy kimyo tovariga yaroqlilik (saqlash) muddatlari davomidagi kafilligini bildiradi.

O‘zbekistonda barcha brendlar yangi tartibda xatlovdan o‘tkaziladi

Amaldagi qonunning 18-moddasiga, shuningdek "O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari”ning 1-ilovasiga ko‘ra, kosmetika, ya’ni attorlik-pardoz tovarlari sotilgandan, iste’molda bo‘lgandan so‘ng qaytarib olinmaydi. Ushbu qaytarib olinmaslik talabi, faqatgina mazkur tovarning kamchilik va nuqsonlari bo‘lsa qaytarib olinmasligiga emas (bunday holatda qaytarib olinadi), balki uning qandaydir iste’mol xususiyati yoqmay qolganligi bilan qaytarib olinmasligi deb tushunilishi kerak. Aytaylik, Siz sotib olgan atirning hidi turmush o‘rtog‘ingizga yoqmadi. Ushbu sababni ko‘rsatgan holda uni sotuvchiga qaytara olmaysiz. Lekin tovarda nuqsonlar bo‘lsa, aytaylik sotuvchi Sizga qutisini ochib ko‘rib, uning ichidagi atir idishining butligini tekshirib ko‘rishingizga qo‘ymay qo‘lingizga tutqazib yuborgan atir idishida siniq, yoriq va boshqa nuqsonlar bo‘lsa, atirni sepib beruvchi moslamasi ishlamasa va shu kabi boshqa holatlarda uni sotuvchiga qaytarishingiz mumkin.

Endi, attorlik-pardoz buyumlarini original, deb aldab sotish holatlari bo‘yicha. Agar tovar haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilgan bo‘lsa, va bu zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lsa (bizning misolimizda soxta, qalbaki yoki kontrafakt kosmetika), iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga, ya’ni bunday mahsulotni sotuvchiga qaytarib, pulini qaytarib olish haqlidir.

Mirziyoyev: qachon yirik brendlarga ega bo‘lamiz?

Agar tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilgan bo‘lsa:

- zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar (ish, xizmat) sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir;

- sotib olingan tovar (ish, xizmat)dan ko‘zlangan maqsadda foydalana olmaslikka sabab bo‘lsa, iste’molchi tegishli ma’lumot oqilona qisqa (ko‘pi bilan uch kunlik) muddatda berilishini talab qilishga haqlidir. Agar ma’lumot aytilgan muddatda berilmasa, iste’molchi shartnomani bekor qilib, zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir;

- iste’molchining hayotiga, sog‘lig‘iga yoxud mol-mulkiga zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, u ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) oldiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqlidir.

Sotuvchilar tomonidan buni bilgan holda, soxta, qalbaki, falsifikat hamda kontrafakt tovarlarni sotilishi amaldagi qonunchilikka ko‘ra, sodir etilgan huquqbuzarlikning holati va hajmiga qarab, tegishli ravishda ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.