TOSHKENT, 18 dek - Sputnik. Senatning oʻninchi yalpi majlisida "2021 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida"giqonuni maʼqullandi.
Taʼkidlanganidek, "2021 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida"gi Qonun bilan kelgusi yil uchun asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat byudjeti prognozlari hamda 2022 – 2023 yillar uchun byudjet moʻljallari belgilanmoqda.
Makroiqtisodiy siyosatning asosiy yoʻnalish va koʻrsatkichlari kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasi davom etishi taxminlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan.
Bunda asosiy eʼtibor makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, fiskal ragʻbatlantirish choralarini moʻʼtadillashtirib borish, iqtisodiy oʻsish surʼatlarining 5 foizdan yuqori boʻlishini taʼminlashga qaratilgan.
Inflyatsiya darajasining pasayish tendentsiyasi davom etishi va kelgusi yilda uning 10 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Ushbu rivojlanish koʻrsatkichlariga har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish orqali erishish nazarda tutilgan.
Qayd etilganlardan kelib chiqib, 2021 yilda Konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 178,5 trln. soʻmga yoki yalpi ichki mahsulotning 25,9 foizi darajasida prognoz qilingan.
Davlat byudjeti daromadlari 147,2 trln. soʻm yoki yalpi ichki mahsulotning 21,3 foiz miqdorida belgilanmoqda. Davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari 26,2 trln. soʻm, xarajatlari esa 40,8 trln. soʻm miqdorida rejalashtirilgan.
Davlat maqsadli jamgʻarmalariga respublika byudjetidan 15,9 trln. soʻm mablagʻ ajratish ham belgilangan.
Jumladan, byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi daromadlari 23,5 trln. soʻm, xarajatlari 36,5 trln. soʻmni tashkil etgani holda byudjetdan 14,7 trln. soʻm ajratilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Davlat byudjetidan ijtimoiy sohalarga, xususan, taʼlim sohasi xarajatlariga 34,6 trln. soʻm, Sogʻliqni saqlash sohasiga 19,6 trln. soʻm, Madaniyat va sport sohasi xarajatlariga 2,6 trln. soʻm va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,2 trln. soʻm yoʻnaltirish rejalashtirilgan.
Davlat dasturlari orqali esa uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish dasturlari uchun (2 197 mlrd. soʻm), fanni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun (168 mlrd. soʻm) aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish uchun (3 952 mlrd. soʻm) mablagʻ ajratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish choralari doirasida Qonunda ilk bor birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilari byudjetida davlat dasturlari uchun ajratilayotgan mablagʻlar alohida koʻrsatilishi nazarda tutilganini qayd etish lozim.
Bundan tashqari, majlisda taʼkidlanganidek, “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan byudjet tizimi va byudjet jarayonini takomillashtirish choralari belgilanmoqda.
Ushbu choralarning Byudjet va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslar hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi va “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi qonunlarga tegishli oʻzgartish kiritish orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Bunda Byudjet kodeksiga kiritilgan oʻzgartish bilan byudjet jarayonining shaffofligini taʼminlash tartibi buzilgan hollarda vazirlik va idoralar rahbar xodimlariga jarima qoʻllanilishi belgilanmoqda.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga Davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi haqidagi hisobotni taqdim etmagan, byudjet jarayonining shaffofligini taʼminlash tartibini buzgan vazirlik va idoralar rahbarlariga jarima qoʻllash boʻyicha oʻzgartishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, majlisda "2021 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida"gi Qonun qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun ham koʻrib chiqildi.
2021 yilda soliq siyosatini takomillashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish orqali soliqlar yigʻiluvchanligiga erishish Qonunning asosiy maqsadidir.
Shunga koʻra, "Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi Qonun va Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga oʻzgartish kiritilmoqda.
Soliq kodeksi normalarining toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishini taʼminlash maqsadida tegishli soliq stavkalarini bosqichma-bosqich bazaviy stavkalarga yetkazishni nazarda tutuvchi oʻzgartishlar ham kiritilmoqda.