Davlat Budjeti-2021: Hisob Palatasi muhim takliflar bildirdi

© Sputnik / Vladimir FedorenkoPapka s dokumentami
Papka s dokumentami - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Hisob Palatasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan "Davlat Budjeti-2021 to‘g‘risidagi qonun" loyihasiga bir qator muhim takliflar kiritdi.

TOShKENT, 18 noya - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Hisob Palatasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan, "2021 yil Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonuni loyihasi" borasida o‘z taklif va xulosalarini e’lon qildi.

Davlat Budjeti 2021 xarajatlari borasida takliflar:

  1. Davlat qarzi miqdorini YaIMning 50%idan oshirmaslik. Iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish maqsadida hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi tavsiyasiga muvofiq – davlat qarzi miqdori yalpi ichki mahsulotning 50% idan oshmasligi kerak. Vazirlar Mahkamasi tomonidan taklif etilgan Budjet loyihasida ushbu ko‘rsatgich 60%dan oshmasligi ko‘rsatilgan. 
  2. Rivojlangan malakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi to‘lash kerak bo‘lgan davlat qarzi miqdorini Davlat Budjeti 2021 xarajatlar qismida aks ettirish lozim. (2021 yilda Davlat Qarzi 25,5 mlrd dollar bo‘lishi prognoz qilinmoqda)
  3. Davlat Maqsadli jamg‘armalari xarajatlarini to‘g‘ri hisoblash. 2021 Davlat Budjetida ularga ehtiyojidan ortiq 1 311,4 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Undan tashqari, Davlat Maqsadli jamg‘armalarida yil oxirida xarajat qilinmay qolgan mablag‘lar hisobga olinmagan.
  4. Birinchi darajali Budjet mablag‘larini taqsimlovchilar tomonidan ish haqi xarajatlarini alohida qatorda ko‘rsatish – maqsadga muvofiq. Bu ishchilari maoshlarini boshqa maqsadlarga ishlatib yubormaslik uchun, hamda budjet shaffofligi uchun xizmat qiladi.
  5. Shuningdek, davlat ishchilari maoshini kamaytirmaslik (indeksatsiya), chunki kutilayotgan inflyatsiya baribir real daromadlar tushishiga olib keladi. Kelgusi yilda 10% ga qisqartirilishi rejalashtirilayotgan davlat ishchilari maoshlarini (550 mlrd. so‘m) – budjet tashkilotlari xodimlarni rag‘batlantirish maxsus fondlariga o‘tkazish.
  6. Mahalliy hokimiyatlar zahira jamg‘armalariga ajratilayotgan mablag‘larni ushbu muassasa budjetlari umumiy xarajatlarining 1% dan 0,5% gacha qisqartirish. Chunki zahira fondlari xarajatlarining o‘tgan yilgi tahliliga ko‘ra, aksariyat hollarda, ushbu mablag‘larning 80% hokimiyat moddiy texnika bazasini yangilash, avtomobil va orgtexnika xaridi uchun sarflangan. Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga 5 %dan kam mablag‘ sarflangan.
  7. Ko‘p qavatli ko‘p xonadonli uylardagi liftlarni yoppasiga budjet hisobidan yangilash taklifini rad etish. Buning o‘rniga barcha liftlarni inventarizatsiya qilish, o‘tgan yillarda ushbu maqsadda ajratilgan mablag‘lar sarfini tekshirish va liftlarni almashtirish uchun budjetdan boshqa manbaa topish.
  8. Budjetda 898 mlrd so‘m xarajatlar ortiqcha hisoblangan. Xususan, prezident qaroriga muvofiq 2021-yilning 1-yanvaridan budjet ishchilari sonini 10%ga qisqartirish natijasida 550 mlrd. so‘mi xarajat kamayishi hisobga olinmagan. Ikkinchidan, aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023-yilga qoldirilishi munosabati bilan 80 mlrd. so‘m tejab qolinishi va boshqa xarajatlar.
Hisob Palatasining umumiy xulosasi: Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan 2021-yilgi Davlat Budjeti loyihasi - respublikaning ijtimoiy iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq deb hisoblaydi.

Shu bilan birga Budjetni samarali amalga oshirish, uning shaffofligini ta’minlash maqsadida Respublika Hisob Palatasi tomonidan berilgan takliflarni inobatga olish masadga muvofiq bo‘ladi, deyilgan taklif yakunida.   

Yangiliklar lentasi
0