TOSHKENT, 6 noya – Sputnik. Korxona ishchilari yoppasiga ishdan boʻshatilayotgani haqidagi shov-shuvlardan soʻng Oʻzbekiston Mehnat vazirligi korxonalar oʻz faoliyatini koronavirus pandemiyasi tufayli vaqtinchalik toʻxtatganini, ishchilar ham ommaviy ravishda ishdan boʻshatilmagani, hozirda zavodlar faoliyatini qayta ishga tushirishga tayyorgarlik koʻrilayotgani haqida bayonot bilan chiqdi.
Strategik mahsulot – shakarning ishlab chiqarilishi birdan toʻxtab qolishi sabablari nimada, ishchilar taqdiri aslida ne kechmoqda va boshqa shu mavzuga oid savollarga aniqlik kiritish maqsadida Sputnik muxbiri Angrendagi shakar zavodiga yoʻl oldi.
Taxminan ikki soatlar chamasi yoʻl bosgach, Angrendagi shakar zavodiga yetib keldik. Manzilda ozoda, obodonlashtirilgan, zamonaviy uslubda qad koʻtargan Angren shakar zavodi koʻz oldimizda yastandi. Biroq muhtasham bino bugun odamlarsiz huvillab qolgan.

Har holda, ishlab chiqarish tsexi tomonga yurmasimizdan oldin qoʻriqlash xizmatining ikki xodimi va bizni kutib olgan zavod ishchilaridan biri – Ahmadjon akadan boshqa hech bir jon koʻrinmadi.
MDHda yagona
Zamonaviy usuldagi ofis oralab toʻgʻri ishlab chiqarish zonasiga qarab yoʻl olar ekanmiz, bizga hamroh boʻlishga tashabbus bildirgan Ahmadjon akaga qariyb choʻl oʻrtasida shunday zamonaviy zavodni koʻrishni umid qilmaganimizni aytamiz. Suhbatdoshimiz darhol nima demoqchi boʻlganimizni tushunadi va kamtarona ohangda “aslida “ANGREN SHAKAR” korxonasi MDHdagi eng zamonaviy shu turdagi sanoqli korxonalardan biri ekanligini” aytadi.

Oʻzbekistonda 90-yillar boshida yuzaga kelgan shakar taqchilligidan soʻng (oʻsha vaqtlarda talonga kishi boshiga grammlab shakar tarqatilgan vaqtlar edi, - mual.). Oʻshanda xalq xoʻjaligi uchun muhim mahsulot hisoblangan shakar importiga muhtoj boʻlmaslik uchun Oʻzbekistonda birin-ketin ikkita shakar zavodi qurilgan. Birinchisi Xorazmda, ikkinchisi esa – Angrenda.
Angrendagi shakar zavodining Xorazmdagi farqi – ishlab-chiqarish jarayoni toʻliq avtomatlashtirilganida, yaʼni shakar xom-ashyosini qayta ishlashdan tortib, uni qoplash jarayonigacha inson ishtirokisiz kechadi. Bu jarayon maxsus xonalarda kompyuterlar orqali boshqariladi, xolos.

Shu bois, bir sutkada 1000 tonna shakar ishlab chiqaradigan bu zavodda ishchilar soni atigi 700 kishini tashkil qiladi, shulardan ikki yuz nafari ayollardir.
Korxonaning aksariyat jihozlari rivojlangan Yevropa davlatlari Germaniya, Italiya, Avstriya, Shvetsiyadan keltirilgan va boshida zavod ishchilari uchun oʻquv kurslari shu binoning oʻzida tashkil etilgan.

Ishchilarning koʻpchiligi Ohangaron tumani va shahri, Olmaliq va Angren shaharlaridan.
Ishchilar bepul ovqat, transport bilan taʼminlanishgan, bugungi kungacha hatto ishlamagan aksariyat ishchilarga ham oylik maoshlari toʻliq toʻlab berilgani aytiladi. Hozirda vaqtinchalik ishsiz qolayotgan boshqa viloyatlardan kelib ishlaydigan ayrim xodimlar korxona tomonidan beriladigan bepul yotoqxonada yashab turishibdi.
Shakar sifati va xom ashyo
Korxonada asosan shakarqamishdan ikki xil toifadagi shakar ishlab chikariladi va mahsulot halqaro oziq ovqat xavfsizligi talablari asosida ISO 9001: 2015, ISO 22000 sertifikatlariga ega:
2- toifadagi shakar Oʻzbekistondagi Coca cola, PEPSI cola, Nestle kompaniyalariga
3- toifadagi shakar ichki bozordagi isteʼmolchilarga yetkazib beriladi.
Shakar ishlab chikarish uchun xom ashyo asosan Lotin Amerika davlatlari va Rossiyadan olib kelinadi. Sababi, shakarqamish asosan subtropik iqlimda oʻsadigan koʻp yillik oʻsimlik boʻlib, Oʻzbekistonda uni yetishtirishning iloji yoʻq.
Xom ashyo "Angren shakar" MCHJ korxonasiga oʻrtacha 300-350 ming tonna olib kelinadi, ehtiyojdan kelib chiqqan holda.
Oʻzbekistonda qand lavlagi yetishtirib, mahalliy mahsulotdan shakar ishlab-chiqarishning imkoni yoʻqmi, degan savolimizga suhbatdoshimiz Oʻzbekistonda qand lavlagi yetishtirsa boʻladi, lekin buning oʻziga yarasha qiyinchiliklari borligini aytadi.
Maʼlum boʻlishicha, suv tanqisligi, qand lavlagi ekilgan yerga 2-3 yil boshqa ekin ekish kerakligi, yetishtirilgan hosilni iqlim sharoitidan kelib chiqib tez qayta ishlash (yaʼni sentyabr,oktyabr oylarida oʻrtacha havo issiqligi 25-300S ), katta partiyada qand lavlagini yigʻish va saqlash qiyin.
Qolaversa, ishlab chiqarish mavsumiyligi, yaʼni 2-3 oy boʻlishi va qolgan oylarda korxonaning toʻxtab turishi ham bunga imkon bermaydi.
Shakar ombori va elektr
Shakar mahsulotining qadoqlanib tayyor holatda keltirilgach olib oʻtiladigan ombor obʼyektning yirik qismini egallab turibdi. Ushbu binoda shakar olib oʻtiladigan maxsus lentadan iborat texnologiya, chamasi 35 qavatdan iborat qilib taxlangan shakar uyumi joylashgan.

Shakar korxona oʻzidagi tsexda ishlab chiqarilgan maxsus polipropilen qoplarga solingan. Bunday ыoplar nam oʻtkazmaydi va sifati boʻyicha ham alohida talabga javob beradi. Bu esa shakar mahsulotining qoplarda uzoq muddatda sifatli saqlanishini taʼminlaydi.

Oʻz vaqtida shakar ishlab chiqarishda ombordagi zaxiraga gʻamlab qoʻyilgan xom ashyolardan foydalanilgani bois, pandemiya vaqtida ham ish davom ettirilgan. Omborda oʻrtacha ellik ming tonna shakar xomashyosini saqlash mumkin ekan.
Qizigʻi, shakar tayyorlanishi jarayonida elektr energiyasi ham mazkur korxonaning oʻzida ishlab chiqarilishi bois chetdan olib foydalanishga ehtiyoj yoʻq. Zavod ushbu quvvat manbai bilan ishlaganda bir kunda ming yoki bir ming ikki yuz tonna shakar ishlab chiqarishi mumkin. Natijada, zavod Oʻzbekiston aholisining 50%dan oshiqrogʻini shakarga boʻlgan ehtiyojini qoplasa, qolgan foizi Xorazm shakar zavodi hissasiga toʻgʻri keladi. Boshqa xorijiy davlatlarga esa Oʻzbekistondan shakar eksport qilinmaydi.
Oq shakar yaxshimi sariq
Shu tariqa korxonadagi shakar mahsulotini isteʼmolga yaroqli holatga keltirib, uning sifatini nazorat qilish uchun moʻljallangan alohida labaratoriyaga oʻtamiz. U yerda shakarning sifati va uning isteʼmolga yaroqlilik jihati tajribali mutaxassislar tomonidan nazorat qilib boriladi. Labaratoriya ishchisi Gamlet Bakiyev bizga yelim idishlariga solib qoʻyilgan uch turdagi shakar navlarini koʻrsatadi. Mutaxassisga koʻra, shakarning rangi qancha oq va hidsiz boʻlsa, u toza mahsulot hisoblanadi, buning uchun esa zavoddagi ishlab chiqarish jarayonida shakar yettita bosqichda tozalanadi.

"Shakar mahsulotining sifati haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlmagan isteʼmolchilar asosan sariq rangdagi shakar mazaliroq va sifatdiroq deb oʻylaydi. Ammo sariq rangdagi chetdan keltirilayotgan shakar mazali boʻlishi mumkin, ammo sifati va isteʼmolga yaroqliligi boʻyicha talabga unchalik javob bermaydi. Yaxshi tozalanmagan shakarni shuningdek, oʻziga xos hidi bilan ham ajratib olish mumkin", – deydi u.
Bundan tashqari tozalash jarayonida shakar tarkibidagi faqat saxaroza moddasi saqlanib qolinishi, fruktoza va laktoza kabi moddalar alohida ajratib tashlanishi aytiladi.

Laboratoriyada shakar ishlab chiqarilishida ishlatiladigan xom ashyo, birdan to uchinchi toifagacha boʻlgan maxsus yelim idishlardagi shakar mahsulotlari ishlab chiqarilishi jarayonida mahsulot sifatini taqqoslash uchun kerak boʻlarkan. Shakarning tozaligini aniqlash uchun esa uni choyga solib kuzatish kifoya, shakar qancha toza ishlangan boʻlsa, uni choyga solganda ostida choʻkindi oz boʻlar ekan.
Oʻzbeklarda "Shakarning ham ozi shirin" degan ibora mavjud bor. Xalq buni kundalik hayotda sodir boʻlayotgan turli voqeliklarga koʻra qoʻllaydi. Shakar ishlab chiqaruvchilarining ham bu borada oʻz fikrlari bor.
Shakar - inson miya hujayralari uchun muhim energiya manbai hisoblanadi. Miyaning asosiy ozuqasi shakar tarkibidagi fruktoza, laktozalarda mavjud. Agar haddan ziyod koʻp miqdorda shakar isteʼmol qilinsa, miya yanada ushbu moddalarga ehtiyoj seza boshlaydi. Natijada bu inson organizmida ortiqcha miqdorda yogʻ toʻplanib qolishiga sabab boʻladi, deydi labaratoriya mutaxassisi.
Shuningdek, mutaxassisga koʻra, shirinligi koʻp miqdorda saqlanib qolgan va yaxshi tozalanmagan shakarni isteʼmol qilgan odam qandli diabet, metobolizm, jigar faoliyatining buzilish kabi kasalliklarga chalinishi mumkin.
Ana shuning oldini olish maqsadida Angren zavodida ishlab chiqarilgan shakar mahsulotining sifatini chet el miqyosida tahlil qilish uchun bir yilda ikki marotaba Turkiya, Xitoy, Angliya kabi xorijiy mamlakatlarga yuborilarkan.
Oʻzbek shakari nega qimmat?
Shu oʻrinda shakarning bozordagi tannarxi qimmatlashib ketishiga nima sabab boʻlgani haqida zavod ishchisidan soʻraymiz.
Unga koʻra, zavod xususiy hisoblanib, u yerda bir kunda ming tonna shakar ishlab chiqarilsa ham besh yuz tonna shakar ishlab chiqarilsa ham yetti yuz nafar ishchi xizmat koʻrsatishiga toʻgʻri keladi. Ana shunda oʻz oʻzidan ishchilarni kunlik bepul ovqat va transport vositalari bilan taʼminlash, oylik maosh va mukofot pullari toʻlash, baʼzida dam olish maskanlariga yuborish, soliqlar miqdori bevosita moddiy harajatlarga borib taqaladi.
Qolaversa, Angrenda ishlab chiqariladigan shakar mahsuloti chet davlatlariga eksport qilinmasligi uchun ham uning ichki bozordagi tannarxi koʻtarilishiga asos boʻladi.
— Odamlarda nega Rossiyadan keltirilayotgan shakar mahsulotlari arzon boʻlishi mumkin, – degan tabiiy savol tugʻiladi. Ammo ushbu keltirilayotgan shakar mahsuloti qayta ishlanmaganligi uchun ham bozorda arzon narxlarda sotilmoqda, – deydi zavod xodimi. Vaholangki, Ukraina, Belarusiyada shakar ishlab chiqarishda ishlatiladigan xomashyo bevosita Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan xomashyo bilan bir xil. Gap xorijiy davlatlardagi shakar ishlab chiqaruvchi zavodlarning texnologiyasi hamda shakarlarining necha bosqichda tozalanganida,– deb qoʻshimcha qiladi suhbatdosh.
Korxona xodimi yana suhbat davomida chet ellik (Masalan, Ukraina, Rossiya) ishlab chiqaruvchilarning Oʻzbekistonga shakar olib kirib, toʻgʻridan-toʻgʻri sotish imkoniyati mavjudligi, ammo Oʻzbekistonda shakar ishlab chiqarayotgan Angren zavodi mahsulotini faqat Savdo birjasi orqali tadbirkorlarga sota olishi mumkinligini aytadi. Yaʼni Rossiya, Ukraina kabi mamlakatlar Oʻzbekistonga shakar olib kirar ekan, tadbirkorlarga arzon bahoda sotib ketish imkoniyatiga ega. Angren shakar zavodi bunday qila olmaydi, tadbirkorlar ushbu korxonadan shakar sotib olish uchun qogʻoz hujjat qilib, Savdo birjasiga chiqishga majbur boʻladi.
Oʻrnatilgan ushbu tartib yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining maʼlumot berishicha, "Xorazm shakar" MCHJ va "Angren Shakar" MCHJlar respublikadagi yagona shakar ishlab chiqaruvchilari boʻlib, ular Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subʼyektlarning davlat reyestriga kiritilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi Qaroriga asosan mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar ichki bozorda faqat savdo birjasi orqali realizatsiya qilinadi.
Toʻxtatilishi sabablari
Suhbatdoshning maʼlum qilishicha, korxona 2020 yil iyul oyidan kapital taʼmirlashga toʻxtatilgan. 2020 yil avgust oyidan hozirgi kungacha korxona ishlamayapti, sababi chetdan kirib kelayotgan shakarga aktsiz soligʻi stavkalari va bojxona toʻlovlari stavkalari nolga tenglashtirilgan, oqibatda chetdan kelayotgan shakar bilan xom ashyodan qayta ishlangan shakar tannarxi orasida tafovut paydo boʻlgan.
Bu oʻz-oʻzidan mahalliy ishlab chikarilgan shakar mahsulotining bozorda raqobatga bardosh berolmasligi sabab boʻldi, deydi suhbatdosh.
Shakar zavodi ishga tushishi uchun davlat tomonidan imtiyozli imkoniyatlar yaratilsa tez orada ishga tushishi mumkin.





