TOShKENT, 29 okt — Sputnik. Respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan dorixonalarda koronavirus pandemiyasi fonida dori vositalari narxi oshib ketdi. Hatto, hayotiy muhim sanalgan dori preparatlari narxi ham. Dorixonalar hatto belgilangan ustamalarni (20 foiz o‘rniga) 93 foizgacha qo‘llashgani fosh bo‘lmoqda. Jamoatchilikning bu masala yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda qoldirayotgan e’tirozlari asosida Sputnik O‘zbekiston muxbiri surishtiruv o‘tkazdi.
Hukumat ko‘rgan choralar
Bugungi pandemiya vaqtida koronavirusga qarshi kurashish, aholining ushbu kasallikka chalinishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llash O‘zbekiston respublikasi oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Shundan kelib chiqib, davlat rahbarining topshirig‘i asosida O‘zbekiston aholisini oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar bilan uzluksiz ta’minlash, narx-navo barqarorligini saqlash, kundalik ehtiyoj mahsulotlari taqchilligining yuzaga kelishi va narxlar ko‘tarilib ketishini bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilmoqda.
Jumladan, karantin sharoitida ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarga 1197 qisqa raqami yoki Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining 71 203 01 21 telefon raqamiga murojaat qilishlari mumkinligi ma’lum qilindi (Ammo negadir hozirda ushbu raqamlar ish faoliyatida emas).
Dori defitsiti
Coviddan davolanayotgan bemorlar shifoxonalarda bepul dori vositalari bilan ta’minlanayotgan ekan, nega aholining ayrim qismi shaxsan dorixonalardan dori sotib olishga majbur bo‘lmoqda, degan o‘rinli savol tug‘iladi. Bu yuzasidan bir qancha dorixonalarda bo‘lib, kelayotgan xaridorlarning o‘zlariga murojaat qilinganda, ular ayni kunda Covidni tuzatadigan dorilarning tanqisligi vujudga kelayotgani, tuman poliklinikalari to‘liq yetkazib bera olmayotgani bois, o‘zlari sotib olishga majbur bo‘layotganliklarini aytishadi.
Masalan, o‘zini M.Usmonova deya tanishtirgan xaridorning aytishicha, uning oilasida o‘n kishi istiqomat qilib, avval oilaning faqat bir a’zosi Covidga chalinadi. So‘ng u orqali oilaning boshqa a’zolariga ham virus yuqib, test-tahlil natijalaridan so‘ng, ushbu oila tuman poliklinikasi xodimlari nazorati ostida uy sharoitida yotib davolanishga majbur bo‘ladi.
Ammo poliklinika xodimlari Covidni tuzatuvchi dorilarning "tugab qolganini" va mazkur oilaning har bir a’zosini maxsus qutidagi bepul dori vositalari bilan ta’minlay olmasligini ma’lum qiladi.
"Bizga atigi uch quti Covid ga qarshi dorilar to‘plami topshirildi xolos. Aslida bitta bemor to‘liq tuzalib oyoqqa turishi uchun, uning o‘ziga bir quti dori vositasi kerak. Biz esa uch quti dorini butun boshli oila bo‘lib qabul qildik, shuning uchun, na tuzaldik va na qayta dori bilan ta’minlandik", – dedi ayol.
O‘zini F.Ismoilov deya tanishtirgan xaridor ham aynan shu mazmunda so‘zlaydi: u qizi va rafiqasining Covidga chalinib, uyda yotib davolanayotgani, ayrim dori vositalari yetmay qolgani bois qimmat narxda dorixonadan sotib olishga majbur bo‘layotgani, ba’zi dorilarni esa dorixonalarning o‘zidan ham topib bo‘lmayotganini aytadi.
Kimga aza, kimga to‘y
Nega bugun dorixonalarning "qing‘ir biznesi" erkin bo‘lib qoldi? Umuman, dorixonalarga chetdan keltirilayotgan hamda O‘zbekistonda ishlab chiqarilib sotuvga qo‘yilayotgan dori vositalarini narxlash tartiblari qanday?
Shu yuzasidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Lochinbek Xudoyorovga murojaat qildik.
Uning aytishicha, "Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaror 1-bandiga muvofiq, chetdan olib kelinadigan, hamda mamlakat ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori vositalarini sotishda (ularni yetkazib berishdagi ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar) ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun esa ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘yish mumkin ekan.
Agar dorixonalar tomonidan bir yil davomida ikki va undan ortiq marta litsenziya talablari yoki shartlari buzilsa, shu jumladan, dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibi qo‘pol ravishda buzilgan bo‘lsa, litsenziyalovchi organ tomonidan dorixona litsenziyasining bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining bo‘lim bosh inspektori Bahodir Salimov ham dorixona va ularning filiallari tomonidan belgilangan savdo ustamasidan ortiq miqdorda narx quyib sotilishi savdo qoidalarini buzish hisoblanishi va bu o‘z navbatida ma’muriy va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkinligini aytadi.
Xususan, "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks"ning 164-moddasi 1-qismiga muvofiq, Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish — fuqarolarga 223 ming so‘mdan 1 mln 115 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa — 1 mln 115 ming so‘mdan 1 mln 561 ming so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini ancha miqdordagi (ya’ni 22 mln 300 ming so‘mdan 66 mln 900 ming so‘mgacha) qiymatda buzish — fuqarolarga 1 mln 115 ming so‘mdan 2 mln 230 ming so‘mgacha miqdorda, mansabdor shaxslarga esa — 1 mln 561 ming so‘mdan 3 mln 345 ming so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini ko‘p miqdordagi (ya’ni 66 mln 900 ming so‘mdan 111 mln 500 ming so‘mgacha) qiymatda buzish, — fuqarolarga 2 mln 230 ming so‘mdan 11 mln 150 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa — 8 mln 920 ming so‘mdan 17 mln 840 ming so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 189-moddasida, tovarlar savdosi yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini juda ko‘p miqdordagi (ya’ni 111 mln 500 ming so‘mdan yuqori bo‘lgani) qiymatda buzish — 66 mln 900 ming so‘mdan 133 mln 800 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
"Ancha miqdor deganda bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha bo‘lgan doiradagi, ko‘p miqdor deganda esa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha bo‘lgan doiradagi miqdor tushuniladi. Jumladan, JKning 189-moddasiga ko‘ra, tovarlar savdosi yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini juda ko‘p miqdordagi qiymatda buzish — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi" - deydi inspektor.
Departament xodimiga ko‘ra, dori vositalari narxining sun’iy oshirilishi va noqonuniy savdosiga yo‘l qo‘ymaslik borasida joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida jami 149 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, shundan 36 holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, 113 holatda esa ma’muriy huquqbuzarlikka doir ishlari yuritilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida esa jami 2 mlrd 674 mln so‘mdan ortiq dori vositalari va tibbiyot buyumlari ashyoviy dalil sifatida olinib, kelgusida bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, Toshkentdagi 2455 nafar dorixona mansabdor shaxslari rasman ogohlantirilgan.
Shu bilan bir qatorda, narxlar dinamikasi va narx shakllanishi mexanizmlarini o‘rganish, ustamalarga rioya etilishini tahlil va nazorat qilishda ishtirok etish hamda narxlarni barqarorlashtirish yuzasidan asoslantirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish bevosita Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga yuklatilgan.
Agar fuqarolar tomonidan dorixonalarning dori vositalari va tibbiy buyumlari narxlarining asossiz ravishda oshirilganligi aniqlansa, O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligining 1159 ishonch telefoni yoki O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 71-233-10-07 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.
Nafsi hakalak otgan dorifurushlar
Bugungi kunda dori-darmon vositalarini xarid qilayotgan iste’molchilar huquqlari bilan bevosita Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi shug‘ullanadi.
Agentlikning matbuot-xizmati rahbari Mohruxsor Tog‘ayevaning ma’lumot berishicha, joriy yilning 23-iyul sanasidan 9-oktabrigacha 3 mingta dorixonalarda monitoring kuzatuvlari o‘tkazilganda, 30 ta dorixonada belgilangan ustamalarning (20 foiz o‘rniga) 93 foizgacha qo‘llanilganligi fosh bo‘lgan.
Natijada 17 ta holatda yaroqlilik muddati o‘tgan, ro‘yxatdan o‘tmagan va kirim hujjati mavjud bo‘lmagan dori vositalarini realizatsiya qilish, 18 holatda litsenziyasiz faoliyat va boshqa kamchiliklar aniqlanib, qonunbuzarlik holatlari aniqlangan jami 28 ta dorixonaga ish qo‘zg‘atilgan va ortiqcha olingan 2 million 800 ming so‘m pul mablag‘i iste’molchilarning o‘zlariga qaytarilgan.
"O‘tgan davr mobaynida Agentlik va uning xududiy tuzilmalari tomonidan dori vositalari narxlari va dorixonalarda mavjud emasligi yuzasidan iste’molchilarning 224 ta arizalari o‘rganib chiqildi. Yana aholi xabardorligini oshirish maqsadida @dorinarx_bot telegramm boti ishga tushirildi. Endilikda har bir iste’molchi ushbu bot orqali dori-darmonlarning haqiqiy narxlari to‘g‘risida tezkor ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladi", - deydi Tog‘ayeva.