TOShKENT, 15-iyul – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida barcha hokim va 4ta sektor rahbarlariga o‘zlariga tegishli bo‘lgan hududlarda dori-darmon va oziq ovqatlar zahiralarini tayyorlashni buyurdi.
“Bugun shunday topshiriq bo‘ladi: alohida 4ta sektor o‘z hududi bo‘yicha dori-darmonning zaxirasini, har bir viloyat o‘zi uchun yaratadi. Zaxira uch oylik bo‘lishi kerak. Bunga qancha mablag‘ kerak bo‘lsa beramiz, lekin bironta aptekada dori-darmon vositalari qimmatlashsa, odamlarimizning noroziligiga olib keladi. Mana shuni qattiq nazoratga olishlaring kerak”, - dedi prezident.
Prezident aytishiga qaraganda zaxirada hamma narsa bor, yo‘g‘i olib kelinyapti, lekin joyiga yetib borishi qiyin bo‘lyapti. Har bir hududda narx-navo har xil bo‘lyapti. Shuning uchun zaxira yaratib, narx-navosiga qattiq e’tibor qilish kerak.
Shuningdek Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat bozoridagi narxlarni ham nazorat ostiga olishni va zahira yaratishni topshirdi.
“Eng katta masala – bozorda narx-navo ko‘tarilishi kerak emas. Viloyatning to‘rtta rahbari o‘z hududidagi bozorlarni nazorat qilib turishi kerak. Oziq-ovqat bo‘yicha O‘zbekistonda muammo yo‘q. Xudoga ming qatla shukr, hozir pishiqchilik. Hamma narsani xalqimizga arzon, sifatli mahsulot yetkazib berish choralarini ko‘rishiz kerak. Qishga tayyorgarlikni hozirdan boshlaymiz”, - dedi prezident bu borada.
Undan tashqari Shavkat Mirziyoyev hokimlarga ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushayotgan savollarga ertalab bir soat, kechqurun bir soat davomida javob berib borishni topshirdi.
“Hokimlarga shunday topshiriq: ertalab bir soat – 8dan 9gacha, kechqurun 21dan 22gacha ijtimoiy tarmoqlardan tushgan savollarga mukammal javob berasizlar. Xalqimiz hamma narsani bilishi kerak. Mana shunga e’tibor qilamiz”, – dedi prezident.