TOShKENT, 27 okt — Sputnik. Yoz oyida Rossiyada ishsizlik darajasi 6,3 foizni tashkil etdi. Bu 2019-yilning mos davriga qaraganda 1,9 foizga ko‘proq. RIA Novostining 26-oktabr kuni e’lon qilgan tadqiqot ma’lumotlari shundan darak bermoqda.
85 ta subyektning 82 tasida ishsizlik o‘sishi qayd etilgan. Shu bilan birga Moskva ishga joylashish uchun jozibadorligicha qolmoqda.
Sputnik Moskvada qaysi sohalarda Rossiyaning boshqa mintaqalaridan kelgan fuqarolar ishga qabul qilayotgani va ular mehnat migrantlari bilan raqobatlasha olish yoki olishmasligini o‘rgandi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan cheklov choralari rossiyaliklar o‘rtasida ishsizlikning oshishiga olib keldi. Qolaversa, chegaralarning yopilishi qo‘shni mamlakatlardan mehnat resurslarining qisqarishiga sabab bo‘ldi.
Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil yanvar oyidan may oyiga qadar Rossiyada chet el fuqarolariga 585 018 ta mehnat patenti berilgan. 2019-yilda xuddi shu davr oralig‘ida 841 929 ta patent berilgan edi.
Qurilishlar
“Bu bahorda an’anaviy ravishda Podmoskovyega keladigan migrantlar o‘rnini o‘zlariga ish topolmagan Rossiyaning boshqa mintaqalaridan kelgan rossiyaliklar egallashdi. Biroq shu bilan birga ularga xorijlik ishchilarga qaraganda ko‘proq haq to‘landi. Haq to‘lashni oshirishga yuzaga kelgan ishchi kuchi taqchilligi sabab bo‘ldi”, - dedi Rossiyaning “Stroitelstvo” (“Qurilish”) axborot agentligi bosh muharriri Aleksandr Gusev.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, qurilishdagi mehnatlari uchun rossiyaliklar migrantlarga qaraganda o‘rtacha 30 foiz ko‘proq haq olishmoqda.
Xorijlik ishchilar yetishmasligi haqidagi xabarni Moskva mintaqasidagi yirik quruvchi kompaniyalar ham tasdiqladi.
“Chegaralar yopilishiga kelsak, tabiiyki, bu odamlar, sifatli ishchi kuchi yetishmasligiga ta’sir ko‘rsatadi. Natijada qurilish obyektlari bitkazilish sur’atiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Pudratchilar Rossiya mintaqalari bo‘ylab ishchilarni to‘plashga urinmoqda, lekin, afsuski, bu yetarli emas va muammo bugungi kunda hal etilmasdan qolmoqda”, - dedi Sputnik nashriga “Ingrad” KG vitse-prezidenti Grigoriy Zvenigorodskiy.
FSK yirik qurilish kompaniyasi matbuot xizmati ham sohada kadrlar yetishmasligini tasdiqladi.
“Bizda chegaralar yopilishiga qadar ham qurilishda ko‘plab Rossiya fuqarolari ishlardi. Chegaralar yopilishi sabab, albatta, ularning soni oshdi. Hozir asosan Rossiya mintaqalaridan qurilish brigadalarini jalb qilmoqdamiz. Qurilish sohasida kadrlar yetishmasligini sezapmiz”, - deya ma’lum qildi kompaniya vakili.
Taksi
Poytaxtda taksi haydovchilari haqiqatdan ham yetishmaydi, lekin migrantlarni rossiyalik haydovchilar bilan almashtirish bu sohada jiddiy oldinga siljish ro‘y berishi dargumon. “Forum taksi” jamoatchilik harakati raisi Oleg Amosov shunday fikrni bildirdi.
“Koronavirusning birinchi to‘lqini vaqtida Rossiya mintaqalarida va megapolislarida taksi xizmatiga bo‘lgan talabning qulashi 70-80 foizga yetardi. Yoz oyida biroz yaxshilanish kuzatildi. Bir oy ilgari taksi haydovchilarining pul topishi yaxshi edi. Agregatorlar haydovchilar yetishmayotgani haqida gapira boshlashdi. Lekin hozir, ikkinchi to‘lqin bilan buyurtmalar soni kamayishi qayd etildi. Hozirda poytaxt ofislarining 30 foiz xodimlari masofaviy ishlashga jo‘natib yuborilgan. Tabiiyki, ular ishga borib kelishmaydi”, - deya tushuntirdi Amosov.
Moskvaning “Best” taksoparki ham boshqa mamlakatdan kelgan haydovchilar soni qisqargani haqidagi xabarni tasdiqladi.
“Hozirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarusdan keladigan chet ellik haydovchilar soni kamaydi. Koronavirus tufayli safarlar ham kamaymoqda, yetarlicha buyurtmaga ega bo‘lmasdan avtomobil uchun ijara to‘lashning nafi yo‘q. Moskvalik haydovchilardan umid qilish qiyin. Ular goh kelib, goh ketishadi”, - deya ma’lum qildi kompaniya vakili.
Boshqa sohalar
Umumiy ovqatlanish sohasiga rossiyaliklarning yog‘ilib kelishi kutilmayapti. Bu haqda Sputnik agentligiga Restoratorlar, otelyerlar federatsiyasi prezidenti Igor Buxarov ma’lum qildi.
“Qator umumiy ovqatlanish muassalari hozir zo‘rg‘a ishlayapti, shuning uchun ishchilar ko‘p kerak emas. Rossiyaliklar oshpaz, qandolatchi bo‘lib ishlashni istashmaydi. Bu og‘ir ish. Pul ularni qoniqtirishi mumkin. Lekin bu qadar ish haqiga boshqa, yengilroq ishni topish mumkin”, - deydi Buxarov.
“Chayxona №1” restoranlar tarmog‘i o‘tgan yilga qaraganda ishchi olishda o‘zgarishlar yo‘qligini ma’lum qildi.
Bir martalik ishlarda pul ishlashni xohlayotgan Rossiyaning boshqa mintaqalari aholisi soni oshmoqda. Bu haqda “YouDo” servisi asoschilaridan biri Denis Kutergin ma’lum qildi.
“To‘rtinchi chorakda o‘sish sur’ati kuzatilmoqda. Birinchi to‘lqindan keyin juda ko‘p ishchilar ketib qoldi, yozda Moskvada ishchilar yetishmasligi yuzaga keldi. Barcha sektorlarda. Hozir har hafta Rossiyaning boshqa viloyatlaridan kelayotganlar hisobi 5-10 foizga o‘sish bo‘lmoqda”, - deya tushuntirdi Sputnik suhbatdoshi.
Eltib berish (kuryerlik) sohasida koronavirus pandemiyasi vaqtida o‘sish qayd etildi. “Delivery Club” servisi matbuot xizmatining Sputnik agentligiga ma’lum qilishicha, har hafta kuryer bo‘lib ishlashni xohlovchilardan kelib tushayotgan arizalar soni taxminan 17 foizga oshgani kuzatilmoqda. Ammo ular xohlovchilarning fuqaroligi haqidagi savolga javob berishga qiynalishdi.
Moskva va Moskva viloyatida eltib berish xizmatini amalga oshiruvchi “Dostavista” xizmati vakili pandemiya vaqtida kuryer bo‘lib ishlashni xohlovchilar soni oshganini ma’lum qildi. Shu bilan birga rossiyaliklar hisobiga.
“Kompaniyamiz bilan hamkorlik qiluvchi kuryerlar orasida Moskva va Podmoskovye aholisi hamisha bor edi. Bahordagi o‘zini o‘zi yakkalash davrida xizmatimiz bilan hamkorlik qiluvchilar soni ancha ko‘paydi, chunki ayrimlar doimiy daromad manbaidan mahrum bo‘ldi. Biz esa kuryerlarga nafaqat doimiy daromad, balki Moskva bo‘ylab harakatlanishni taqdim etdik”, - dedi ma’lum qildi kompaniya vakili.
Mehnat migrantlarini o‘rnini to‘liq rossiyalik kadrlar bilan to‘ldirish haqida gap ketmayapti. Bunga iqtisod fanlari doktori, RANXiGS professori Aleksandr Sherbakovning ishonchi komil.
“Odatda migrantlarga ish beruvchilar ijtimoiy to‘lovlarni to‘lamaydi. Qolaversa, ularning mehnati rossiyaliklarga qaraganda arzonga tushadi. Rossiya aholisi buning barchasiga rozi ham bo‘lavermaydi, chunki kam ish haqi ularning talablarini qondira olmaydi. Migrantlar yutib chiqadigan unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan raqobat yuzaga keladi. Chegaralar yopilishi va epidemiologik xavfsizlik choralari yaqin kelajakda jiddiy o‘zgarishlarga olib kelishi dargumon, zero COVID-19 bilan bog‘liq cheklovlar bir kun kelib yumshatiladi. Hammasi joyiga tushadi”, - deya aniqlik kiritdi mutaxassis.