TOShKENT, 10 okt - Sputnik. Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 20-umumta’lim maktabining bir guruh o‘qituvchilari Sputnik O‘zbekiston xalqaro axborot agentligiga murojaat yo‘llab, maktab direktorining ish faoliyatidan norozi ekanliklarini bayon etishgan. O‘qituvchilar iddaosicha, maktab direktori G.Ch. bugungacha ko‘plab o‘qituvchilar nomiga mukofot puli yozib, pulning ma’lum qismidan o‘zi ham manfaatdor bo‘lib kelmoqda.
Joriy yil fevral oyida O‘zbekiston prezidenti korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, mutasaddilarga xorijiy tajriba asosida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tuzilmani tashkil etishga doir hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar bergan edi. Mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi ham. Olib borilayotgan islohotlarga qaramay, Respublikaning ayrim hududlarida ushbu illat keltirishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni hali ham to‘la anglab yetmagan yoki ongli ravishda uni mensimayotganlar ko‘plab uchramoqda.
Bulung‘ur tumani XTBga qarashli 20-umumta’lim maktabi o‘qituvchilari tomonidan yo‘llangan murojaat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazib, ana shunday xulosaga kelamiz.
Murojaatda aytilishicha, 2018-yilning aprel oylarida 20-maktabga yangi direktor tayinlangach, ta’lim maskanida muhit salbiy tomonga o‘zgara boshlaydi. Maktab rahbari murosa qilish mumkin bo‘lgan o‘qituvchilarga mukofot pullari yozib, pullarning ma’lum summasidan o‘zi ham manfaatdor bo‘lib keladi. Bundan norozi bo‘lgan o‘qituvchilar mukofot pulidan benasib bo‘lib, direktorning "qora ro‘yxati"ga tushadi va rag‘batlantirish masalalarida ular rahbar nazaridan chetlanadilar.
O‘zi tomonidan sodir etilayotgan harakatlarning qonunga zidligini yaxshi bilgan direktor "ayblarni" berkitish kerakligini ham unutmaydi. U o‘qituvchilarning har biridan "Mukofot pulini to‘liq oldim va o‘z ehtiyojim uchun ishlatdim" mazmunida tushuntirish xatlarini yozdirib oladi. Biroq, qog‘ozbozlik rasm-rusumini joy-joyiga qo‘ygach ham ko‘ngli tinchimaydi, u mana shu tariqa bir qancha o‘qituvchilarning cho‘ntagini "qoqib" oladi. Murojaatda ularning ism-shariflari erinmay keltirib o‘tilgan bo‘lib, holatlarni o‘z imzosi va ism-shariflari bilan tasdiqlaganlar. Shuningdek, ularning direktor nomiga yozgan tushuntirish xatlaridan ham nashrda nusxalar mavjud.
Murojaatda o‘qituvchilarning ma’lum qilishicha, rahbar opa nafaqat o‘z qo‘lidagi ishchilar, balki o‘quvchilarga bo‘lgan munosabati, muomala madaniyati ham risoladagidek emas: ayrim farroshlarga maktabga keltirgan supurgisi "nimaga yaramasligi" bilan kamsitilgan bo‘lsa, ota-onasining ajrashganiga aybdor bo‘lmagan o‘quvchilar esa shaxsan kamsitilib, haqoratlarga duchor bo‘lgan. Bundan tashqari bo‘lar bo‘lmasga ish haqi hamda maktab xarajatlari deya oylik maoshlardan ushlab qolishlar o‘qituvchilarni bezdirib yuborgan.
Shu tariqa bayon etilgan holatlardan bir nechtasini keltirib o‘tsak, unga ko‘ra yangi maktabga ko‘chib o‘tilishi vaji bilan qishloqdagi iqtisodi yaxshi bo‘lgan bir qancha oilalarga murojaat xati yo‘llanib, ota-onalar homiylikka jalb qilingani, ulardan 200 mingdan 500 ming so‘mgacha summasi ko‘rsatilgan xatlar yuborilgani, ayrim ota-onalarning ushbu so‘ralgan summani naqd keltirib berganliklari haqida aytiladi.
2019-2020 yil o‘quv boshida esa maktab o‘qituvchisi I.M.ga "0.5 shtatda maktab psixologligini beraman" deb, evaziga undan o‘zining plastik kartochkasiga bir marotaba 200 ming so‘m, yana bir marta 400 ming so‘m, jami 600 ming so‘m pulni o‘tkazib olgani, keyinroq yana 200 ming so‘m pulni ta’magirlik yo‘li bilan talab qilgan, ammo o‘qituvchi bera olmagach, u bilan murosasi kelishmay qolgani keltiriladi.
Yana bir o‘qituvchi esa "maktabda nemis tili guruhi ochib berishi" va’dasiga ishonib, o‘rtadagi "vositachi o‘qituvchi" orqali direktorga 400 ming so‘m "uzatib" yuboradi. Ammo va’da qilingan nemis tili guruhi ota-onalar qarshiligi sabab ochilmagach, direktor o‘qituvchidan olgan pulini qaytarmaydi.
Sakkizinchi sinf o‘quvchilari o‘z qo‘li bilan yozgan tushuntirish xatlaridan parchaga e’tibor bering: "...direktor bizni sinf xonasida pista chaqqanlikda ayblab, qishning qahraton sovug‘ida ko‘chada qolishga majbur qilgan... Bizni qor yog‘ayotganda tashqariga chiqarib, faqatgina mayka, oyoq kiyimlarimizni yechib 20-25 daqiqa bitta oyoqda turg‘izib, o‘z xonasiga kirib ketdi".
Murojaatchilar maktab direktorining hatti-harakatlarini quldorlik tuzumidagi qullarga nisbatan qilinadigan munosabatga qiyoslashadi va uning o‘z lavozimini bo‘shatib qo‘yishini istashadi. Aynan shu mazmundagi murojaat bilan o‘qituvchilar tuman XTB hamda prokuraturaga murojaat yo‘lashadi.
Xususan, Bulung‘ur tuman prokuraturasi tomonidan murojatchilarga 2020-yilning 2-avgustida "shikoyat yuzasidan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Bulung‘ur tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshirish olib borilayotgani, tekshirish haraktlari tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani" haqida yozma javob qaytariladi. Ammo "Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, bir oy ichida ko‘rib chiqib, hal etilishi kerak bo‘lgan shikoyat arizasi oktabr oyi boshlanibdi hamki, ko‘rib chiqilayotgani haqida ma’lum qilinmayotir...
Shuningdek, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Samarqand viloyati, Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan viloyat moliyaviy nazorat boshqarmasiga yo‘llangan xat (mazmunan ko‘rib chiqib, hal etish uchun yo‘llangan) ham hamon o‘rganilmoqda.
Eng qizig‘i esa o‘qituvchilar tomonidan O‘zbekiston prezidenti portaliga yo‘llagan murojaatning Bulung‘ur tuman XTB tomonidan qanday hal etilganida: shikoyat ko‘rib chiqilib, holatlar o‘rganilib, mazmunan hal etish uchun portaldan qayta tuman XTB ga yo‘llangach, ushbu bo‘lim xodimlari tomonidan ajoyib “spektakl” sahnalashtiriladi.
Ya’ni bevosita murojaatda aytilgan holatlarga aloqador bo‘lgan yigirmaga yaqin guvohlar, o‘qituvchilar qolib, aloqador bo‘lmaganlar, maktabda bir paytlar ishlab, bugun nafaqalik gashtini surib yurgan o‘qituvchilardan bir nechtasi mahalla idorasiga chaqirtiriladi. Murojaatning ijobiy natijasidan da’vogar bo‘lgan o‘qituvchilar(asosiy arizachi)dan esa atigi bir nafari chaqirtirilib, undan "direktor bilan yarashish" talab qilinadi.
Arizachi tuman XTB, mahalla idorasi raisi, mahalla profilaktik inspektorining qistashiga qaramay, da’vosidan voz kechmaydi. Shunga qaramay, "spektakl sahnalashtiruvchilari" hamda yolg‘onchi guvohlar ishtirokida dalolatnoma tuzilib, "20-maktabdagi yuz bergan holatlar qisman o‘z tasdig‘ini topganligi, maktabning "erka rahbar opasi"ga shunchaki navbatdagi intizomiy chora qo‘llanilishi" so‘ralib, viloyat XTB nomiga yuboriladi...
Bundan ko‘rinadiki, murojaatda aytilayotgan holatlarning qisman o‘z tasdig‘ini topganligi haqida ma’lum qilayotgan tuman XTB xodimlari, direktorning shunchaki intizomiy chora bilan qutulib ketishini, ehtimol, uning o‘z lavozimida faoliyatini davom etirishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Hozircha holat viloyat XTB tomonidan o‘rganilyapti. Ammo 20-maktab o‘qituvchilarining boshi uzra suzib yurgan qora bulutlar qachon tarqaydi, bu nafaqat ularning o‘ziga, balki jamoatchilikka ham qiziq bo‘lsa ajab emas.
Sodir etilgan huquqbuzarliklarchi, fidoyi o‘qituvchilardan o‘zlashtirilgan pullarni kim o‘z egalariga qaytaradi? Bu yuzasidan qonun himoyachilari nihoyat surishtiruvni boshlasharmikan?
Bilim va ma’rifat maskanida bu kabi salbiy illat ildiz ota boshlagan ekan, rahbar opaga esa shafqat qilishni so‘rayotgan tuman XTBning xayrixohligi shubhali emasmi? Bu yuzasidanchi, viloyat XTB qanday munosabat bildiradi?
Axir qo‘shtirnoq ichidagi rahbar xodimlar shu tariqa ish haqini talon-taroj qilaversa va ayblari ko‘r-ko‘rona yopib yuborilaversa, korrupsiyaga shu tariqa barham berib bo‘larmikan? Ana shu savollar ochiq qolmoqda...