TOShKENT, 21 yanv – Sputnik. Abdulla Aripov parlament palatalarining qo‘shma majlisida Vazirlar Mahkamasining yaqin va o‘rta istiqbolga mo‘ljallangan Harakat dasturi haqida nutq so‘zladi. Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabariga asosan.
Abdulla Aripov Harakatlar dasturi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan oxirgi 3-yilda belgilab berilgan tizimli maqsad va vazifalar ijrosiga muvofiq tayyorlanganligini aytib o‘tdi.
Dastur loyihasida hukumatning davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari e’tibori ustuvor va tizimli vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan.
Iqtisodiyot sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirish ta’minlanadi. Prezident topishirig‘iga ko‘ra, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda islohotlarni amalga oshirish muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, hududlarni mutanosib rivojlantirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston 2030-yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqib, yaqin kunlarda tasdiqlash uchun davlat rahbariga taqdim etiladi.
Makroiqtisodiy barqarorlik iqtisodiyotni yanada isloh etish, milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va raqobatbardoshlikni oshirish choralari ko‘riladi. Bunda YaIM o‘sishi 2020-yilda 5,5 foizga kam bo‘lmasligi va keyingi 5-yil ichida uning o‘sish suratlarini o‘rtacha 6 foiz atrofida bo‘lishi ta’minlanadi.
“Besh yil ichida maqsad - YaIMning hajmini 100 mlrd dollarga yetkazishdan iboratdir. YaIM tarkibida sanoat ulushi hozirda 30 foizdan 2025-yilga borib 33 foizga, xizmatlar ko‘rsatish esa mos ravishda 35 foizdan 37 foizga yetkazish yuzasidan zarur choralar ko‘riladi. Bunda prezident tomonidan berilgan topshiriqqa muvofiq inflyatsiya suratlarini pasaytirish tendensiyasiga o‘tkazish eng asosiy vazifamiz bo‘ladi. Bugun prezident ta’kidlab o‘tganlaridek, eng kamida 5 foizga inflyatsiya darajasini kamaytirish eng ustuvor vazifalardan biri bo‘ladi”, - deb ta’kidladi Aripov.
Iqtisodiyotni boshqarishda bozor mexanizmlarini keng joriy etish, va uning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish strategiyalari ishlab chiqilib, amalga oshiriladi. Jumladan, yuqori likvidli, monopol mahsulotlarni birja savdolarini sotishning yagona tartibi joriy qilinadi. 2021-2022 yillarda savdo korxonalari, logistika markazlarini rivojlantirish strategiyasi hamda qurilish mahsulotlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha chora tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.
Sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarni jadal rivojlantirish, energiya tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqarish keng joriy etish davom ettiriladi. Buning uchun 2020-2025 yillarda sanoatni rivojlantirish konsepsiyasi, 2020-2021 yillarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash dasturlari ishlab chiqiladi.
“Yaqin yillarda import o‘rnini bosuvchi, mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlovchi sohalardan biri bo‘lmish - elektrotexnika sanoatiga iqtisodiy o‘sishning asosiy yo‘nalishlari sifatida qaraymiz. Joriy yilda 2020-2030 yillarda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Sohada 2030-yilga borib ishlab chiqarish hajmini 5 baravarga oshirib, hajmni 4 mlrd dollarga yetkazish ko‘zda tutilyapti. Eksport hajmini 6 baravarga oshishi va mazkur sohada ishlovchilar sonini sal kam 200 ming kishiga yetkazish choralari ko‘riladi”, - dedi Aripov.
2030 yilga borib elektrotexnika mahsulot, maishiy texnika mahsulotlari bo‘lgan talabni 80-90 foizga faqat ichki ishlab chiqarish mahsulotlari yetkazib berish orqali ta’minlanadi.
“Yoqilg‘i-energetika sohasida muammolarimiz to‘g‘risida prezidentimiz batafsil gapirdilar, bu sohada yaqin yillarda umumiy qiymati 7 milliard 600 million dollar investitsiya loyihalarni 2025-yilga qadar amalga oshiriladi”, - dedi Aripov.
Buning natijasida elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini 1,4 baravarga, tabiiy gaz ishlab chiqarish 1,2 baravarga, neft mahsulotlari ishlab chiqarishni 2,1 baravarga oshirish ta’minlanadi.
Tabiiy gazni mamlakatda chuqur qayta ishlab qo‘shimcha qiymatli bozorbop mahsulot ishlab chiqarish quvvatlari kengaytiriladi. Elektr energiya ishlab chiqishda esa muqobil energiya manbalardan keng foydalanishga o‘tiladi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, energiya sarfini kamaytirish maqsadida joriy yil oxirigicha iste’molchilarga elektr energiya va tabiiy gazni hisobga olish bo‘yicha elektron hisoblagichlarni to‘liq o‘rnatilishi va bu orqali noreal qo‘shimcha to‘lovlarni bartaraf etilishi ta’minlanadi.
Kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi bo‘yicha qiymati 12 mlrd dollarlik 31 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirilib, 50 ta yangi turdagi polimer va boshqa bozorbop mahsulotlar o‘zlashtiriladi.
Respublikada mavjud 21 ta erkin iqtisodiy va 156 ta kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirishning zarur choralari ko‘riladi. Bunda aholi zich joylashgan va tadbirkorlik rivojlangan hududlarda bo‘sh bo‘lgan binolar yerlar, yangi kichik sanoat zonalari tashkil etish orqali ular soni kamida 2 baravar oshirish choralari ko‘riladi.
Bozor tamoyillariga asoslangan korporativ boshqaruvning zamonaviy prinsiplari va usullarini joriy etish davom ettiriladi. Bularni izchil amalga oshirish uchun 2020-2023 yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish, boshqarish va isloh qilish strategiyasi ishlab chiqiladi.
Tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini muntazam yaxshilab borish, xufiyona iqtisodiyot ulushini qisqartirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini maqbullashtirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi. Ko‘riladigan choralar natijasida kichik biznesning YaIMdagi ulushi 2020-yil yakunida 62 foizdan oshirishga erishiladi.
Soliq sohasida islohotlarni amalga oshirish hisobiga joriy yilda norasmiy ish o‘rinlarning besh mingtasi legallashtirishga erishiladi. Jahon bankining biznesni yuritish indeksida O‘zbekistonni hozirgi 69 o‘rindan 2030-yilda 20-chi o‘ringa ko‘tarish yuzasidan barcha zarur choralar ko‘riladi.
“Tadbirkorlar, jumladan, chet ellik investorlar murojaatlar bilan ishlash, ular bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish maqsadida prezident tashabbuslari bilan hududlarda ochilgan bosh vazirning qabulxonalarida tadbirkor bilan muloqot qilish, ularning muammolarini hal etish bilan kundalik shug‘ullanish ishlari davom ettiriladi”, - deb ta’kidladi Aripov.
Urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solish va davlat uy joy siyosatini amalga oshirish ta’minlanadi. Bu vazifani amalga oshirish uchun ishlab chiqilgan 2030-yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi asosida amalga oshiriladi.
Prezident ko‘rsatmalariga ko‘ra, kam ta’minlangan va uy joy sharoitlarini yaxshilashga muxtoj oilalarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal yoki foizlarning bir qismini qoplash uchun davlat budjeti hisobidan subsidiyalar ajratish tizimi amalga oshiriladi.
“Endilikda uy joylar qurilishida yangi turdagi energiya tejamkor qurilish materiallaridan keng foydalangan holda ko‘p qavatli qishloq massivlarda 5-7 qavatli, shaharlarda esa 12-16-18 qavatli hamda 30-qavatgacha bo‘lgan uylar quriladi”, - deb alohida ta’kidlab o‘tdi Aripov.
Budjet, moliya va pul-kredit siyosati sohasidagi islohotlarni izchil davom ettiriladi. Bujdet, moliya, pul-kredit siyosatini muvofiqlashtirish takomillashtiriladi. Davlat qarzini xalqaro standartlar asosida boshqarish, uni makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turish va davlat kafolatini berish mexanizmi takomillashtirish maqsadida davlat qarzi to‘g‘risida qonun loyihasi ishlab chiqilib parlamentga kiritiladi.
Soliq, budjet siyosatiga nisbatan strategik yondoshuv tatbiq etish maqsadida budjetni shakllantirishning yangi natijaga yo‘naltirilgan tizimini joriy etish, budjet ma’lumotlarini ochiqligi, hamda budjet jarayoni ustidan parlament vakillari va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni inobatga olgan holda 2020-2024 yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasi ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.
Bu borada har yili kelgusi yillar uchun O‘zbekistonning davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlanadi. Bunda xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolinadi. Mahalliy budjetlarining mustaqilligi hamda mahalliy hokimliklarni mas’uliyati yanada oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, qo‘shma majlisda qatnashayotgan 150 nafar deputatdan 148 nafari, 97 senatordan 94 nafari Abdulla Aripov nomzodini yoqlab ovoz berdi.