TOShKENT, 21 yanv – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripovni tavsiya etdi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
“Hech kimga sir emas, bu lavozimga har tomonlama chuqur bilim, katta tajribaga, keng tafakkur va zamonaviy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan, eng asosiysi jonkuyar, fidoiy, talabchan hamda tashkilotchi nomzod tanlashimiz zarur. Bu og‘ir masala. Albatta turli sinovlarda toblangan, javobgarlikni zimmasiga olishga qodir, odamlar bilan til topisha oladigan, ularni hurmatini qozongan, qisqacha aytganda ko‘pni ko‘rgan va jonkuyar insonni topish ham ancha og‘ir va murakkab vazifadir. Shu ma’noda bugun sizlarning muhokamangizga qo‘yilayotgan nomzod o‘z faoliyati avvalgi lavozimlarda bajargan amallar bilan yurtimizda erishgan yutuqlarga munosib xissa qo‘shgan shaxs bo‘lishi kerak.
Prezident o‘z nutqida bu masalada chuqur o‘ylab, maslahat va kengashlar o‘tkazilgani, jumladan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi rahbariyati va faollari bilan atroflicha maslahatlashib olinganini ta’kidladi.
"Bosh vazir lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Abdulla Nig‘matovich Aripov nomzodini tavsiya etaman”, - deb ta’kidladi prezident.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda O‘zbekiston parlamenti palatalarining qo‘shma majlisi o‘tmoqda.