TOShKENT, 20 yanv – Sputnik. Majlis ishtirokchilari Oliy Majlis yuqori palatasi faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat Konstitutsiyasining 93-moddasiga muvofiq Oliy Majlis Senati Raisi va uning o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni taqdim qildi.
Palata a’zolari yashirin ovoz berish yo‘li bilan Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga Tanzila Narbayevani sayladi.
Senat Raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga yashirin ovoz berish yo‘li bilan Sodiq Safoyev saylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 86-moddasiga muvofiq Senat Raisining o‘rinbosarlaridan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakili bo‘ladi. Ushbu normaga asosan Senat Raisining o‘rinbosari lavozimiga yashirin ovoz berish yo‘li bilan Musa Yerniyazov saylandi.
Senat Raisining o‘rinbosari lavozimiga yashirin ovoz berish yo‘li bilan Zayniddin Nizamxodjayev ham saylandi.
Majlisda senatorlar tomonidan xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari, budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari, sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish, mudofaa va xavfsizlik masalalari, fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari, yoshlar, madaniyat va sport masalalari, agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitalari, shuningdek Reglament va odob komissiyasi tashkil etildi.
Har bir qo‘mita va komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari va a’zolari saylandi.
Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Bundan tashqari, Bosh vazirning Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish to‘g‘risidagi arizasi o‘qib eshittirildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi nihoyasiga yetdi.