TOShKENT, 11 yanv - Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin shanba kuni GFR kansleri Angela Merkel bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng uchrashuv mazmunli o‘tganligini e’lon qildi. Davlat rahbari muhokama qilingan iqtisodiy, siyosiy va madaniy mavzularning muhimligini alohida qayd etdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Putinning aytishicha, Rossiya gazini Ukraina orqali tranziti Merkel bilan muhokama qilingan muhim masalalardan biri bo‘lgan.
"Muzokaralar davomida biz Rossiya gazining Ukraina hududi orqali tranzitini davom ettirish bilan bog‘liq masalalarni ko‘tardik. 1-dekabr kuni "Gazprom" va ukrainalik sheriklar bilan erishilgan kelishuvlarning muhim ahamiyati qayd etildi. Bu o‘laroq keyingi besh yil davomida tranzit ishlari amalga oshiriladi", - dedi Rossiya yetakchisi.
Putin bu kelishuvlar Rossiya uchun ham, Ukraina uchun ham o‘zaro manfaatli va balanslangan xarakterga egaligini eslatib o‘tdi.
O‘z navbatida, Merkel Rossiya gazining Ukraina orqali tranziti bo‘yicha erishilgan kelishuvlar o‘zaro uyg‘un va hamohang hamkorlik namunasi ekanligiga ishonch bildirdi.
Rossiya davlati rahbarining fikriga ko‘ra, kansler bilan uchrashuv foydali va mazmunli bo‘lgan.
"Bugun bo‘lib o‘tgan mazmunli va foydali muzokaralar davomida ikkiyoqlama munosabatlarning siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalaridagi asosiy masalalar ko‘rib chiqildi", - dedi Putin.
Bundan tashqari, Rossiya va GFR hamkorlikdagi kengqamrovli harakatlar rejasi (SVPD) amalga oshishini qo‘llab-quvvatlaydi, deya aniqlik kiritdi.
"Rossiya va Germaniya SVPDning kelajakda amalga oshishini qat’iy olqishlaydi. Eronliklar Yevropa davlatlari qo‘llab-quvvatloviga tayanishga haqli. Yevropa davlatlari Eron bilan savdo-sotiq uchun dollardan mustaqil bo‘lgan moliyaviy mexanizmni yaratish va’dasini bergan edilar. Savdo almashinuvi uchun mo‘ljallangan institut – INSTEX – oxir-oqibat baribir ishlashi kerak", - deya tushuntirdi RF prezidenti.
Nemis kansleri Rossiya yetakchisi bilan muloqot yakuniga ko‘ra, o‘z navbatida, "Shimoliy oqim - 2" loyihasini oxirigacha yetkazish muhimligini qayd etdi.
"Germaniya va yevropaning boshqa davlatlari "Shimoliy oqim"dan foyda ko‘rishmoqda. Barcha o‘z gazini yetkazib berishni diversifikatsiyalashdan manfaatdor, lekin bu juda muhim loyiha", – deb qo‘shimcha qildi Merkel.
Rossiya prezidenti GFR kansleriga u loyihaga mas’uliyatli va obyektiv baho bergani uchun minnatdorlik bildirdi.
"Rossiya va Germaniya aktivida energetika sohasida bir qator hamkorlikdagi yirik loyihalar bor", - deya tushuntirdi Putin.
U shuningdek, "Shimoliy oqim - 2" gazo‘tkazgichini qurish va ishga tushirish bo‘yicha ishlar 2020-yilning oxiriga qadar yoki kelgusi yilning birinchi kvartaligacha yakuniga yetkazilishi kerakligini qo‘shimcha qildi.
Gazo‘tkazgich qurilishini Rossiyaning "Akademik Cherskiy" kemasi yakunlashi mumkin. U Daniya suvlarida ishlash uchun zarur bo‘lgan texnologiyalar bilan jihozlangan va loyiha bo‘yicha qolgan o‘sha kichik hududdagi ishlarni oxiriga yetkaza oladi.
Rossiya prezidenti bilan uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Merkel RF va Turkiyaning hamkorlikdagi Liviyadagi mojaroni tartibga solish bo‘yicha urinishlari muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid bildirdi. Merkelning so‘zlariga ko‘ra, Berlinda tez orada liviya anjumani o‘tkazilishiga umid bog‘lashmoqda.
"O‘ylashimcha, Turkiya prezidenti Erdog‘an va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida Istambulda sermahsul uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv doirasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu BMT XKda veto huquqiga ega bo‘lgan mamlakatlar o‘rtasida Berlin jarayoni doirasida qo‘yilgan qadam bo‘lishi mumkin. Boshqa davlatlar bilan ham oliy darajada muayan hujjat ishlab chiqilishiga imkon beradi", - deya tushuntirdi GFR kansleri.
Merkel Berlinda o‘tkaziladigan anjumanga GFR hozirda BMT shafeligida ishtirokchilarni taklif qilishi mumkinligiga ishontirdi.
"Biz suverenitetga aralashmoqchi emasmiz, va shu bois Liviyadagi mojaro tomonlari - janob Saraj va janob Xaftar - ular ham ushbu masalalar yechimiga jalb etiladi. Umid qilamizki, Rossiya tomoni va Turkiya tomoni sayi-harakatlari muvaffaqiyatli kechadi, va biz tez orada ishtirokchilarni Berlindagi anjumanga taklif eta boshlaymiz", - dedi Merkel.
Putin Liviyadagi qurollangan qarama-qarshilikka nuqta qo‘yish kerakligini va sulx rejimini o‘rnatish zarurligini e’lon qildi.
"Marshal (Xalif) Xaftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasi va janob (Fayez) Sarraj boshchiligidagi milliy kelishuv hukumati o‘rtasidagi qurollangan qarama-qarshilikka nuqta qo‘yish o‘ta muhim, sulx rejimini qaror toptirish kerak, yakuniy maqsadi mamlakat ichidagi vayronagarchilikni yengib o‘tishga va yagona davlat institutlarini shakllantirishga qaratilgan siyosiy jarayonni ishga tushirish kerak", - dedi Putin.
Rossiya prezidenti shu kunlarda Turkiya prezidenti Toyib Erdog‘an bilan o‘zaro kurashuvchi tomonlarga 12-yanvar 0.00dan boshlab harbiy harakatlarni to‘xtatishga qaratilgan chaqiriqni o‘z ichiga olgan hamkorlikda bayonot aynan shu maqsadlarga erishishga qaratilganini qo‘shimcha qildi.