TOShKENT, 11 yanv - Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yaqin Sharqdagi ishlar keng ko‘lamli harbiy mojarogacha yetib bormaydi, deya umid bildirmoqda - aks holda bu butun dunyo uchun katta fojia bo‘ladi. Bu haqda Rossiya yetakchisi Germaniya kansleri Angela Merkel bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng gapirdi.
"Holatga yaxlit qaraydigan bo‘lsak - umid qilamanki, ish yirik ko‘lamli harbiy mojarolarga borib taqalmaydi. U yerda kichik shiddatda urush borayotganini shundoq ham ko‘rib turibmiz. Lekin bu jangovar harakatlar, insonlarni nobud qiladigan. Bu fakt. Yirik ko‘lamli jangovar harakatlarning oldi olinishini xohlardim. Agar u yuz bersa, bu nafaqat mintaqa, Yaqin Sharq, balki butun dunyo uchun katta fojia bo‘ladi", - dedi Putin Yaqin Sharqdagi holatga izoh berar ekan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar "odamlarni an’anaviy yashab turgan joyidan siljishga, yangi qochoqlar oqimiga" olib kelishi mumkin. Va bu oqimlar nafaqat Yevropa, balki boshqa mintaqalarni ham to‘ldirib tashlashi mumkin.
"Bu insonparvarlik fojiasi bo‘ladi, dinlaroaro fojia, iqtisodiy fojia, negaki bularning barchasi dunyo iqtisodi va dunyo energetikasining barbod bo‘lishiga yoki unga ulkan zarar yetishiga olib keladi", - deb qo‘shimcha qildi prezident.