TOSHKENT, 5 sen - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. 5-sentyabr kuni Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtgan muzokaralardan soʻng Oʻzbekiston prezidenti va Misr Arab Respublikasi prezidentining Qoʻshma bayonoti qabul qilindi.
Oʻzbekiston yetakchisi oʻz chiqishida prezident Abdulfattoh as-Sisi bilan muloqot va muzokaralar "samarali, sermazmun va juda ochiq" oʻtganini taʼkidladi. Tadbir davomida bu koʻtarinki va doʻstona kayfiyat ikkiyoqlama kelishuvlarga oʻz ijobiy taʼsirini koʻrsatganiga guvoh boʻldik.
Xususan, as-Sisining Oʻzbekistonga ilk tashrifi boʻlishiga qaramay, tomonlar turli sohalarga doir 10dan ziyod bitim va memorandumlarni imzoladilar.
Mirziyoyev oʻz bayonoti doirasida chiqishi davomida Misr prezidenti bilan nimalarga kelishishgani toʻgʻrisida toʻxtaldi.
Siyosiy soha: qoʻshma ishchi guruh ish boshlaydi
"Ushbu sohada boʻlib oʻtgan muzokaralarda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, xalqaro terrorizm va diniy ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurash masalalarini koʻrib chiqdik", - deb taʼkidladi Oʻzbekiston prezidenti.
Prezident taʼkidiga koʻra, Oʻzbekiston va Misr bu borada amaliy idoralararo aloqalarni oʻrnatish va qoʻshma ishchi guruh tashkil etishga qaror qilgan.
Mirziyoyev Koʻksaroydagi muzokaralar natijasida tuzilgan ishchi guruh "katta ishlarni amalga oshirishi va bu ishlarning natijasi katta boʻlishiga" ishonch bildirdi.
Hamfikr davlatlar: xalqaro doiralarda hamkorlik kuchayadi
Oʻzbekiston prezidenti oʻz chiqishi davomida Oʻzbekiston Misr davlati bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom Hamkorlik Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish boʻyicha hamfikrligini taʼkidlab oʻtdi.
Afgʻoniston masalasi: maqsadi mustahkam tinchlik oʻrnatish
Mirziyoyevning soʻzlariga koʻra, Misr prezidenti bilan oʻtkazilgan muzokaralarda "Afgʻoniston zaminida mustahkam tinchlik va barqarorlik oʻrnatish yoʻlida sayi-harakatlarni birlashtirishga" alohida urgʻu berilgan. "Yuqorida zikr etilgan masalalar boʻyicha Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida maslahatlashuvlarni muntazam ravishda oʻtkazishga kelishib oldik", - deb taʼkidladi Mirziyoyev.
Iqtisod: Oʻzbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashi tuzildi
Mirziyoyevning taʼkidiga koʻra, Koʻksaroyda oʻtkazilgan muzokaralarning diqqat markazidan iqtisodiy hamkorlik masalalari oʻrin olgan.
Ikkala tomon savdo sotiq va investitsiya sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga, shu maqsadda bor imkoniyatlardan keng va samarali foydalanishga kelishgan.
"Biz bugungi holat mavjud imkoniyatlarimizga mos emasligini taʼkidlab, ikki tomonlama savdo aylanmasini yaqin yillarda yanada oshirish, eksport qilishda transport harajatlarini kamaytirish uchun zarur choralar koʻrishni maqsad qilib qoʻydik", - dedi Oʻzbekiston prezidenti.
Tomonlar shuningdek, qishloq va suv xoʻjaligi, energetika, neft, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, tekstil, charm galantereya, farmatsevtika kabi sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari koʻrib chiqilgan.
Mirziyoyevning taʼkidiga koʻra, bu borada savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha, Hukumatlararo qoʻshma komissiya ishini faollashtirish Oʻzbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashini tashkil etishga kelishilgan.
Turizm sohasi: misrlik sayyohlar koʻpayadi
Oʻzbekiston prezidenti taʼkidiga koʻra, Toshkent turizm sohasida katta tajriba va salohiyatga ega boʻlgan Misr bilan bu sohada hamkorlikni kuchaytiradi.
"Biz ziyorat turizmi doirasida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarimizni koʻrish, imom al-Buxoriy, imom Motrudiy, imom Bahouddin Naqshband, Shohi Zinda, Chor Bakr, Mir Arab majmulalarini ziyorat qilish uchun Misrdan keladigan sayyohlar oqimini koʻpaytirish boʻyicha Toshkent-Qohira va Xurgada oʻrtasida aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha masalalarni muhokama qildik", - dedi Oʻzbekiston rahbari.