TOShKENT, 10 apr — Sputnik. Toshkentda aprel boshidan "Yandeks.Taksi" xizmati rasman ishga tushdi. Bu aholi orasida qaynoq muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Rossiyalik agregator O‘zbekiston taksi xizmati sohasiga qanday yangiliklar olib keladi? Bu mijozlar uchun yaxshi bo‘ladimi yoki yomon? Sputnik muxbiri ushbu va boshqa savollarga javob izladi.
Xo‘sh, "Yandeks.Taksi" o‘zi nima, u qanday ishlaydi?
Oxirgi bir necha yil davomida smartfonlar keng tarqalishi, internet tarmoqlarining rivojlanishi natijasida IT texnologiyalar ko‘plab sohalarga chuqur tadbiq qilina boshladi. Taksi xizmati sohasida bunday o‘zgarishlar – agregatorlar, ya’ni umumlashtiruvchi dispetcher kompaniyalari paydo bo‘lishiga olib keldi.
"Yandeks.Taksi" – to‘liq avtomatlashgan dispetcherlik xizmati bo‘lib, unda mijoz buyurtmasi soniya ichida qayta ishlanib unga eng yaqin masofada bo‘lgan bo‘sh taksi haydovchisiga yetkaziladi.
Undan tashqari, ushbu dastur mijozga xizmat haqida o‘z fikrini bildirish imkonini beradi va jamlangan maqtov yoki tanqidlar asosida har bir haydovchining reytingi tuziladi. Navbatdagi buyurtmani berish vaqtida haydovchi reytingi hisobga olinadi.
Moskva misolida
Ushbu tizim dunyoning yirik shaharlarida o‘zining samarali ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Masalan, Moskvada taksi agregatorlari paydo bo‘lganidan so‘ng 4-5 yil ichida 90% mijozlarni o‘ziga jalb qila oldi. Bunday muvaffaqiyatning sabablari juda oddiy:
- Mashina kelish vaqti juda tez: Moskvada o‘rtacha 5 minut
- Xizmat narxi (nolegal taksilarga nisbatan) arzon va mijozga oldindan ma’lum. Har gal bor so‘z boyligingiz va aktorlik mahoratingizni ishga solib taksichi bilan savdolashish shart emas.
- Xizmat, haydovchilik qilishga huquqi bor shaxs, mos keladigan va nisbatan yangi avtoulovda ko‘rsatiladi. Yo‘l-yo‘lakay ketayotgan tasodifiy avtomobilda emas.
- Mizojlar sifatsiz ko‘rsatilgan xizmat haqida o‘z fikrini bildirishlari mumkin. Shikoyatlar tekshiruvdan so‘ng inobatga olinadi va haydovchi reytingiga va kelajakda unga beriladigan buyurtmalar soniga ta’sir qiladi.
- Kerak bo‘lganda qo‘shimcha yuk uchun joy, bolalar o‘rindig‘i kabi qo‘shimcha xizmatlarni oldindan buyurtma berish mumkin.
- To‘lovni bank kartasi orqali amalga oshirish imkoniyati bor.
Moskva aholisi yuqoridagi yutuqlarga munosib baho berishdi. Natijada, nolegal taksi juda qisqa vaqt ichida Moskvadan siqib chiqarildi. 7-yil ichida qonuniy ishlayotgan taksilar soni 10 baravarga oshdi, taksi avtomobillari o‘rtacha 3 baravarga “yoshardi”. Bugungi kunda Moskvadagi taksi avtomobilining o‘rtacha “yoshi” — 2,8 yilni tashkil qiladi. "Yandeks.Taksi"da oldin ishlagan haydovchi aytishiga qaraganda, taksida ishlash uchun avtomobil holati juda yaxshi bo‘lishi kerak. "Oynasida biror chizig‘i bor" avtomobil ham taksi xizmatiga olinmagan.
Undan tashqari, hozirgi vaqtda shahar ko‘chalarida birorta ham qo‘l ko‘tarib taksi to‘xtatayotgan odamni ko‘rmaysiz, chunki 99 % aholi smartfon orqali taksi chaqirishni odat qilib olishdi. Bu juda qulay, kelayotgan avtomobilni ayni damda qaysi nuqtada ekanini haritada ko‘rib turish va u aynan yetib kelgan vaqtda uydan chiqish mumkin.
“Yandeks.taksi” esa, 7-yil davomida Moskvada taksi xizmatlari bozorining 50%ni egallab olishga, Rossiyaning 126 yirik shaharlarida hamda Armaniston, Gruziya, Qirg‘iziston, Belorussiya, Moldoviya, Ukraina va Qozog‘istonda ham o‘z xizmatlarini yo‘lga qo‘yishga ulgurdi.
Rossiyada muvaffaqiyatli ishlayotgan boshqa yirik taksi agregatorlari ham bor: Masalan “Gett” – Moskva taksi xizmatlari bozorining 30%ga ega, “Uber” – 10%, Rutaxi, “Vezet” va boshqalarning ham mijozlari juda ko‘p.
Eski uslubda, dispetcher orqali ishlaydigan taksi xizmatlariga mijozlar kamdan kam hollarda murojaat qilishadi. Bunday xizmatlardan shahar markazlaridan uzoq bo‘lgan joylarda va smartfondan foydalanishi mushkul bo‘lgan keksa yoshdagi fuqarolar foydalanishadi.
Agregatorning kamchiliklari ham bor…
Shuni bilish kerak-ki, taksi agregatori faoliyatining asosini – kompyuter dasturi tashkil qiladi. Ularning o‘z garaji, o‘z avtomobillari, o‘z dispetcher va nazoratchilari yo‘q.
Demak hech kim, taksi uchun faqat “professional” kategoriyalari haydovchilarni tanlab olish, ularning avtomobili tozaligini, tashqi ko‘rinishini va alkogol ichmaganini har kuni ertalabdan tekshirib keyin yo‘nalishga chiqarmaydi.
Taksi agregatori eng boshida bir marotaba haydovchining hujjatlarini tekshirib, u bilan bilan shartnoma imzolaydi xolos. Avtomobilning texnik holati, tozalik, xavfsizlik va boshqa narsalar uchun haydovchining faqat o‘zi javob beradi.
Taksi xizmati sifatining nazoratichisi esa – mijozlarning o‘zi bo‘ladi. Aynan mijozlar qoldirgan shikoyat va fikrlar asosida har bir haydovchining reytingi tuziladi.
- Sifati past yoki xavfli xizmat ko‘rsatilishini mutlaq oldini olishning iloji yo‘q, lekin, mijozlar o‘z vaqtida xabar bersa, bunday xizmat qayta takrorlanmasligi mumkin.
- Bozorda birgina yirik agregator bo‘lsa, u dispetcherlik xizmati uchun oladigan foizini oshirishi mumkin. Buning oqibatida taksi xizmatlari narxi oshishi, mijozlar va taksi haydovchilarida tanlash imkoniyati qolmasligi va umumiy qilib aytganda — monopoliya hosil bo‘lishi mumkin.
Taksi emas – lotoreya!
O‘zbekistonda oxirgi 25-yilda ushbu soha qanday ahvolda bo‘lgani hammaga ma’lum. Bir necha bor bo‘lgan urinishlar: dispetcherlik kompaniyalari tashkil qilinishi, avtomobillar sariq rangga bo‘yalishi, noqonuniy taksilarga ulkan jarimalar solinishi – bularning barchasi ushbu sohada jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmadi.
Bugun ham ko‘chada yurgan avtomobillarning qanchasi qonuniy yoki noqonuniy taksi ekanligini va necha foizi qo‘shimcha daromad qilish uchun ertalab va kechqurun “biroz taksi” bo‘lishini hech kim bilmaydi. Taksi xizmatlari narxi va sifati esa – lotoreyani eslatadi.
Ana shunday vaziyatda, tajribali taksi agregatorining paydo bo‘lishi, balkim ushbu sohada tartib o‘rnatishning samarali uslubi bo‘lar?
Boshlanishi yaxshi
Dastlabki xabarlarga ko‘ra, Yandeks taksi Toshkentda ish boshlaganidan so‘ng bir soat ichida 400ta buyurtma olgan. Kun davomida esa bir necha mingta. Xizmatning birinchi kunidayoq 17 ming kishi ushbu dasturni yuklab olgan. Kompaniya, avtomobillar soni kam bo‘lgani uchun hozircha barcha buyurtmalarni o‘z vaqtida bajara olmayotganini xabar qilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Yandeks.taksi” hozircha faqat Toshkentda ishga tushgan. Eng kichik buyurtma 2 ming so‘m bo‘lib, u 3 kilometrgacha bo‘lgan masofani qoplaydi. Keyingi har bir kilometr uchun 1000 so‘mdan to‘lash kerak.