TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Bugun O‘zLiDep tashabbuskorlari O‘zbekistonning chekka hududlarida taksini sariq rangga bo‘yashdan voz kechish kerak hamda litsenziyani rasmiylashtirish tartibini osonlashtirish lozim degan tashabbus bilan chiqishdi.
Sputnik muxbiri masalaga oydinlik kiritish maqsadida Samarqand shahrida bir necha yil davomida taksichilik qilib, hozir boshqa sohaga o‘tgan kishi bilan suhbatlashdi.
-" O‘zLiDeP"ning taksilarni sariq rangga bo‘yash tartibini bekor qilishi haqidagi tashabbusini qanday baholaysiz?
— Bugun shahardagi taksi haydovchilarining 50%i qonuniy taksi bo‘lsa, 50%i noqonuniydir. Qonuniy taksichilar har kuni 35-40 ming chipta puli to‘laydi, noqonuniy taksichilar esa bir so‘m ham to‘lamaydi. Lekin ular huquqni muhofaza qilish organlari qo‘liga tushib qolishsa juda katta jarima to‘lashga majbur.
Menimcha bu — yaxshi taklif, Agar ushbu tashabbus qonunga aylansa ko‘pchillik taksichilar "soyadan chiqishi" turgan gap. Birinchidan, avtomobilni boshqa rangga bo‘yashga, boshqa nomer olib ro‘yxatdan o‘tish — ko‘p vaqt va mablag‘ talab qiladi. Ikkinchidan, agar taksida ishi yurishmay qolsa, keyin nima bo‘ladi? Bir umr sariq mashina minib yurishi kerakmi?! Uni qaytib o‘z rangiga bo‘yash uchun yana pul kerak. Uchinchidan, zavodda bo‘yalgan mashina bilan ustaxonada bo‘yalgan mashinaning tashqi ko‘rinishida ham yer bilan osmoncha faq bor. Bir necha marta bo‘yalgan mashinani sotish ham muammo bo‘lishi mumkin.
Lekin masalaning boshqa tomonini ham unutmaslik kerak. Bugun shaharda taksilar soni shundoq ham juda ko‘p. Hamma — o‘zini taksiga urgan. Ular orasida oilamni boqaman deb, bir umr taksichilik qilib yurganlar ham bor, kechagina "prava"sini olib bugun taksichilik qilishga tushganlar ham bor.
Undan tashqari sariq taksilar paydo bo‘lganiga mana 7-8 yil bo‘lmoqda. Shu vaqt ichida ularning aksariyati – judayam achinarli ahvolga kelib qolgan.
Buning birinchi sababi ular oddiy avtomobilga qaraganlda ko‘p yurishi bo‘lsa, ikkinchi sababi – ularning ko‘pi ijaraga olingan avtomobillar bo‘lib – hech kim ularni avaylab haydamaydi. O‘rindiqlar sinib, kirga botib ketgan. Eshik tutqichiga qo‘lingni qo‘ysang, kiriga yopishib qoladi. Ularni tashqi ko‘rinishi ham achinarli. Bunday avtomobil qanday qilib texnik ko‘rikdan o‘tganini faqat gumon qilish mumkin.
- Masalaning nima yechimi bor?
- Bugungi kunda taksichilarga aholining munosabati qanday?
— Bir necha o‘n yillar oldin taksomotor parklari har kun ertalab avtomobilning tashqi va ichki holatini, haydovchining salomatligi va uning tashqi ko‘rinishini tekshirib, keyin ishga chiqarardi. Ko‘rsatilayotgan xizmat sifatiga taksopark javob berar edi. Shuning uchun ham aholi taksichilarni hurmat qilardi.
Hozir bo‘lsa, kechagina "prava"sini olgan tajribasiz haydovchilaru, oldin boshqa-boshqa sohalarda ishlagan odamlar ham taksichi bo‘lib olgan. Hech kim ularni nazorat qilmaydi.
Buning oqibatida xizmat ko‘rsatish sifati tushib ketgan. Taksichilar yo‘llarda ko‘plab xavfli vaziyatlar yuzaga keltirishmoqda. Natijada, xalq orasida ushbu kasb egalarinigng obro‘yi ham tushib ketgan, desam adashmayman.
- Sizningcha, bu masalada nima qilish mumkin?
— Litsenziya avtomobilga emas – haydovchiga berilsa, to‘g‘ri ish bo‘lar edi, menimcha.
Taksi haydashga hammani ham qo‘yavermaslik kerak. Kamida 3-4 yil haydovchilik tajribasi bor, oxirgi 3-yil davomida qoidabuzarlik qilmagan haydovchilarga taksichilik qilish huquqi berilsa – hamma uchun yaxshi bo‘lardi. Axir taksi xizmatining sifati — 90% haydovchiga bog‘liq.