TOShKENT, 9 mar — Sputnik. Fevral oyi o‘rtalarida poytaxt rahbarlari noqonuniy ravishda yo‘lovchilarni tashiyotgan kirakashlarga, jumladan, “bombilalarga” qarshi urush e’lon qildi. Shuni ta’kidlash joizki, noqonuniy kirakashlar Toshkentdagi “taksi” xizmatining 80% qoplab kelayotgan edi. Sputnik O‘zbekiston muxbiri ushbu muammoga chetdan nigoh tashlab, o‘rganish uchun noqonuniy yo‘lovchilardan birini suhbatga chorladi.
O‘zini Nozim deb tanishtirgan suhbatdoshimiz uzoq yillar davomida Moskvada quruvchilik bilan shug‘ullanganini aytdi. Ammo so‘nggi paytlarda sog‘lig‘i pand bera boshlagani uchun, 2013-yilda u ona shahri — Buxoroga qaytishga qaror qilgan. Shu paytdan boshlab u “bombila”likni o‘ziga kasb qilib olgan, deyish mumkin.
Noqonuniy kirakashlar yurti
"Nima, o‘ylaysizki, menga bu ish yoqadimi: kechani kecha, kunduzni kunduz demay rulda o‘tirish? Navbatdagi har bir yo‘lovchidan hadiksirab yashash – kim bilsin qotilmi u yo o‘g‘rimi, balki litsenziyasi yo‘q kirakashlarni “ovlash” uchun qo‘yilgan melisadir?”, savolimizga savol bilan javob beradi Nozim.
O‘zbekiston keyingi yillarda haqiqatan ham noqonuniy kirakashlar yurtiga aylandi. Yaxshi ishga joylashish va oilani ta’minlash uchun yetarli ma’lumot va kasb-hunarga ega bo‘lmagan chekka viloyatlardagi fuqarolar uchun faqat bitta chora qoldi – haydovchilik guvohnomasini olib, rulga o‘tirish, va ular ta’biri bilan aytganda, toshkentlik boyvachchalarga “xizmat qilish”.
Poytaxt keyingi yillarda kirakashlar uchun chin ma’noda Makkaga aylandi. Bu yerda asl poytaxtlik haydovchini kunduz kuni chiroq yoqib ham topib bo‘lmay qoldi. Kirakashlarning asosiy qismi mo‘maygina daromad topish maqsadida chet viloyatlardan tashrif buyurgan fuqarolardir. “Toshkentlik hotamtoylar” haqida ertaklarni eshitganlar borki, poytaxtga borib kirakashlik qilish orzusida yonadi. Inkor etmaymiz, dunyo bo‘yicha daromad olish manbai ham, pul aylanmasi ham shaharlarga qaraganda, aynan poytaxtda yuqori bo‘ladi. Ammo Toshkentga kelganlarning umidi tez orada puchga chiqishi ham ayni haqiqat – “bombilalar” kirakashlikning ilk kunidayoq raqobat o‘ta kuchli, pul esa ozligini tushunib yetishadi.
Nozim ham o‘z tole’ini sinab ko‘rish uchun Toshkentga tashrif buyurgan ana shunday haydovchilardan biri.U hozirgi noqonuniy kirakashlar bosib o‘tgan yo‘lni bir boshdan takrorlagan.
"Buxoroda mo‘may daromad topish qiyin masala. Oyliklar kam, shu bois, kamdan-kam odam taksida yuradi. Agar taksi ushlasa ham, benzinga yetgulik haq to‘lashadi, bunday yo‘lovchilardan foyda qilish amrimahol. Shu bois, ko‘pchilik o‘zini Toshkentga urgan: poytaxt ahli xizmat evaziga yaxshi haq to‘laydi, qolaversa, mijoz izlab ovora bo‘lmaysiz, bir so‘z bilan aytganda ishlasangiz — pichog‘ingiz yog‘ ustida bo‘ladi. Viloyatdagi odamlarning poytaxtga intilishi siri shunda”, — deydi Nozim.
Noqonuniy kirakashlarning aksariyati quyidagi sxemada ish boshlaydi: pul qarz olib, mashhur Sirg‘ali bozoriga borishadi va u yerda bir necha yil minilgan, taksichilar orasida eng mashhur “Matiz” mashinasini 3-4 ming dollarga xarid qiladilar. Bejirimgina, foydalanishda qulay va muhimi, benzin borasida ancha tejamkor bu mashina tez orada o‘ziga qilingan sarf-harajatni qoplash imkonini beradi.
Taksichilar orasida shuningdek, keyinchalik sotib olish sharti bilan (kunlik yoki haftalik ijara haqini to‘lab borish sharti bilan) mashinani arendaga olish holatlari ham ko‘p uchraydi. Avtomobillarni ijaraga oluvchilar tufayli bu kabi biznes hozirda O‘zbekistonda juda gullab-yashnamoqda.
Ammo bu yerda o‘ziga xos kamchilik mavjud: oxir-oqibat ijaraga olingan mashina egasiga 3 barobar qimmatga tushadi, ammo, bu bepul pishloq faqat qopqonda bo‘ladi, deganlaridek…
“Poytaxt rahbariyati so‘nggi 3-4 yil davomida yo‘llarda tartib o‘rnatishga, va bizlardan qutulishga harakat qilmoqda, — hikoya qiladi Nozim. — Har yil erta bahorda “oblava” uyushtirilishini taksichilarning hammasi besh qo‘lday bilishadi. GAI va soliq xodimlari noqonuniy kirakashlarga katta-katta jarima tayinlaydilar, ammo bularning hammasi vaqtinchalik. Buni hamma yaxshi biladi: shahar ma’muriyati vakillaridan tortib, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarigacha.
Noqonuniy kirakashlardan qutulishga xalal beruvchi ikki sabab mavjud va bu masala yaqin yillarda hal etilishi mumkin ham emas. Birinchidan, ish o‘rinlari yo‘qligi. Tasavvur qiling, o‘n minglab odamlar o‘zlariga egallab turgan ishdan bir kunda voz kechishdi. Xo‘sh, ularni nima bilan band qilish mumkin? Ular oilani tebratish uchun yetarli ma’lumotga yoki alqissa, birorta kasb-hunarga ega emas. Agar ular oilani ta’minlab turish uchun ishlashmasa, qonunga xilof harakatlarga qo‘l urishlari turgan gap – misol uchun o‘g‘rilik yoki undan ham battar ishlarga… Shuni ham ta’kidlash joizki, hozir mamlakatda ish o‘rinlari borasida tanqislik katta, Rossiyadan qaytayotgan minglab migrantlar o‘z uylariga, tug‘ilgan qishloqlariga emas, balki Toshkentga yo‘l olyaptilar. Chunki, Toshkentda pul topish oson, u yerda oyliklar katta, degan afsonalarga hamma ishonadi, va shu bois poytaxtga ish izlab boradi”, — deydi suhbatdoshimiz.
“Shuni ham ta’kidlash joizki, noqonuniy kirakashlarning kattagina qismini keksalar tashkil etadi. Berilayotgan nafaqaning ozligidan, ularga ham kirakashlik qilishga majbur bo‘lmoqda. Yoki davlat xizmatchilarini olaylik — rasmiy ishdan bo‘sh vaqtida ular ham ikki-uch soat kirakashlik qilgani chiqishadi. Shu bois, yangi ish joylarini tashkil etish bilan mavjud muammoni hal etib bo‘lmaydi, oyliklarni ko‘tarish kerak bo‘ladi.
O‘tgan yili noqonuniy kirakashlarga qarshi urush qator janjallar bilan yakun topdi, — deb hikoya qiladi Nozim. — Noqonuniy haydovchilar va qonun posbonlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Misol uchun, ijaraga olingan avtomobilda kirakashlik qilib yurgan haydovchilardan biri huquqni muhofaza qilish organi xodimini yaxshilab kaltaklagan, yana biri esa pichoqlashgacha borgan.
Bu ikki hodisa shaharda katta shov-shuvga aylandi, shundan so‘ng reydlar soni sezilarli darajada kamaydi.
Ikkinchidan esa, poytaxtning rasmiy avtoparklari “taksi bozori”dagi talabning 30%ini ham qoplash imkoniga ega emas. Toshkent ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda litsenziyalangan taksiga ega kompaniyalar hisobida jami 2900 ta avtomobil mavjud ekan. Shaharga esa kamida 15 mingta mashina kerak”.
Nozimning so‘zlariga qaraganda, xalq ko‘pdan ko‘p hollarda aynan noqonuniy kirakashlar xizmatidan foydalanishni afzal ko‘radi, chunki “bombilalar” davlat narxidagi taksichilardan ancha arzon narxda yurishadi. “Agar Uber Amerikada 2009-yilda paydo bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bu turdagi xizmat 2000-yil o‘rtalaridan buyon mavjud”, deydi kulib suhbatdoshimiz.
“Faqat bu yerda zamonaviy texnologiyalarsiz ham hammasi juda sodda yo‘lga qo‘yilgan. Ma’lum yo‘nalish bo‘yicha harakatlanayotgan taksi haydovchisi old oynaga "1000 so‘m” degan taxtachani joylab qo‘yadi. Xohlagan odam taksini to‘xtatib, o‘ziga kerakli manzilgacha borishi mumkin. Natijada, kirakash mashinani to‘ldirib odam oladi. Hamma xursand – haydovchi mo‘maygina daromad olganiga, yo‘lovchi esa arzon narxda o‘zlariga kerakli manzilga yetib olganiga.
Soyadan chiqish vaqti keldimi?
Nozimga odatiy savolni beramiz – nima uchun kirakashlar soyadan chiqib, litsenziya olishga shoshilmayapti. Axir shunda DAN xodimlari ularni tinch qo‘yardi, qolaversa ishlash ham oson bo‘lar edi. “Hammasi siz o‘ylaganchalik oson bo‘lsa qani edi”, — deydi suhbatdosh.
“Mana misol uchun, noqonuniy kirakash mashinasi ijaraga olingan, demak to kelishilgan mablag‘ to‘lanmagunga qadar, u avtomobilga egalik qilolmaydi. Bu nima degani? To‘g‘ri, qonunga muvofiq, ijaraga olingan mashina bilan taksoparkka rasman ishga joylashsa bo‘ladi. Ammo amalda buning aksi. Mansabdor shaxs bunga tish-tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatadi, rahbariyat ijaraga olingan mashina bilan ortiqcha dahmaza orttirishni istamaydi. Bu yerda yana shuni inobatga olish kerakki, noqonuniy kirakashda rasmiy qoidada keltirilganidek, avtomobilni fil suyagi rangiga keltirishga yetadigan mablag‘ yo‘q. Bundan tashqari, avtomobil egalarining hammasi ham ijaraga oluvchiga, ya’ni noqonuniy kirakashga, mashinani boshqa rangga bo‘yashga ruxsat bermaydi.
Masalaning yana bir nozik tomoni – litsenziyaga ega bo‘lish. Taksichi litsenziya uchun bir yilda Markaziy bank kursi bo‘yicha 75 dollar(215 ming so‘m) to‘lashi kerak. Bu mablag‘ga oylik soliq va boshqa harajatlar kirmaydi. Bundan tashqari, litsenziyani qo‘lga kiritgan jismoniy shaxs taksichilik qilolmaydi. U taksopark ro‘yxatida turishi shart. Bu degani, o‘sha taksichining ish kuni to‘liq soatma-soat qat’iy belgilab qo‘yiladi — qayerga borishi, bir kunda qancha soat ishlashi, mijozlardan qancha pul olishigacha…
Mana shu holat ko‘plab haydovchilarning litsenziya olishdan voz kechishlariga sabab bo‘lmoqda. Nozimning so‘zlariga qaraganda, bunday ahvolda odam o‘ziga o‘zi tegishli bo‘lmay qoladi va “begona amaki”ga ishlashga majbur etiladi.
Yana bitta kamchilik – rasmiy taksoparklarga faqatgina haydovchilik stajiga ega odamlarni ishga qabul qilishadi. Ish staji uch yildan kam bo‘lmasligi kerak. Suhbatdosh so‘zlariga qaraganda, ushbu holatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun avtoparklar ham, litsenziya beradigan organlar ham murosaga borishlari kerak.
Tegishli organlar noqonuniy kirakashlar dardiga quloq tutishlari shart. Axir ularning ko‘pi soyadan chiqishga tayyor, faqat qo‘yilayotgan talablar tufayli bunday qila olmayaptilar.
Noqonuniy kirakashlarga qarshi kurashish kerak, albatta. Chunki mijozni “ilib” ketish maqsadida bir chiziqdan ikkinchi chiziqqa keskin o‘tayotgan ba’zi “bombilalar” yo‘l-transport halokati sababchilariga aylanishmoqda.
Ular orasida tezlikni oshirish holatlari ham ko‘p uchraydi: mijozni tezroq manziliga yetkazib qo‘yib, yangisi sari oshiqishadi…
Ammo ushbu kurash mavjud tizimni yangilash, o‘zgartirish bilan emas, balki “bombilalarga” qarshi jazo qo‘llash asnosida o‘tkazilayotgani achinarli.
Bu — “ko‘zni shamg‘alat qilish” emasmi? Bunday olib qaralganda, Toshkent shahrida hammasi ko‘ngildagidek, ajoyib. Lekin sinchkovlik qilinsa, o‘n qadam narida yo‘l chetida yo‘lovchining qo‘l siltashiga mahtal turgan noqonuniy kirakashlarga ko‘zingiz tushishi aniq.