TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Qat’iyat bilan islohotlar amalga oshirayotgan O‘zbekiston hududning iqtisodiy “turtki beruvchi”siga aylanishi mumkin deyilgan Albert Yeger boshchiligidagi Xalqaro valyuta fondi missiyasining O‘zbekiston bo‘yicha yakuniy bayonnomasida.
“O‘zbekiston mamlakat oldida turgan, zudlik bilan yechim talab qilayotgan muammolarni, avvalombor ish o‘rinlari yetishmovchiligi muammosini hal qilishga qat’iyat bilan kirishdi”, — deyilgan XVF hisobotining umumiy xulosasida.
Demografik faktor
Oxirgi 20-yil ichida O‘zbekistonda aholi soni jadal o‘sib bormoqda. Ayni damda har yili ish qidirayotgan fuqarolar soni 500 ming kishiga oshib bormoqda.
Ushbu demografik faktor O‘zbekiston uchun noyob imkoniyat yaratadi — Respublika bir avlod umri davomida aholi daromadini “o‘rtadan yuqori” darajagacha ko‘tarishi mumkin.
Shu bilan bir vaqtda, ish o‘rinlari yaratish jarayoni paydo bo‘layotgan ishchi kuchi miqdoriga teng bo‘lmasa – bu ommaviy migratsiya, ishsizlik va aholi noroziligi oshishiga olib keladi. Buni O‘zbekiston rasmiy boshqaruv organlari yaxshi tushunishadi.
Iqtisodiy siyosat
Oldingi yillarda O‘zbekistonda olib borilgan iqtisodiy siyosatda, iqtisodiy jarayonlarga davlat aralashuvi, import o‘rnini bosish siyosati, valyuta almashuvini cheklashlar – odatiy hol edi. Shu bilan bir vaqtda hududiy hamkorlik va savdoga yetarli darajada e’tibor berilmas edi.
Rasmiy statistika ma’lumotlari bo‘yicha mamlakatda bunday siyosat go‘yoki samaralidek tuyulsada, millionlab mehnat migrantlarining chet ellarda ish izlashga majbur bo‘layotgani va yuqori inflyatsiya miqdori mamlakatdagi ijtimoiy – iqtisodiy vaziyat og‘irligidan dalolat berardi.
2014 yilda yuz bergan tashqi noxush iqtisodiy holatlar oqibatida valyuta kursining keskin oshib ketishi, iqtisod negizida katta kamchiliklar borligini namoyish qildi.
Islohotlar boshlandi
O‘zbekiston hukumati iqtisodiy islohotlarni valyuta bozorini erkinlashtirishdan boshladi. 2017-yilning sentabr oyidan valyuta almashtirishdagi cheklovlar olib tashlandi.
Undan so‘ng narxlarni erkinlashtirish, davlat organlarini isloh qilish hamda Markaziy bankka ko‘proq erkinlik berish kabi islohotlar amalga oshirildi.
Mana shunday islohotlarni faol amalga oshirayotgan O‘zbekiston hududda o‘zgarish va gullab-yashnashning boshlovchi mamlakati bo‘lishi mumkin edi. Aholi soni, jug‘rofiy joylashuvi tufayli O‘zbekiston butun tarix davomida Markaziy Osiyoning iqtisodiy o‘zagi bo‘lgan.
O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar barqaror bo‘lsa, bu hududda o‘zaro savdo, yetkazib berish zanjiri, energetika va transport tarmoqlari tiklanishi hamda suv resurslaridan foydalanish borasidagi azaliy tortishuvlarga barham berishga imkon tug‘dirar edi.
Yaqin kelajak
O‘zbekistonda 2018-2019 yillarda YaIMning 5% miqdorida barqaror iqtisodiy o‘sish kutilmoqda. Bunga ijobiy tashqi talabning saqlanib qolishi, xom-ashyo mahsulotlari narxi o‘sishi, qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmi oshishi hamda faol olib borilayotgan quruvchilik sabab bo‘ladi. Lekin bularga qaramasdan, mamlakat ichida ish o‘rinlari yaratish miqdori 1%dan kam miqdorda saqlanib qoladi. Ish o‘rinlari asosan oilaviy va boshqa kichik korxonalar hisobidan amalga oshiriladi. Chet ellarda ishlayotgan mehnat migrantlari soni oshishi ehtimoli saqlanib qoladi.
Tashqi savdo sohasida eksport hajmi oshib boradi va u kutilganidan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari mamlakatda olib borilayotgan faol qurilish hamda chegaradosh mamlakatlar bilan savdoning faollashuvi tufayli import hajmi ham oshib boradi.
Bu borada XVF importni cheklovchi ma’muriy choralar qo‘llamaslikni tavsiya etadi, chunki import ham raqobat kuchayishi hisobidan narxlar tushishi va umumiy iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi.
Inflyatsiya miqdori ham yuqori bo‘lishi kutilmoqda, lekin bu iqtisodni erkinlashtirishning dastlabki bosqichlari uchun odatiy holat. Inflyatsiyaga valyuta bozori va boshqa sohalardagi narxlar erkinlashtiruvi sabab bo‘ladi.
Moliya-kredit siyosati
O‘tgan yilning boshida Markaziy bank moliya-kredit siyosatini yumshatgan edi, lekin keyinchalik valyuta bozorini erkinlashtirish oldidan qayta moliyalash stavkasini 9 %dan 14%gacha ko‘tardi. Kelajakda inflyatsiya miqdorini imkon qadar past darajada ushlab turish maqsadida MB qayta moliyalash stavkasini yuqori darjada saqlab turishi kerak.
O‘zbekiston kredit bozori turli segmentlarga bo‘lingan. Davlat korxonalari kredit olishda katta imtiyozlarga ega. Xususan, ular davlat banklari orqali foizi past bo‘lgan imtiyozli valyuta kreditlari yoki O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (TTJ) orqali xorijiy banklar kreditlarini olishlari mumkin. Odatda bunday kreditlar banklar uchun juda kam foyda keltiriadi.
Xususiy sektordagi korxonalar esa, asosan so‘mda kredit olishadi. Ushbu kreditlar miqdori juda kam, foiz to‘lovlari esa – juda qimmat.
Ushbu tizimni o‘zgartirish yo‘lida birinchi qadam, bu — O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi orqali berilayotgan kreditlarning boshqa banklar orqali qayta moliyalashga cheklov qo‘yish bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, TTJ mablag‘larini milliy valyuta ko‘rinishida mahalliy banklarga tarqatilsa, kreditlar qiymati oydinlashar hamda valyuta ko‘rinishida olingan kreditlar soni kamayar edi. Bu o‘z navbatida moliya-kredit siyosatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lar edi.
Iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlari yaratishni ta’minlash maqsadida banklar yetarli miqdorda mablag‘ga ega bo‘lishlari kerak. Buning uchun banklar aholi mablag‘larini yoki xorijiy kapitalni jalb qilishi kerak bo‘ladi. Balkim xorijiy banklarni O‘zbkistonda ishlashga jalb qilish kerak bo‘lar.
Budjet siyosati
O‘tgan yilda budjetdan tashqari operatsiyalar soni ko‘p bo‘ldi. Ikkinchidan ularning miqyosi va xarakteri haqida ma’lumot juda kam edi. Bu o‘z navbatida, budjet operatsiyalarining to‘liq miqdori va soliq-budjet siyosatini baholashda qiyinchiliklar tug‘dirdi. Barcha budjet operatsiyalari shaffof bo‘lishi kerak. Rasmiy boshqaruv organlari ushbu yo‘nalishda muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. 2019-yildan boshlab barcha operatsiyalar tasdiqlangan budjet doirasida bo‘lsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Soliq tizimi
Ish o‘rinlari yaratishda soliq islohotlari majmuasi muhim o‘rin tutadi. Lekin ushbu islohotlar daromad miqdoriga nisbatan betaraf nuqtayi nazarda bo‘lishi hamda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak.
O‘zbekistonda bugun amal qilayotgan soliq tizimi juda murakkab va ko‘plab imtiyozlardan iborat. Undan tashqari korxonalar turli kategoriyalarga bo‘lingan bo‘lib, ularga nisbatan, ishchilar soniga qarab, oddiy yoki soddalashtirilgan soliq tizimi qo‘llaniladi. Bunday bo‘linish, yangi ish o‘rinlari yaratishga juda salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xususan, bir tomondan xodimlar soni ko‘p bo‘lgan katta korxonalar juda katta soliq bosimi ostida qolgan. Ikkinchi tomondan esa – soddalashtirilgan soliq tizimida ishlayotgan kichik korxonalar esa, oddiy soliq tizimiga o‘tishdan qochish uchun, bir necha kichik korxonalarga bo‘linishga yoki ishchilar sonini majburan qisqartirishga harakat qilishmoqda. Buning oqibatida, yangi ish o‘rinlari juda kam yaratilmoqda. Hozircha ular faqat kichik biznes sohasida yoki oilaviy korxonalarda yaratilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti qarorlariga binoan, umumrespublika miqyosida soliq islohoti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Lekin ushbu islohotlar bosqichma-bosqich va soliq organlari salohiyatini oshirish hamda soliq to‘lovchilarni yangi talabchan soliq tizimiga o‘rgatish bilan yonma-yon olib borilishi kerak.
Ayni damda yig‘ib olinayotgan soliqning aksariyati davlat korxonalari tomonidan to‘lanmoqda. Ushbu korxonalar ko‘plab soliq imtiyozlariga ham ega, lekin iqtisod erkinlashuvi bilan imtiyozlar soni kamayib, soliq to‘lovchilar qamrovi esa kengayib boradi. Soliq tizimi bunga tayyor bo‘lishi kerak.
Muhim o‘zgarishlar
- Narxlarni erkinlashtirish: xom-ashyo birjalari faoliyati isloh qilinganidan keyin ham, asosiy tovarlar narxlari davlat tomonidan nazorat qilinmoqda;
- Savdo-sotiqni erkinlashtirish: bu sohada bojxona tariflarini yanada soddalashtirish hamda Umumjahon Savdo tashkilotiga kirishga tayyorgarlik ko‘rish kerak;
Statistika
O‘zbekiston rasmiy organlari statistik ma’lumotlarni takomillashtirishda yaxshi natijalarga erishmoqdalar. O‘tgan yili respublika XVFning Ma’lumotlar umumiy tarqatish tizimiga a’zo bo‘ldi. 2018-yilning 1-mayidan boshlab O‘zbekiston asosiy iqtisodiy, moliyaviy va ijtimoiy statistik ma’lumotlarini rasmiy sahifada e’lon qilib boradi.