Mening mehribonim! (g‘alati, endi bu ibora kinoyaday eshitilyapti).
Yorug‘ olamga kelgan vaqtimda ilk bor qo‘lingizga olib, ko‘krak tutganingizda hidingizni tuydim. Bu hidni haligacha ming-minglab iforlar orasidan adashmay tanib olaman…
Sizning quyosh kabi yuzingizni ham o‘shanda ko‘rganman va bir umrga jajji ongimda muhrlanib qolgan.
Oftob kabi yorug‘, iliq va mehr ufurgan chehra, tinchlik, xotirjamlik, to‘kinlikni va’da qilayotgan, shundan dalolat berayotgan hidingiz yorug‘ olamga kelib, chekkan azoblarimni bosib ketgan edi.
Pul kerakmidi sizga? Unga uy-joy qilmoqchimidingiz? Meni olib borish uchun uyingiz yo‘qmidi? Menga kiyim, quruq sut olib berishga qurbingiz kelmasmidi?
Menga pul kerak emas, oyijon! Mening pulim ham, borim ham, yo‘g‘im ham o‘zingiz! Menga uy kerak emas! Sizning bag‘ringiz har qanday koshonadan ulug‘!
Menga kiyim kerak emas! Eski bo‘lsa ham ko‘ylagingizning etagiga solib, o‘rab olib yursangiz, menga shu eng po‘rim kiyimdan afzal.
Menga quruq sut ham zarur emas! Ko‘kragingizdan kelib turgan sutning o‘zi yetarli. Xudoyimning o‘zi men uchun kerak bo‘ladigan hamma-hammasini muhayyo qilgan edi-ku. Siz nega ko‘nmadingiz? Men hali nafsim va ehtiyojimdan ming barobar ko‘proq talab qiladigan ochko‘zlik darajasida emasdim. U siz, kattalar, nafsingizga erk berasiz, bizga esa ozgina mehr va Alloh yuborgan ne’matlar yetarli.
Ko‘rapsizmi, oyijon, menga hech narsa kerak emas, sizni bezovta ham qilmasdim, faqat issiq bag‘iringizda bo‘lsam bas edi.
Onalar farzandi uchun nima ish qilmasin, hammasi kechiriladi, lekin hatto farzandidan o‘zining razil maqsadi uchun foydalangan sizni kim deb atash mumkin?!
Siz meni inson o‘rnidan ko‘rmadingiz… mendan ko‘ra allaqancha yashil qog‘ozchalarni afzal bildingiz. Ona va bola o‘rtasidagi mehrdan ulug‘roq bo‘lgan bu qog‘ozlar nima o‘zi? Ularga shu mehrdan ham ortiq, shu mehrdan ham ulug‘roq nimani olish mumkin? Bilmayman…
Ishoning, bir kun ulg‘aysam, hamma muammolaringizni o‘zim hal qilib berardim… bir kun katta bo‘lib, yoningizda turib, ishlab, o‘sha qog‘ozchalardan ko‘pini topib berardim, oyijon! O‘sha qog‘ozchalarga shunchalar o‘ch ekansiz, nahotki bilmadingiz, men yoningizda, omon bo‘lsam, sizning tirik pullaringiz ham bo‘lishim mumkin edi. "Bor, pul topib kel", desangiz ishlab, mehnat qilib topib kelardim. Baribir sizni tashlab ketolmasdim-ku!
Bir haqiqatni bilmadingiz, oyijon, qog‘ozning joni yo‘q, qog‘ozga ko‘p narsalarni alishtirsa bo‘ladi, lekin mehrni olib bo‘lmaydi… Pulni bugun bo‘lmasa ertaga, ertaga bo‘lmasa indin topish mumkin, u hech yerga qochib ketmaydi, uni har yerdan, har ishni qilib topish mumkin, lekin endi meni qaydan topasiz? Men sizni qaydan topaman?!
Albatta, siz bu qog‘ozlari xohlaganda farzandga aylantirish, uning mehrini sotib olish mumkin, deb o‘ylaysiz. Shunday fikrda bo‘lganingiz uchun ham meni shularga almashtirdingiz. Ishoning, oyijon, haqiqat bunday emas. O‘rtamizdagi mehr bitta yurak, bir ong bilan yashayotgan davrda boshlangan. Qachonlardir ikkalamiz bir tomirdan oziqlanganmiz, bir yurak bilan yashaganmiz, bir ong bilan fikr qilganmiz, axir.
Bilsangiz, bu dunyoda sizga mendan-da yaqinroq odam yo‘q edi. Buni tez unutganingizga hayronman. Ikkalamiz yaxlit edik. Qirq hafta bir tan, bir jon bo‘lib yashadik…
Qirq hafta!
Bu umrimning eng lazzatli, eng sharafli, eng yorqin, beg‘ubor, beg‘am damlari ekan. Buni tug‘ilganim hamonoq sezganman. Tezroq tug‘ilishni, sizni ko‘rishni juda-juda istardim…
Biroq…
Men hali na hidingiz va na yuzingizdan yog‘ilib turgan nurni unutib ulgurmagan edim. Ularga to‘ymagan ham edim. Bu hid va bu nur hayotga kelib, topganim, his etganim eng qadrdon, eng oliy tuyg‘ularim, ishonchim, borlig‘im edi. Biroq, siz meni sotdingiz!
Bir inson ikkinchisiga qilishi mumkin bo‘lgan eng razil, eng qabih ishni siz o‘z farzandingizga qo‘lladingiz. Men-ku, kimning qo‘liga tushdim, bilmayman…
Balki farzand dog‘ida yurgan, uni erkalab, papalab o‘stirsam, unga jonimniyam fido qilsam, deb orzu qilib yurgan, Xudo zurriyotdan qisgan odamlardir… Balki, o‘zining allaqanday razil maqsadlari uchun foydalanmoqchi bo‘layotgan yomon odamlardir…
Balki, inson a’zolari bilan savdo qiluvchi nobakor kimsalardir… Bilmayman, bilishniyam istamayman!
Omon bo‘ling, oyijon! Hali meni ko‘p, juda ko‘p eslaysiz!!!
Bir ojiz go‘dak-da, deb o‘ylamang… Men-ku sizga yomonlik tilamayman, lekin mehringizni sotib, o‘rniga arzon bahoga olganingiz — qahr umringiz so‘ngigacha ta’qib qiladi!