Assalom, oyijon! Va nihoyat, men og‘riq his qilmayapman…
Men ishtonchamga xo‘llab qo‘yganim uchun sizdan kechirim so‘rashga ulgurmadim. Kechiring! Va’da beraman, bu boshqa hech qachon takrorlanmaydi.
Oyijon, biling-ki, tabassumingiz juda chiroyli, o‘zingiz esa — eng go‘zal onasiz! Men sizni juda yaxshi ko‘raman, yana bir marta quchishni, o‘pishni va hidingizni to‘yib hidlashni istayman… Lekin sizni topolmayapman, qayerdaligimni tushunmayapman. Nega sizni chaqirganimda javob bermayapsiz?
Ko‘zlaringiz mayus tortganda, sizga qarash menga og‘riq berardi. Ko‘z yosh to‘kkaningizda, qanchalik qiynalayotganingizni his qilardim. Sizni qo‘llab-quvvatlashni, xali hammasi yaxshi bo‘lishini, men esa hamisha yoningizda bo‘lishimni aytishni xohlardim. Boshqalar singari sizdan yuz burib ketmasligimni aytishni juda-juda xohlardim. Lekin aytolmasdim… Buning o‘rniga ko‘zlarim xoinlarcha men ularni tiyishni o‘rganmagan ko‘zoshlarga to‘lardi. Men hatto eplab bir so‘zni ayta olmasdim — o‘rniga chinqiriq chiqardi. Agar o‘zimni qo‘lga olishni o‘rganganimda edi, hammasi boshqacha bo‘lardi.
Yana, menga shokoladli tuxum sotib olib berganingiz ham yodimda. Menga juda yoqqandi, lekin sizning boshqa pulingiz qolmagandi. Eh, bu pullar! Ular nega kerakligini hech qachon tushunmaganman. Kunlarning birida sumkangizni titkilab, koshelogingizdan topib oldim ularni. O‘rganayotib, kutilmaganda yirtib qo‘ydim. Siz yana meni jazoladingiz. Shunga loyiq bo‘lgan bo‘lsam kerak… ular siz uchun bu qadar muhim ekanini tushunmaganman. Sizga yetkazgan dilxiraliklarim uchun meni kechiring!
Menga avtobus yoki marshrutka oynasidan yo‘lga qarab ketish juda yoqardi. Yonimizdan "yugurib o‘tayotgan" daraxtlar va uylar menga zavq bag‘ishlardi. Siz meni qattiq quchib, yanoqlarimdan bo‘sa olar edingiz. Men baxtli edim…
Men allaqanday ayollarning ovozlarini eshitardim, ular operatsiya qilish zarurligi haqida gapirishardi. Meni qo‘llarida ko‘tarib yurishardi ular, men esa hammasi yaxshi ekanini aytaolmasdim. Nega men endi o‘z fikrimni bayon etishni o‘rgandim?!
Yana men "nafratlanish" nimaligini bilmayman. Bu yerdagi bolalar ilgarilari o‘z ota-onalaridan nafratlanishganini aytishadi, mendan ham "Oyingdan nafratlanasanmi?", deb so‘rashadi. Ularga nima deb javob qaytarishni bilmayman.
Bu yer menga yoqadi, oyijon. Bu yerda hamma narsa bor. Xohlagancha multik ko‘rish mumkin… Faqat sizni yomon sog‘inaman. Qachon meni olib ketasiz? Sizni yaxshi ko‘raman va endi hammasi yaxshi bo‘ladi, degan gaplarni aytishni orzu qilaman. Axir endi gapirishni bilaman-da.