TOShKENT, 28 dek — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Yakunlanayotgan 2017-yil O‘zbekiston uchun o‘n yillar davomida odamlar ongiga mustahkam o‘rnashib olgan va davlatchilikka ishonchni so‘ndirgan stereotiplarni ayovsiz sindirish hamda ulkan o‘zgarishlar uchun zamin yaratish yili bo‘ldi.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ichki siyosatda qator islohotlarni amalga oshirish bilan birga, O‘zbekistonning tashqi siyosati yo‘nalishini tubdan o‘zgartirdi. BMT minbaridan turib dolzarb muammolarga dunyo hamjamiyati e’tiborini qaratdi, Markaziy Osiyo mintaqasi rivojiga xizmat qiladigan tashabbuslarni ilgari surdi va yillar davomida o‘z yechimini topmay kelayotgan muammolarda o‘zining siyosiy irodasini namoyon etdi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tarixida yangi tarix sahifasi ochildi.
Qayd etish joizki, dunyo davlatlari orasida so‘nggi vaqtlarda avj olgan "diplomatik mojarolar" fonida Mirziyoyevning "biz hamma bilan faqat do‘st bo‘lamiz" deya qat’iy bildirgan fikri, O‘zbekiston endi kim taraf bo‘lar ekan, degan savol bilan o‘zini qiynayotgan ekspertlarni ham biroz hayratlantirdi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish va shu soha orqali xalqni boy qilishni o‘zining bosh mezonlaridan biri qilib olgan prezident Mirziyoyevning valyuta sohasida amalga oshirgan islohotlari ham dunyo hamjamiyatining alohida diqqat-markazida bo‘ldi.
Joriy yilda O‘zbekistonga BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahin ham tashrif buyurdi. BMTning maxsus vakili Ahmad Shahid O‘zbekistondagi turli din vakillari o‘rtasidagi totuvlik va hamjihatlik dunyoning hech bir davlatida kuzatilmasligini e’tirof etdi.
Mirziyoyevning amaldorlarga qo‘yayotgan talabi bitta: "Xalqni rozi qilish, xalqqa xizmat qilish".
O‘zbekiston rahbari 22-dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi senatiga murojaatida ham 2018-yilda qator vazirlarni ishdan ketishini, o‘z vazifasini uddalay olmayotgan, "dunyoqarashi davr talabiga mos o‘zgara olmagan" rahbarlar o‘rniga tajribasiz bo‘lsada, sadoqatli yosh kadrlar kelishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Prezident o‘z Murojaatnomasida ertangi kun borasida xalqqa katta-katta va’dalar bergani yo‘q, u borini boricha aytdi. "Bugun yaxshi yashashni istar ekanmiz, belni mahkam bog‘lab mehnat qilamiz".
Jamiyat va hokimiyat o‘rtasida muloqot paydo qilgan, xalqga daromad olish manbalarini ko‘rsatayotgan, yaratayotgan, xalqning farovonligi asosida davlatni boy qilishga harakat qilayotgan Mirziyoyev rahbarligidagi zamonaviy O‘zbekiston barchaga xush kelmoqda.