TOShKENT, 27 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi tanqiddan keyin Moliya vazirligi tizimida 560dan ortiq xodim ishdan bo‘shatildi. Bu haqda O‘zA xabariga tayanib RIA Novosti xabar bermoqda.
Shavkat Mirziyoyev Parlament palatalariga Murojaatnomasida Moliya vazirligi faoliyatini keskin tanqid qilgan, vazirlik rahbariyatiga o‘n kun ichida eskicha tizimda ishlayotganlardan qutulish kerakligini ta’kidlagandi.
"22 dekabrdan bugungi kunga qadar respublika moliya tizimi muassasalarining, xususan, Moliya vazirligi, g‘aznachilik va Pensiya jamg‘armasining 562 nafar xodimi ishdan bo‘shatildi", — deyiladi moliya vazirligi xabarida.
Xususan, Moliya vazirligining hududiy boshqarma boshliqlari tomonidan joylardagi moliya idoralaridan 273 nafar (23 nafari rahbar xodim), g‘aznachilik idoralaridan 65 nafar (12 nafari rahbar xodim), Pensiya jamg‘armasidan 100 nafar (1 nafari rahbar xodim), davlat moliyaviy nazorati boshqarmalari xodimlaridan 100 nafari (4 nafari rahbar xodim) o‘z lavozimidan ozod etilgan.
Ilgariroq Mirziyoyev tanqididan keyin Moliya vazirligi markaziy apparatidan 2 nafar bosh boshqarma boshlig‘i, 2 nafar bosh boshqarma o‘rinbosari, 4 nafar boshqarma boshlig‘i, 1 nafar boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, 3 nafar bo‘lim boshlig‘i hamda 4 nafar xodim, shuningdek, yana 8 xodim – jami 24 kishi ishdan bo‘shatilgani xabar qilingandi.