TOShKENT, 30 noya – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 30 noyabrda imzolagan PF-5268-sonli farmoniga binoan, bundan buyon O‘zbekiston sud-tergov jarayonida fuqarolar huquq va erkinliklari kafolati kuchaytiriladi va sud-tergov jarayonining har bir bosqichida qonunga amal qilish nazorati kuchaytiriladi.
“Sud-hukuq islohotlarining asosiga qonun ustuvorligi, fuqarolarning tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumpsiyasi kabi konstitutsiyaviy prinsiplar poydevor qilib qo‘yilgan”, — deyilgan farmonda.
Har qanday sharoitda – qonun ustuvorligini ta’minlash
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 83 — moddasiga muvofiq, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumpsiyasi kabi konstitutsiyaviy prinsiplarni so‘zsiz va og‘ishmay ta’minlash, sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya qilishga huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining birinchi darajali e’tibori qaratiladi.
Qonun normalaridan har qanday chekinish, kelib chiqish sabablaridan qat’iy nazar — qonuniylikni buzish hisoblanadi va belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qiynoq va tuhmatlarga barham beriladi
Protsessual qonunchilikni buzgan yoki noqonuniy uslublar bilan olingan ma’lumotlar jinoiy ishlarda bo‘yicha dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xususan, jinoyat ishtirokchilari yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq o‘tkazish va boshqa g‘ayriinsoniy yoxud kamsituvchi muomala turlarini qo‘llagan holda, shaxsga huquq va majburiyatlarini tushuntirmaslik oqibatida uni chalgitgan holda, noma’lum yoxud ish yuritish jarayonida aniqlash mumkin bo‘lmagan manbadan olingan ma’lumot asosida, dastlabki tergov jarayonida o‘z tasdig‘ini topmagan ko‘rsatuvlaridan, taxmin, faraz yoki mish-mishlarga asoslangan ko‘rsatmalaridan olingan, tegishli yuridik kuchga ega bo‘lmagan ma’lumotlardan jinoyat ishlari bo‘yicha dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sudlar oshkora bo‘lib o‘tadi
Jinoiy ishlarni oshkora ko‘rib chiqilishiga xalal berish, qonunda yaqqol belgilangan hollardan tashqari – ta’qiqlanadi.
Qonunbuzarlik yo‘li bilan olingan ko‘rsatma, xulosa va ashyoviy dalillar, audio, videoyozuvlardan dalil sifatida foydalanish – ta’qiqlanadi.
Shaxsni noqonuniy ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka tortish, yolg‘on ko‘rsatmalar berishga majbrlash kabi harakatlar uchun – jinoiy javobgarlik kiritiladi.
Tergov-taftish va sud jarayoni – nazorat ostida
Sirtdan qamoqqa olingan shaxslar, o‘zlariga nisbatan qo‘llanilgan chora ustidan shikoyat qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Dalillarni yig‘ishda noqonuniy uslublar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaatlar — prokuratura organlari yoki sud tomonidan tibbiy ekspertiza o‘tkazish orqali majburiy tekshirilishi shart.
Og‘ir jinoyatlar sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, tintuv va boshqa protsessual harakatlar — majburiy videoqayd etiladi.
Himoyachi tomonidan to‘plangan dalillar ham jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yilishi va jinoyat ishini sudda ko‘rib chiqish vaqtida majburiy tekshirilishi va baholanishi shart.
Sud muhokamasi jarayonida stenografiya yuritiladi, uning materiallari jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.
Ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsion uslublar
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari va maxsus qabulxonalar, ma’muriy qamoqni o‘tash joylarini videokuzatuv vositalari bilan jihozlashni ta’minlanadi.
Undan tashqari Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan shaxslarning huquq va erkinliklariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
sud-tergov harakatlarini yuritishning innovatsion shakl va uslublaridan foydalanishning, shuningdek, dalillar aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi to‘g‘risidagi jinoyat-protsessual qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlashning ilg‘or xorijiy tajribasini o‘rganish hamda tahlil qilishni;
sud-tergov faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, shu jumladan, “Elektron jinoyat ishi” tizimini joriy etish orqali optimallashtirish va soddalashtirish bo‘yicha takliflar kiritishni tashkil etsin.
Allaqachon yuz bergan o‘zgarishlar
Eslatib o‘tamiz, oxirgi bir yil davomida O‘zbekiston sud-huquq tizimida bir qancha o‘zgarishlar yuzberdi.
Xususan, sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergov yuritishga qaytarish tartibining bekor qilinishi – sezilari darajada yaxshi samara berdi. Natijada faqatgina 2017-yilning 10 oy davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi, vaholanki oldingi tartibga ko‘ra, oxirgi besh yil davomida atigi 7 nafar shaxs oqlangan edi.
Undan tashqari, yil davomida dastlabki tergov organlari tomonidan reabilitatsiya va boshqa asoslar bo‘yicha 3 511 ta jinoyat ishi tugatilgan.
Farmonning to‘liq matni bilan O‘zbekiston prezidentining rasmiy sahifasida tanishing.