TOShKENT, 30 okt — Sputnik. Bugun Mirobod tuman sudida ayovsiz kaltaklanishi oqibatida kasalxonada vafot etgan Borovskiy tibbiyot kolleji talabasi Jasur Ibrohimov ishi yuzasidan bir oydan ortiq davom etgan sud jarayoni o‘z marrasiga yetdi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri sud zalidan.
Sudya M.Matchonov Islombek To‘laganovni O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 104-moddasi 3 qismi "d" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, Jinoyat Kodeksining 85-moddasiga asosan unga olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tash belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu jinoiy ish yuzasidan davlat ayblovchisi Baxtiyor Akromov Ibrohimovning o‘limida ayblanayotgan Islombek To‘laganovni O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 104-moddasi 3 qismi "d" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, Jinoyat Kodeksining 85-moddasiga asosan unga olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab, tayinlangan jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tashni belgilashini so‘ragan.
27 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida jabrlanuvchi va ayblanuvchi tomonlarning advokatlari so‘zga chiqishdi. Jabrlanuvchi tomonning advokati Lola Ismoilova prokuror ayblov xulosalariga e’tiroz bildirib, sudyadan maksimal chora ko‘rishni so‘ragan bo‘lsa, Islombek To‘laganovni himoya qilayotgan ikki nafar advokat o‘z himoyachilarining ro‘y bergan fojiada aybsizligini isbotlashga urindilar hamda sudyadan ayblanuvchini sud zalidayoq ozod qilishni so‘radilar.
Sudya Islombek To‘laganovga himoya nutqini so‘zlash huquqini berdi.
Islom To‘laganov himoya nutqida advokatlari tomonidan aytilgan hamma fikrlarga qo‘shilishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng ayblanuvchiga so‘nggi so‘z berildi. "Agar Jasurbekka nisbatan qasdim bo‘lganida, men unga o‘qishning ichidayoq qo‘l ko‘targan bo‘lardim. Men unga javob qaytarardim. Meni ota-onam "Hech kimni hafa qilma, urishma" deb, "Kattalarga izzatda, kichkinalarga hurmatda bo‘l" deb tarbiya bergan.
Men ularning maslahatlariga quloq solganman. 3-may kuni bo‘lib o‘tgan voqeadan judayam qattiq pushaymonman, afsusdaman. Bo‘lib o‘tgan voqeadan keyin o‘zimni hech ham kechirolmayman. Hurmatli raislik etuvchi, hurmatli xalq maslahatchilari. Ikkinchi sonli kasalxona vrachlari to‘g‘ri tashxis qo‘yib, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatganida, Jasurbek vafot etmagan bo‘lardi. Jasurbek mard inson edi. U bilan salom-aligimiz yaxshi edi. U yerda 2-sonli (kasalxona) vrachlarining ham aybi juda ko‘p.
Men ekspertiza xulosasi bilan yaxshi tanishib chiqqanman. Hurmatli raislik etuvchi, xalq maslahatchilari! Menga jazo tayinlashda, Jasurbekka nisbatan qasdim bo‘lmaganini, fojia bo‘lishini o‘ylamaganim, yoshimni, ilgari sudlanmaganimni inobatga olib, adolatli jazo tayinlashlaringizga ishonaman", — deb o‘z so‘ziga yakun yasadi To‘laganov.
Mirobod tuman sudi tomonidan Islombek To‘laganovni O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 104-moddasi 3 qismi "d" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, Jinoyat Kodeksining 85-moddasiga asosan unga olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab, tayinlangan jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tash belgilandi.