TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. Fuqarolik, jinoyat va ma’muriy ishlarni ko‘rishda sud majlislari videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladi. Bu haqda 24-iyun kuni O‘zbekiston Oliy sudi Plenumining qarori qabul qilindi.
Sud majlislari videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish sabablari ko‘rsatilgan: fuqaro va tadbirkorlik subyektlari — sud protsess ishtirokchilarining sud orqali huquqlarini himoya qilinishida yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish, moliyaviy va vaqt xarajatlarini qisqartirish, shuningdek ishlarni ko‘rishda tezkorlikni ta’minlash va protsessual muddatlarni tejashdir.
Sudlar, bundan buyon, protsessual qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar hamda ma’muriy sudlar protsess ishtirokchilarining roziligi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlarida o‘rnatilgan telekommunikatsion texnologiyalardan foydalangan holda sud majlislarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishga haqli.
Bunda, sud majlislarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishning zaruriy sharti ishda ishtirok etuvchi shaxslardan loaqal bittasi boshqa ma’muriy-hududiy birlik (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) hududida, ya’ni ishni ko‘rayotgan sud joylashgan hududdan tashqarida joylashgan bo‘lishi lozimligi hisoblanadi.
Sudlar nazarda tutishlari lozimki, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisi deganda, real vaqt rejimida telekommunikatsiya texnologiyalari vositasida audio- va video- axborotlar almashinuvi imkoniyatlaridan foydalangan holda ishni ko‘rayotgan sud va sud majlisini o‘tkazishga ko‘maklashayotgan sud o‘rtasidagi interaktiv o‘zaro ta’sir qilish yo‘li bilan masofadan sud majlisini o‘tkazish tushuniladi.
Ishni ko‘rayotgan sud deganda, ish yurituvida bo‘lgan fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va ma’muriy sud tushuniladi.
Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini o‘tkazishga ko‘maklashadigan sud deganda, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini o‘tkazish uchun texnik va boshqa sharoitlarni ta’minlayotgan va ishni ko‘rayotgan sud hududidan tashqarida joylashgan iqtisodiy sud tushuniladi.
Ma’lumot uchun: videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisi ilk bor Rossiyada 1999-yil 18-noyabr kuni o‘tkazilgan. Rossiya Oliy sudi barcha kassatsiya va nazorat tartibidagi jinoyat ishlar to‘liq videokonferensaloqa rejimida sud majlislarida ko‘rib chiqiladi. O‘tgan davr mobaynida 650 mingdan ortiq videokonferensaloqa rejimida sud majlislari o‘tkazilgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.