TOSHKENT, 25 sen — Sputnik. Sudyalarning oliy malaka hayʼati va sudyalar malaka hayʼatlarining 2017 yilning oʻtgan davridagi ishlari, sohadagi muammolar va istiqboldagi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida sudyalar tomonidan odob-axloq kodeksiga rioya etish ustidan nazoratni kuchaytirish zarurli taʼkidlandi, deb xabar qildi Oʻzbekiston Hukumat portali.
Sudyalarni tanlash va lavozimiga tayinlash maqsadida tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi ana shu talablar asosida faoliyat yuritmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari, Sudyalarning oliy malaka hayʼati, shuningdek, sudyalarning malaka hayʼati raislari, aʼzolari va kotiblari ishtirok etgan tadbirda asosiy eʼtibor 2017 yil 13 iyunda sud tizimi xodimlari bilan uchrashuvda Mirziyoyev qoʻygan vazifalar ijrosiga qaratildi.
Sudyalik lavozimlarga nomzodlar eng malakali va masʼuliyatli mutaxassislar orasidan tanlab olinmoqda. Sudyani keyingi muddatga tayinlashda uning sud qarorlarini qonuniy va adolatli chiqarganligi, ishda qatnashgan tomonlarning vajlarini sinchiklab, xolis va begʻaraz oʻrganib toʻgʻri xulosa berishi tahlil qilinmoqda. Sudya faoliyat olib borgan hududda yashayotgan aholining, xususan, sudga ishi tushgan odamlar, keng jamoatchilikning fikri hisobga olinmoqda.
Sud raislari oʻz faoliyati yuzasidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida axborot bermoqda. Ular tomonidan berilayotgan tavsifnoma Sudyalar oliy kengashi uchun sudya faoliyatiga baho berishda asosiy hujjat boʻlib xizmat qilmoqda.