TOShKENT, 26 okt — Sputnik. O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Toyib Erdo‘g‘on o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar yakunida ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning turli sohalariga doir 20 dan ziyod hujjat imzolandi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Muzokaralar davomida Shavkat Mirziyoyev va Toyib Erdo‘g‘on davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini imzoladilar.
Shuningdek, savdo, sanoat, bank-moliya, investitsiya, turizm, yuk tashish, sog‘liqni saqlash, kadrlar tayyorlash, mudofaa va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir qator hujjatlar qabul qilindi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Mirziyoyev va Erdo‘g‘on muzokaralar o‘zaro anglashuv va hurmat ruhida o‘tganini, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi uzoq istiqbolli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
O‘zbekiston Turkiyaga nima yetkazib beradi?
O‘zbekiston keng turdagi sanoat mahsulotlari, transformatorlar, kabel o‘tkazgichlar va boshqa elektrotexnika tovarlari, polimerlar, mis va mis mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, ip-kalava, meva-sabzavot, qayta ishlangan oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni eksport qilishi mumkin. Shu maqsadda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston — Turkiya hukumatlararo komissiyasi majlislarini muntazam yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekistonda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, eng avvalo, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida mineral va xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil qilish rag‘batlantiriladi.
Energetika va foydali qazilmalar, jumladan, qayta tiklanadigan energiya, energiyani tejash va uglevodorodlar sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish hamda tajriba almashish qo‘llab-quvvatlandi.
Transport va logistika
Ikki davlatni bir-biri bilan bog‘laydigan transport yo‘laklarini kengaytirish savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida muhim omil bo‘lishi qayd etildi. Ikki mamlakat hududi orqali o‘tuvchi xalqaro transport yo‘laklarining raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirish maqsadida tranzit tariflarini maqbullashtirish va preferensiyalar taqdim qilishga kelishib olindi.
Muntazam parvozlar soni oshiriladi
Mirziyoyev va Erdo‘g‘on Samarqand va Istanbul shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha erishilgan kelishuvni mamnuniyat bilan qayd etib, fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish, muntazam parvozlar sonini oshirish va yangi parvozlarni yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanliklarini tasdiqladilar.
O‘zbekiston ham, Turkiya ham turizm sohasida ulkan imkoniyatlarga ega. Bu salohiyatdan to‘la foydalanish, sayyohlar almashinuvini oshirish ulkan iqtisodiy samara beradi.
O‘zbekiston prezidenti tomonidan yaqinda qabul qilingan Turkiya fuqarolari uchun viza tartibini soddalashtirishga oid qarori bu borada muhim qadam bo‘ldi. Qaror asosida tadbirkorlik va sayyohlik maqsadida O‘zbekistonga borishni istagan Turkiya fuqarolari uchun vizalar tez va oson taqdim etiladi.
Terrorizmga qarshi kurash sohasida hamkorlik
Turkiya va O‘zbekiston BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari bir-biriga o‘xshash yoki yaqindir.
Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro darajada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash istagida ekanliklarini ta’kidlab, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga intilishlarini bildirdilar.
Tomonlar xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, narkotiklarning noqonuniy muomalasi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, shuningdek, boshqa tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.
Fan, ta’lim, madaniyat sohalariga alohida e’tibor qaratildi
Turkiya O‘zbekistonda buyuk allomalar merosini o‘rganish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga qaratilgan tashabbuslar va amaliy ishlarni yuqori baholaydi.
Samarqandda bunyod etilayotgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkentda tashkil qilinayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada ulkan ahamiyat kasb etadi. Olimlar va ilmiy markazlar o‘rtasidagi aloqalar, ma’naviy va madaniy merosni birgalikda o‘rganishga qaratilgan loyihalar ikki xalq do‘stligini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishi ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning turli sohalariga doir 20 dan ziyod hujjat imzolandi.