TOShKENT, 10 sen — Sputnik. Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on Ostonada bo‘lib o‘tayotgan Islom hamkorlik tashkiloti sammiti davomida Myanmadagi vaziyat masalasini ko‘tardi, deb xabar qilmoqda Sputnik Qozog‘iston.
"Myanmada bizning musulmon birodarlarimiz o‘ta shavqatsiz munosabatlarga duch kelishmoqda, ularni o‘z uylarini tark etishga majbur qilishmoqda. Biz ularga nisbatan bo‘layotgan bu adolatsiz munosabatga barham berish uchun bor kuchimizni ishga solishimiz kerak. Ushbu insoniyat dramasining oldini olish maqsadida, biz Myanma va Bangladesh hukumati bilan birgalikda ish olib bormoqchimiz", — deb qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘on.
Turkiya prezidenti Bangladeshda boshpana izlayotgan musulmonlar ham yordamga muhtojligini qayd etib o‘tgan.
"Biz Bangladesh hukumatiga bu borada yordam berish istagimizni ma’lum qildik", — deya xotima qilgan Turkiya prezidenti.
Yakshanba kuni Ostona shahrida fan va texnologiyalar mavzusida IHT sammiti boshlandi. Tadbirda IHTning 56 ishtirokchi-davlatlari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar qatnashishmoqda. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ushbu sammitda ishtirok etish uchun kuni kecha Ostonaga jo‘nab ketdi.