TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Kappadokiya universiteti o‘qituvchisi, professor Hasan Ali Qorasarning e’tiroficha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Anqaraga tashrifi tarixiy bo‘ladi va u ikki mamlakatning kelgusi besh-o‘n yillik munosabatlari yo‘nalishini belgilab beradi.
"Hozirda ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 1,3 milliard dollarni tashkil etadi. Anqara va Toshkent besh yil ichida ushbu ko‘rsatkichni besh, keyingi 10-yilda esa 10 milliard dollargacha oshirishni rejalashtirmoqda", — dedi Qorasar "Anadolu" agentligiga.
U Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘on va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev to‘rt marta muzokaralar o‘tkazganini qayd etdi. Turkiya rahbarining Samarqandga tashrifi vaqtida ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish haqida qaror qabul qilindi, tegishli yo‘l xaritasi tayyorlandi.
Professor shuningdek, Erdo‘g‘on o‘zbekistonlik hamkasbi bilan Pekin, Ostona hamda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan yirik miqyosdagi xalqaro tadbirlar doirasida uchrashuvlar o‘tkazganiga e’tibor qaratdi. Bu esa, uning fikricha, Turkiya kelajakda O‘zbekistonga alohida ahamiyat qaratishini bildiradi.