TOShKENT, 24 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ertaga Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi bilan boradi.
Shubhasiz, ushbu tashrif hamda tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar ikki davlat iqtisodiyotining rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ammo bu yangilik emas, vaqt davomida tasdiqdan o‘tgan jarayondir. Eng asosiysi, ancha davr davom etgan sovuqchilikdan so‘ng siyosiy sohada davlatlar mavqeyi qay darajada yaqinlashadi. Mirziyoyev va Erdo‘g‘on Anqarada bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda nimalarni muhokama qilishadi.
Murakkab o‘tmish
Markaziy Osiyo respublikalari mustaqillik e’lon qilgan onlardan boshlab Turkiya hukumati ushbu mintaqaga o‘z ta’sir doirasining salohiyatli sohalaridan biri sifatida qaray boshladi. Shu bois ham aynan birinchilardan bo‘lib Turkiya nafaqat mintaqa davlatlarini tan olgani, balki o‘xshash mentalitet va madaniy an’analarga ega bo‘lgan turk davlatlarini birlashtirish bayrog‘i ostida ular bilan faol munosabatlar o‘rnatishga kirishgani bejiz emas.
O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki yillarida ushbu jarayonga faol qo‘shildi, mamlakatda qisqa vaqt ichida yuzlab turk korxonalari ish boshladi, ayniqsa ko‘plab sohalarda mahalliy bozorning unchalik rivojlanmagani sababli turklar deyarli “butun maydon”ni egallashdi. Masalan, tekstil sanoati, tezkor ovqatlanish sohasi, kimyo sanoatida shunday hol kuzatildi.
Bunga parallel ravishda 1994-yilda O‘zbekistonda ofisi ochilgan Turkiya hamkorlik va taraqqiyot agentligi (TIKA) sa’y-harakatlari samarasi o‘laroq boshqa sohalarda ham hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. O‘shanda O‘zbekiston hukumati o‘z kelajagi bo‘lgan yoshlarni turklarga ishonib topshirgan holda ta’lim tizimida cheksiz sharoitlar yaratib berdi.
Butun mamlakat bo‘ylab ta’lim darajasi davlat ta’lim muassasalaridan ancha farq qilishi bilan nom qozongan turk litseylari ochila boshladi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, mustaqillikning dastlabki besh yili davomida O‘zbekistonda 60-70ta turk litseyi ochilgan. Bu litseylarda o‘qish urfga aylandi, bo‘lajak davlat boshqaruvchilari, jamiyat oqsuyaklari ta’limning birinchi bosqichini albatta mana shu yerda olishlari kerak deb hisoblanardi.
Biroq vaqt o‘tgach, tashkil etilgan ta’lim muassasalari orqali ayrim turk zodagon vakillari o‘z mafkuralarini ilgari surayotganliklari ma’lum bo‘ldi. O‘shanda ko‘plab mahalliy ekspertlar turk mafkurachilari mamlakat ichida O‘zbekistonni Turkiya siyosatiga yetaklaydigan beshinchi kolonna tayyorlashayotgani haqida gapirishgandi.
1999 yilda Toshkentda qator portlashlar yuz berishi O‘zbekistonni hushor torttirdi. Portlashlardan biri Islom Karimov hukumat yig‘ilishida ishtirok etishi lozim bo‘lgan Vazirlar Mahkamasini vayron qilishi lozim edi. O‘zbekiston hukumati o‘shanda sodir etilgan terrorchilik harakatlarida gumon qilingan muxolifatning qator yetakchilarini topshirishni so‘rab Turkiya tomoniga murojaat qildi. Biroq Anqara bu so‘rovni rad etish bilan ko‘plab hamkorlikdagi loyihalarga nuqta qo‘ydi.
Shuni tushunish lozimki, o‘shanda davlat rahbariga suiqasd uyushtirilgan va davlat to‘ntarishiga urinish yuz bergandi, turk hukumati esa buning aybdorlarini o‘z qanoti ostiga olib ularni topshirishdan bosh tortdi. Shu bois 1999-yil oxirigacha Turkiya homiyligidagi deyarli barcha o‘quv muassasalari yopildi.
Qizig‘i, Turkiyani o‘zbek muxolifati vakillari, xususan, yozuvchi Muhammad Solih yashash joyi sifatida tanlagani uchun bu mamlakat O‘zbekiston hukumatiga ilgari ham o‘ziga xos boshog‘riq bo‘lgandi. Yaqinda aeroportda qo‘lga olingan va keyin qo‘yib yuborilgan yozuvchi Nurullo Otaxonov ham yurtiga aynan Istanbuldan uchib kelgani tasodif emas.
Tutashuv nuqtalari
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati Anqara shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, global hamda mintaqaviy tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilinishi, xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashilinishini bildirdi.
"Tashrif yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar uchun qulay sharoitlar yaratish, sayyohlar almashinuvi va madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga qaratilgan ko‘plab hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan", — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Keling, ushbu so‘zlar nimalarni anglatishini batafsil ko‘rib chiqamiz. Turkiya va O‘zbekiston uchun qator ziddiyatlar paydo bo‘lgan iqtisodiy hamkorlik masalalari birinchi o‘rinda turadi. Turkiya O‘zbekistonning an’naviy va muhim savdo hamkori hisoblanadi. 2000-2016 yillarda o‘zaro tovar aylanmasi hajmi deyarli yetti baravarga o‘sdi va 2016-yil yakunlariga ko‘ra 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bois bu yerda siyosat ikkinchi darajaga tushadi va har ikki tomon keskin savollarni keyinroqqa qoldiradi.
O‘zbekistonda ulkan ta’sirga ega bo‘lgan turk biznesi 2011-yilda qator muammolarga duch keldi. Bu bir tarafdan, o‘zbek muxolifatchilarini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan turk hukumati siyosati sababli mamlakatlar o‘rtasidagi umumiy sovuqchilikka bog‘liq edi. Ikkinchi tarafdan esa, o‘zbek iqtisodiyotining qator sohalarida ustun mavqelarni egallagan turk biznesi vakillari ayrim amaldorlar himoyasi ostida bo‘lgandi.
Oraga sovuqchilik tushganidan so‘ng O‘zbekistondagi turk kompaniyalarining ishlari qonuniyligini tekshirishga buyruq berildi. Natijada soliq va bojxona qonunchiligiga xilof millionlab dollarlik qonun buzilishlari aniqlandi. Shundan so‘ng turli qonun buzilishlarida ayblangan o‘nlab turk kompaniyalari mamlakatni tark etdi.
O‘zbekistonning yangi prezidenti turk biznesi bilan hamkorlik qanday samara keltirishini juda yaxshi anglagan holda mazkur vaziyatni o‘nglashga harakat qilmoqda. Shu kunlarda turkiyalik tadbirkor va turistlarning respublikaga kirish vizasi olish tartibini yengillashtiruvchi hujjat imzolandi.
Ikki mamlakat aviakompaniyalari o‘zaro parvozlar muntazamligi va geografiyasini tobora kengaytirgan holda faol hamkorlik qilishmoqda. Masalan, 30-oktabrdan boshlab Istanbul va Samarqand o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Shu yilning fevral oyida O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi chog‘ida 1 milliard dollarlik, may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyalarining IV yig‘ilishida esa 2 milliard dollarlikdan ortiqroq shartnomalar imzolandi. Qizig‘i, mazkur komissiyalarning oxirgi yig‘ilishi uzoq 2008-yilda bo‘lib o‘tgandi.
Ayni paytda o‘zbek bozoriga kirib kelayotgan turk investorlari va kompaniyalari soni o‘sa boshladi. Xususan, Demir Group tashlandiq holga kelgan "Chorsu"mehmonxonasi o‘rnida zamonaviy ko‘ngilochar maskan barpo etmoqchi, shuningdek, poytaxtda savdo markazlari va restoranlar qurmoqchi. Turkiyalik qator investorlar respublikada elektrotexnika, oziq-ovqat, tekstil, charm-poyabzal va farmatsevtika, qurilish materiallari sohalarida qo‘shma korxonalar tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Hozirda mamlakatda 500ga yaqin turk firma va kompaniyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida turk kapitali ishtirokida 20dan ortiq korxona tashkil etildi. Tomonlar o‘zaro tovar almashish hajmini kamida 2-3 baravarga oshirishni rejalashtirmoqda.
Ko‘plab o‘zbekistonliklar Rossiya va Qozog‘istondan tashqari Turkiyaga ishlash uchun borishlari sir emas. O‘zbek maxsus xizmatlari ko‘plab o‘zbekistonliklar Turkiyada ekstremistik mafkura ta’siriga tushib qolishgani va “Islom davlati” hamda boshqa terrorchi guruhlar safida jang qilish uchun otlanishgani haqida bir necha bor xabar qilgan. Shuning uchun Turkiyada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarini huquqiy himoya qilishni kuchaytirish masalasi bilan birga bu mavzu ham muhokama qilinishi shubhasiz.
Shu bilan birga, mamlakatda o‘zbek muxolifati vakillarining qo‘nim topganligi masalasi ham muhokama qilinsa kerak. Mirziyoyev hukumat tepasiga kelganidan so‘ng Toshkentning bu yo‘nalishdagi siyosati yuqori darajada liberallashdi, qamoqxonalardan qator huquq himoyachilari ozod qilindi, hukumat barcha qiziqqan tomonlarni muloqotga taklif etmoqda. AQShda bo‘lgani kabi bu yerda ham mahalliy o‘zbek diasporasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etilishi ham istisno etilmayapti.
Davlat rahbarlari ilk marta ko‘zda tutilayotgan harbiy-texnika sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishlari mumkin. Fevral oyida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi Turkiyadagi qator mudofaa majmuasi ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurgan, iyulda esa Mirziyoyev Turkiya Respublikasi milliy mudofaa vazirini qabul qilgandi. Shundan keyin o‘zbek tomoni Turkiyadan zirhli texnika sotib olishi va hamkorlikda harbiy texnika ishlab chiqarishni tashkil etishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Transport sohasidagi hamkorlikni ham unutmaslik lozim. Har ikki davlat mavjud va yaratilayotgan global transport-logistika yo‘nalishlarida joylashgan va ushbu sohada hamkorlik qilishga tayyor bo‘lsalar kerak.