"Tashkent City" turk arxitektorlari rejasi asosida quriladi

Obuna bo‘lish
"Tashkent City" loyihasi bo‘yicha 8ta bosh reja tayyorlangan va respublika rahbariyatiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan

TOShKENT, 21 okt – Sputnik. "Tashkent City" xalqaro biznes markazi loyihasi konsepsiyasini tayyorlash doirasida Turkiya, Singapur va mahalliy arxitektura kompaniyalari vakillari taklif etildi. Bu haqda biznes markazning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, "Tashkent City" loyihasi bo‘yicha 8ta bosh reja tayyorlangan va respublika rahbariyatiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan. Yakunda Turkiyaning Tabanlıoğlu Architects kompaniyasi tomonidan tayyorlangan bosh reja tasdiqlangan.

Tabanlıoğlu Architects kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvda loyiha tafsilotlari muhokama qilindi hamda qilinadigan ishlarning navbatdagi bosqichi aniqlab olindi.

Eslatib o‘tamiz, "Tashkent City" xalqaro biznes markazi Islom Karimov, Alisher Navoiy shohko‘chalari, Furqat va Olmazor ko‘chalari orasida 80 gektar maydonda joylashadi.

Xalqaro biznes markazi seysmik xususiyatlar, shaharning arxitektura qiyofasi, Markaziy Osiyo shaharsozlik an’analaridan kelib chiqqan holda tabiat bilan hamohanglikda barpo etiladi.

Biznes ofis, mehmonxona va apartamentlar uchun mo‘ljallangan, zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bunyod etiladigan binolarning balandligi 40 qavatdan oshmaydi, turarjoylarning balandligi esa 12 qavatgacha bo‘ladi.

Yangiliklar lentasi
0