TOShKENT, 8 okt – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
O‘zbekistonda “Harakatlar strategiyasi”ga muvofiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilish, davlat mulkini xususiylashtirish va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida bir necha Erkin iqtisodiy zonalar (EIZ) va kichik sanoat zonalari tashkil qilingan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 14 ta erkin iqtisodiy zonalar faoliyat yuritmoqda. Ular orasida «Navoiy», «Angren», «Jizzax», «Urgut», «G‘ijduvon», «Ko‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalari bor. Ushbu kunga qadar ushbu EIZlarda umumiy qiymati 486 million dollarga teng 62 loyiha amalga oshirilgan, 4,6 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan.
Majlisda qayd etilishiga ko‘ra, prezident tashabbusi bilan Toshkent shahri va tumanlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda bo‘sh turgan yoki samarasiz ish yuritayotgan ishlab chiqarish binolari asosida, yuzga yaqin kichik sanoat zonalari tashkil etilgan va minglab ish o‘rinlari yaratilgan. Xususan, ayni damda O‘zbekistonda kichik sanoat zonalari soni 96 taga yetgan va ushbu hududlarda umumiy qiymati 535 milliard so‘mga teng 1021 loyiha amalga oshirilgan, 9,6 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan.
Vazirlik va muassasalar faoliyati tanqid qilindi
Shavkat Mirziyoyev bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, prezidentning davlat maslahatchilari, tegishli vazirlik, idora va xo‘jalik yurituvchi subyektlar rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda yuqoridagi ko‘rsatkichlar qoniqarli emasligini hamda EIZlardagi tartib-taomillarni soddalashtirish, investor va tadbirkorlarni jalb etishni kengaytirish zarurligi ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev tegishli vazirlik, idora va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bu sohadagi faoliyatini tanqid qilib, ularda tashabbuskorlik yetishmasligi,erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni tashkil qilish darajasi sustligini ta’kidladi.
EIZ muammolari
Xususan, mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan loyihalarni ko‘rib chiqish va muvofiqlashtirish jarayoni murakkabligicha qolib, odatda rasmiy xarakter kasb etmoqda. Erkin iqtisodiy zona qatnashchilariga yer uchastkalari ajratish masalalarini hal etishda hanuz burokratizm asoratlari saqlanib qolayotgani ta’kidlandi.
«Urgut», «Ko‘qon», «G‘ijduvon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalari, shuningdek, farmatsevtika yo‘nalishidagi erkin iqtisodiy hududlarda yangi korxonalar tashkil etish uchun xorijiy sarmoyalarni jalb qilish ishlari sust borayotgani aytib o‘tildi.
Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarini elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv va boshqa kommunikatsiya tarmoqlari bilan barqaror ta’minlashda muammolar kuzatilmoqda.
Davlatimiz rahbari erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalaridagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, investor va tadbirkorlarga yanada keng imkoniyatlar yaratishga oid kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Yangi imtiyozlar va kommunikatsiya qulayliklari
Avvalo, ushbu zonalar faoliyatini rivojlantirishga doir meyoriy-huquqiy bazani qayta ko‘rib chiqish, bugungi zamon talablariga moslashtirish, barcha uchun ochiq va tushunarli mexanizm yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Yer uchastkalari, bo‘sh turgan binolarni ajratish tartibini soddalashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshiriladigan loyihalar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ma’muriy kengash tomonidan ko‘rib chiqiladi. Shu paytgacha bu kengash 17 ta vazirlik va idoradan iborat edi. Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq ularning soni 4 ta etib belgilandi.
Shuningdek, iqtisodiy zonalarda joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish mezoni qayta ko‘rib chiqiladi, erkin iqtisodiy zona ishtirokchilarini kreditlash sharoitlarini yaxshilash hamda muhandislik ta’minoti vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi.
Shu jihatdan, yig‘ilish davomida erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida joylashgan korxonalarni barcha zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilma bilan o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.