"Unvon olgunicha tinimsiz yelib-yuguradi": Mirziyoyev xonandalarni tanqid qildi

Obuna bo‘lish
O‘zbekiston prezidenti musiqa san’ati sohasida faxriy unvonlar, avvalambor, "O‘zbekiston xalq artisti", "O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi", "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist" kabi mukofotlar bilan taqdirlash masalasini tanqidiy nuqtayi nazardan qayta ko‘rib chiqish kerak, deb aytdi

TOShKENT, 4 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-avgust kuni ijodkorlar, san’at vakillari va jurnalistlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida san’at olamidagi hozirgi ahvolni qattiq tanqid ostiga oldi.

Mirziyoyev O‘zbekistonda madaniyat tizimini rivojlantirish bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, bugungi kunda tizim faoliyatini qoniqarli baholay olmaymiz. Madaniyat vazirligi mutasaddilarida sustkashlik, o‘zibo‘larchilik, xotirjamlikka berilish kayfiyati davom etayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, prezidentga ko‘ra yana bir muhim masala — eng ommaviy san’at bo‘lgan estrada san’atini rivojlantirish vazirlik e’tiboridan chetda qolmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev: adabiyot va san’at, OAVlarning biznesga aylanishiga yo‘l qo‘ymaymiz
"Eng asosiy kamchilik — bu sohada ijod qilayotgan aksariyat ijrochilar faoliyatida talabchanlik va mas’uliyat, ijtimoiy jarayonlarga daxldorlik tuyg‘usi tobora pasayib bormoqda.

Men o‘z tajribamdan yaxshi bilaman, katta bayramlarimizni — bu Mustaqillik, Navro‘z yoki Konstitutsiya bayrami bo‘ladimi — ularni o‘tkazishda bizni eng qiynaydigan, xunobimizni chiqaradigan narsa — bu estrada dasturi ekanini hammangiz yaxshi bilasiz. Ming afsuski, mana shu holat hali ham barham topgani yo‘q.

Estrada san’atidagi kamchiliklarning asosiy sabablari hech kimga sir emas. Ko‘pchilik qo‘shiqchilar mas’uliyatni unutib, o‘z ustida ishlamay qo‘ygan, izlanish, mahoratini oshirish, yangi ijodiy g‘oyalar bilan yashash, san’at dunyosiga, muxlislarga hurmat kabi tushunchalar ularga begona bo‘lib qolgan, desak, qanchalik achchiq bo‘lmasin, bu ham haqiqat.

Shunday san’atkorlar ham borki, unvon olgunicha tinimsiz yelib-yuguradi, hol-joningizga qo‘ymaydi. Unvon oldimi, tamom, suvga tushgan toshdek jim bo‘lib ketadi. Ulardan unvonga yarasha, xalqning e’tiboriga yarasha ijod qani, deb so‘rash o‘rinlimi yoki yo‘qmi? Ijodkorning talabi bilan birga burchi ham bo‘lishi kerak emasmi?", — dedi Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan musiqa san’ati sohasida faxriy unvonlar, avvalambor, "O‘zbekiston xalq artisti", "O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi", "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist", "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi" kabi mukofotlar bilan taqdirlash masalasini, bu borada qabul qilingan normativ-meyoriy hujjatlarni tanqidiy nuqtayi nazardan qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.

"Yetivolsam yeb qo‘yaman": o‘zbek estradasidagi tumtaroq ohanglar va bema’ni she’rlar
"Ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz, ilgari "Xalq artisti" degan unvon olish uchun san’atkor necha o‘n yillar samarali ijod qilishi talab etilardi. Masalan, mashhur hofiz Tavakkal Qodirov "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist" unvonini olganidan keyin — shunga e’tibor bering — oradan 25-yil o‘tib, "O‘zbekiston xalq artisti" unvoni bilan taqdirlangan edi. Yaqin o‘tmishdan bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Shu ma’noda, unvon berishda san’atkorning faqat to‘rtta qo‘shig‘i emas, uning ijtimoiy faolligi, munosib shogirdlar tarbiyalagani, el-yurt o‘rtasidagi obro‘-e’tibori, eng muhimi, san’atga sadoqati ustuvor mezon sifatida belgilanishi shart. Boshqacha aytganda, biz bu yuksak unvonlarning nufuzi va obro‘sini saqlashimiz lozim.

Bizning xalqimiz — san’atsevar xalq, o‘zi sevgan, yoqtirgan ijrochilarni nafaqat televizor yoki sahnada, balki o‘zining yaxshi kunlarida, to‘y-hashamlarida ham ko‘rgisi keladi. Buni hammamiz to‘g‘ri tushunamiz. Ming afsuski, bugungi estrada xonandalarining aksariyati hali Yangiyo‘lga, hali Shovotga, hali Yangiqo‘rg‘onga, hali Chiroqchiga to‘yga qatnash bilan ovora. Boshqa biron masala bilan ishi yo‘q.

Albatta, san’atkorda ham oila, bola-chaqa bor, ularning ham hayotiy ehtiyojlari bor. Buniyam to‘g‘ri tushunamiz. Lekin ijodni pulga, mol-dunyoga almashtirgan odamdan san’at shafqatsiz o‘ch oladi. Oxir-oqibatda har qanday yorqin iste’dod ham so‘nib, el-yurt nazaridan qoladi.

O‘zbek estradasiga nazar: zamonaviy qo‘shiqlar haqida luqmalar
Shu o‘rinda, yana bir masalaga sizlarning e’tiboringizni qaratmoqchiman. Gap san’atkor odobi, ularning yurish-turishi, kiyinish madaniyati, muomalasi bilan boshqalarga, eng avvalo, yoshlarimizga o‘rnak bo‘lishi zarurligi haqida bormoqda.

Xushovoz xonanda Sanobar Rahmonovaning bir paytlar kuylagan dilbar qo‘shiqlarini tomoshabinlar hozir ham sog‘inib eslaydilar. Bu san’atkor teleekranda ham, sahnada ham iboli, hayoli, haqiqiy o‘zbek qizining qiyofasini, chinakam obrazini yaratib, qancha-qancha qizlarimizga ibrat bo‘lgan edi.

Afsuski, bugun televidenie orqali berilayotgan ba’zi kliplarni oila, farzandlar davrasida tomosha qilib bo‘lmay qoldi. Har bir harakatida g‘arbga taqlid sezilib turadigan, ochiq-sochiq kiyingan yoshlarni ko‘rib, nahotki shular ham bizning farzandlarimiz, bizning millatimiz vakillari bo‘lsa, deb o‘ylab qolasan kishi.

Albatta, bunday muammolar san’atni muqaddas deb biladigan ustoz ijodkorlarimizni ham qiynayotgani tabiiy. Shundan kelib chiqqan holda, "O‘zbekkonsert" qoshida "O‘zbekiston xalq artistlari" klubini tashkil etsak, nima deysizlar?", — deb ta’kidladi prezident.

O‘zbekiston rahbari klubning eng faol a’zolari bo‘lgan Xalq artistlarini yil yakuni bo‘yicha e’tirof etib, rag‘batlantirib borishni ham yo‘lga qo‘yish lozimligini aytib o‘tgan.

"Sizlarga ma’lumki, sobiq ittifoq hududidagi boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, faqat O‘zbekistonda estrada ijodkorlari aholiga madaniy xizmat ko‘rsatishdan topadigan daromadlari bo‘yicha soliq to‘lash majburiyatidan ozod qilingan. Aytaylik, xonandalarimiz o‘zining gastrol-konsert faoliyatini amalga oshirish uchun bir yilda bir marta belgilangan tartibda ma’lum miqdordagi mablag‘ni to‘lab, litsenziya oladi. Bo‘ldi. Boshqa soliq yo‘q. Aksariyat qo‘shiqchilar mana shu litsenziyaga to‘laydigan pulini bitta to‘yda topishi ham sir emas.

Shuning uchun ba’zan moliya va soliq idoralari tomonidan estrada xonandalarini, boshqa davlatlardagi kabi, daromad solig‘iga tortish bo‘yicha takliflar bildiriladi. Lekin biz azbaroyi san’atimiz, madaniyatimiz rivojini, xalqimizning ma’naviy saviyasini yuksaltirishni o‘ylab, bu takliflarga rozilik bermay kelayapmiz.

Hammangiz tushunasiz, salomga yarasha alik ham bo‘lishi kerak. Xalqimiz san’atkorlardan yaratilgan ana shunday imkoniyat va imtiyozlarga yarasha javob kutishga haqli, albatta.

Bloger Mirzo Subxanov - Sputnik O‘zbekiston
Bloger Mirzo Subxanov Ozodbek Nazarbekovga: siz san’atkormi yoki tadbirkor?
Shu munosabat bilan bugun bir fikrni alohida ta’kidlab aytishni zarur, deb hisoblayman.

O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz.

Kimda-kim bu sohalarga faqat pul ishlash, faqat iqtisodiy foyda ko‘rish maqsadida kirayotgan bo‘lsa, ular, marhamat, tadbirkorlik, biznes sohasiga borsin. Mana, bu borada qancha-qancha imkoniyat va imtiyozlar yaratib berapmiz — shu sohaga o‘tib ishlasin. Lekin ijodiy ishlarga aralashib, o‘zini ham, san’at degan muqaddas tushunchani ham beobro‘ qilmasin. Buni hech kim hech qachon unutishga haqqi yo‘q", — deb xulosa qilgan Mirziyoyev.

Yangiliklar lentasi
0