TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. "Har bir inson o‘ziga yoqqan taomni huzur qilib yeydi. Deylik, o‘sha taom aynib qolgan bo‘lsa, oqibati inson organizmi uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Bu insonning jismoniy holati bilan bog‘liq bo‘lgan xunuk holat. Agar uning ma’naviy dunyosi zaharlansa-chi?", deb yozadi Baxtiyor Boltayev "Zarafshon" gazetasida e’lon qilingan "Qanday musiqani "iste’mol qilayapmiz" nomli maqolasida.
"Didjey"ning qo‘shig‘i
Qizimni sayrga olib chiqdim. Istirohat bog‘ida bayram, xursandchilik, kuy-qo‘shiqlar avjida. Ovoz kuchaytirgich orqali qo‘shiq yangrayotgan maydonga yaqinlashdik. Bolajonlar quvnab raqsga tushayapti… Biroq qo‘shiq so‘zlarini eshitib, kayfiyatim tushib ketdi:
"Xey-ya, to‘xta, yetivolsam
yeb qo‘yaman…
Yuragimni yondirma,
Hazillashmadim, yeb qo‘yaman…"
Takror aytilayotgan bu so‘zlardan qancha urinmay, hech qanday ma’no topmadim. Bolajonlar esa qo‘shiqni jo‘r bo‘lib aytishapti, mening qizim ham. Atrofga qarasam, o‘sha qo‘shiqqa o‘ynayotgan bolalarini ko‘rib ota-onalar ham xursand. Yosh xonanda Zuhriddin Bahriddinovning "Qizil shapkacha" qo‘shig‘i ekan bu.
Tinglovchilar bu qo‘shiqdan qanday ma’naviy ozuqa olishi mumkin? Ko‘chada, istirohat bog‘ida xohlaganini qo‘yishadi-da, deb o‘yladim (vaholanki, istirohat bog‘larida, musiqali favvoralarda va boshqa madaniy joylarda qo‘yiladigan musiqalar nazorat qilinishi lozim). Kechga yaqin xuddi "Mana, ko‘rib qo‘ying", degandek, boyagi "Qizil shapkacha" "Navo" telekanali orqali yangrayotgani, unga yana klip ham ishlanganini ko‘rib, hayratdan dong qotdim. So‘ng yana mulohaza qildim: ehtimol, men bu qo‘shiqlar mohiyatini tushunmayotgandirman.
Pop-musiqa nima?
Bugungi kunda ayrim saviyasiz qo‘shiqlaru mazmunsiz she’rsifat so‘zlar (ularni she’r deb ham bo‘lmaydi) haqida ko‘plab tanqidiy fikrlar bildirilmoqda. Shuning barobarida asl san’at, musiqa va ohangni maktablarda va boshqa ta’lim dargohlarida ham o‘rgatishmoqda. Shunday bo‘lsa-da, bu borada tanlovda adashayotgan tomoshabin va qo‘shiq shinavandalari ham yo‘q emas.
Ammo u musiqa bilan ohanglashtirilgan she’rlarga yanada ko‘proq mayl qo‘yadi, negaki (bunda) she’rning tartibi ohang mutanosibligi (garmoniyasi) bilan uyg‘unlashgan bo‘ladi". Afsuski, bugun bu haqiqatni anglamayotgan, aksincha, pul yoki biror manfaat uchun yengil-yelpi qo‘shiqlar kuylayotgan xonandalar ko‘p.
Aytish joizki, ko‘pchilik havaskor xonandalar o‘zlari bilmagan holda pop musiqani, uning zamirida "ommaviy madaniyat"ni targ‘ib qilishmoqda. Manbalarga ko‘ra, "Ommaviy madaniyat"da "pop (ommaviy)-muzika" alohida o‘rin tutadi.
"Pop-muzika"ni "yangi rok" belgilaydi. "Yangi rok", ta’bir joiz bo‘lsa, kuchaytirilgan ritmik tuzilmali musiqadir. Ya’ni, jazavali ritm, zarb, shovqin bu musiqaning asl qiyofasidir. U tinglashga, qalbdan huzurlanishga emas, balki vujud harakatiga, talvasali raqsga yo‘naltirilgan. Umuman aytganda, "pop-muzika" ijrochiligi ko‘ngilochar musiqa niqobi ostida ommaviy vasvasali, shaytoniy talvasali, badaxloq raqslar, ko‘pincha oxiri janjal, ur-yiqit, vahshiyliklarga borib taqaladigan agressiv diskoteka shoularini uyushtirish bilan ajralib turadi.
Vaholanki, bunday jarayon faqat ma’naviy qashshoqlik, axloqiy tanazzulga, shuningdek, insonning o‘zligidan begonalashuviga, ruhiyatining buzilishiga xizmat qiladi.
Tumtaroq ohanglar va bema’ni she’rlar
O‘zimizga xos san’at yo‘nalishimizga "eskirgan" yo‘nalish deb qarab, o‘zini zamonaviy deb tutib, qolipga sig‘mas qo‘shiqlarni kuylayotgan ba’zi bir yosh xonandalar bugun menimcha, musiqa saboqlariga muhtoj.
"Ummon" guruhi tomonidan ijro etilgan qo‘shiq matniga diqqatingizni qarating:
"Mani muhabbatim sevgingga zor,
Ko‘zlarim ko‘zingga intizor.
Nega ko‘ylaging keng emas, tor,
Menimcha bugun bayram bor".
Yana bir xonanda Jasur Umirovning "Vay-vay" qo‘shig‘idagi so‘zlarga e’tibor qaratsak:
"Bahorda yomg‘ir sochilib,
Qara, ketibsan ochilib,
Sani ko‘ra olmaganlar,
Doim yuradi gapirib.
Dugonalaring jim o‘tirsin,
Undan ko‘ra erga tegsin.
Ular soddaliging bilar
Ko‘rasan bizni ayirar".
Bu kabi misollar bugungi shou-biznes olamida kam emas. Achinarlisi, yuqorida aytilgan qo‘shiqlarning ba’zilari televidenie orqali namoyish etiladi.
Inson ma’naviy salohiyatining shakllanishida o‘zidagi intilish, bilish va anglash barobarida tevarak-atrofning munosabati, axborot oqimi va ta’siri juda katta rol o‘ynaydi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.