TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. O‘zbek estrada yulduzlari ijrosidagi "ajabtovur" qo‘shiqlar matni borasida bunga qadar ham to‘xtalganman. Kaminani faqat bir narsa qiziqtiradi, "O‘zbeknavo" rahbariyati "o‘qitish" mashg‘ulotlarini xonandalardan emas, balki o‘z tarkibidan boshlagani ma’quldir…
Nega desangiz, bizga ma’lumki, bugungi kunda odamning goh ensasini qotirib, goh kulgisini qistayotgan qo‘shiqlar Birlashma badiiy kengashi tasdig‘idan o‘tmoqda.
Endi esa, zamonaviy qo‘shiqlarda tez-tez quloqqa chalinadigan g‘alati iboralarga qaytamiz.
Shohruhxon. "Ko‘zlarim seni izlash bilan ovora". O‘zlari-chi? O‘zlari esa qo‘shiq kuylayapti!
"Shahlo ikki ko‘zingiz", deb kuylanadi qo‘shiqlardan birida. Tasanno!!! Xonanda mantiqni yaxshi bilarkan, faqat uchinchi va to‘rtinchi ko‘zlar haqida savol tug‘ilsa nima derkin?
"Mening ko‘nglim senda, seniki qay yonda?» deb kuylaydi Shahlo Ahrorova. Xonandaning ko‘ngil haqidagi tasavvuri g‘alati. Biror chetda dumalab yotgan moddiy narsa, deb o‘ylaydimi?
Budur esa hatto o‘ziniyam yaxshi tushunmaydi. "Nazarimda men ham seni tinch qo‘ymayman!" deb kuylaydi u "Go‘yo" nomli qo‘shig‘ida.
"Dod degim kelyapti dastingdan", deb kuylaydi xonanda Feruza Karimova. Qizlarimiz, ayollarimiz san’atga ham o‘z oilaviy mashmashalarini olib kirayotgani qiziq.
Munisa Rizayevaning Shahzod Murodov bilan kuylagan "O‘jar" duetini ko‘rib, xonanda anchadan beri to‘plab yurgan jahlini shu qo‘shiq orqali rosa to‘kib solibdi-da, dedim. Yigitga shunchalar do‘qlaydiki, qo‘shiq emas, qarg‘ish aytayotgandek tuyuladi. Qo‘shiqchilik san’ati janjallashadigan joymi?
Farhod Saidovning "Qizmi bu, kiyikmi bu?" degan iborasini kulgi qilmagan qiziqchi qolmadi… Gap shundaki, kiyik ko‘proq o‘zimizning xonaki jonivor – echkiga o‘xshab ketadi-da. Farhod Saidov ijrosida-ku, ayniqsa.
Shu xonandaning "Meni sevsang" qo‘shig‘i(aytgancha, "Meni sevsang kiyim yarashgan, yarashmagan chog‘imda ham sev!".. — sevgi ijtimoiy buyurtmalar bilan tartibga solinmaydi axir!)ga suratga olingan klipda AN-2 samolyoti (aviatsiyaning traktori, deyish mumkin) to‘satdan halokatga uchrab, uchuvchi yigit gadoytoppas yerga qulaydi (?!) yo xotirasini yo‘qotadi yoki o‘sha yerdan o‘z vataniga qaytolmaydi.
30-40 yil nari-berisida yurtiga qaytib, qarib ketgan sevganini uchratadi. "Kukuruznik"da qanday qilib shuncha olisga ketgan bo‘lsa? Bu klip dunyo miqyosdagi mavzuni mahalliy darajaga ko‘chirish qanchalar o‘xshovsiz va kulgili chiqishini isbotlaydi.
Izatilla Shukurovning qo‘shig‘idan misralar:
"To so‘nggi nafasim berguncha bu dunyo
sen meni ko‘p etma umidvor".
Xonanda nima demoqchi o‘zi? Birinchidan, dunyo nafas bermaydi. Ikkinchidan, gapning birinchi bo‘lagi ikkinchi bo‘lagiga umuman mos kelmayapti. Xohlagan joyga xohlagan so‘zni tiqib, gap yasab ketaverish mumkin ekan-da. Hatto she’rda ham gapda mazmun bo‘lishi lozim!
Farhod va Shirin "Omon bo‘laylik"ni aytib, yana bir karra oddiy haqiqatni isbotladi – ularga birovlarning qo‘shig‘i juda yarashadi.
Yaqinda Sardor Rahimxon ham ona haqida kuyladi. Tasanno! Barcha xonandalar uchun bu mavzuda kuylash yozilmagan qoidaga aylangan. Lekin otalar-chi? Ular haqidagi qo‘shiqlar barmoq bilan sanarli. "Kango" saqichiga rahmat! U "Dadangga qani?" shiorini o‘rtaga tashladi. (Dadalar hech bo‘lmasa saqich chaynab o‘tirsin, demoqchidir-da.)
Jozibali chiqqan so‘zni takrorlayverish qo‘shiqchilikning katta muammosi. Bu shu darajaga yetaptiki, ayrim qo‘shiqlar deyarli bir-ikki so‘zdangina iborat bo‘lib qolmoqda. "Shahzod" guruhining "Yo‘q, dema" qo‘shig‘ida bir naqoratda "dema" so‘zi 40-marta takrorlanadi. Naqoratning o‘zi to‘rt marta takrorlansa, qo‘shiqda bir so‘z 160-marta aytilgan bo‘lib chiqadi.
Manzuraning "Lazgi" qo‘shig‘idayam "lazgi" so‘zi 100 martadan ortiq ishlatilgan.
Dildora Niyozova shirin xotira va tuyg‘ularni uyg‘otadigan ohangga moslab, Toshkent haqida qo‘shiq kuyladi:
"Sen non shahri bo‘lgansan,
Va hozir ham shundaysan".
To‘g‘ri, Dildora xohlasayam yomon kuylolmaydi, lekin "bo‘lgansan"ni "shundaysan"ga, "tonggacha"ni "osmongacha"ga qofiyalash, to‘g‘rirog‘i, shularni qofiya, deb o‘ylash kimning xayoliga kelgan bo‘lsa?
Qo‘shiqchilikda qofiyaga umuman e’tibor berilmay qo‘ydi. Ashulachilarimiz negadir so‘z so‘ngidagi qo‘shimchalarni qofiya deb sanay boshladi. Faqat Feruza Karimovagina qofiyaga urg‘u beradi. Lekin u ham mazmun va mantiqning hisobidan. Xonandaning qo‘shig‘iga qofiya siqqan-ku mantiq va mazmunga joy qolmagan.
Bugun qo‘shiqchilik she’riyatni tan olmaydi. Xonandalarimiz oddiy so‘zlarni sal cho‘zib aytsang qo‘shiq bo‘ladi, qofiya esa ortiqcha dahmaza, deb o‘ylaydi. Albatta, tushovi uloviga mos, deb adabiyot o‘qimaydigan muxlisga shuyam bo‘laveradi, deb hisoblashar-da.
Holbuki, yaxshi qo‘shiq faqat va faqat yaxshi she’rdan dunyoga keladi. Har qanday mashhur xonandaning ortida albatta iqtidorli shoir bo‘ladi.
Shuhrat Umarning "Yetolmadim" qo‘shig‘iga ishlangan klip g‘oyasi, adashmasam bundan burun ham ikki marta "ishlatilgan" (dovdir rejissor, klip oldirmoqchi bo‘lgan xonanda va produseri). Klipda hind sauntreklarini parodiya qilmoqchi bo‘lishgan-u (qiziq, jiddiy qo‘shiq va jiddiy mavzu fonida), o‘zlari parodiya bo‘lib qolgan. Jahongir Poziljonovdan o‘rganishsa bo‘larkan. U haqiqatan parodiya qilib, o‘zi parodiyaga aylanmaydi.
Bugun har ikki klipdan birida Muhabbat Qurbonova, Parizoda va Jumadilla Rametovning mashinasi suratga tushmoqda.
Munisa Rizayeva «Lol qolaman» qo‘shig‘ida yigitning sabriga lol qolib, o‘ziga bo‘lgan otashin ishqini pinhon tutishidan noliydi. G‘alati, o‘zi hali aytmagan bo‘lsa, birovning ko‘nglidagi otashin ishqni qanday bildi-yu, bundan kerilishi nimasi? Balki, u yigit umuman sovuqqondir, hech kimni umuman sevmas. Shuning uchun sizga e’tiborsizdir? O‘zi, ayrimlarni tushunish qiyin, sevsa "sevadi", deb jar soladi, sevmasa ham "sevadi", deb jar soladi.