TOShKENT, 1 avg — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoyishni imzoladi, deb xabar qildi "O‘zbekiston24" nashri.
Yosh bolalarni yalpi kompleks skrining ko‘rigidan o‘tkazishni tashkil etish va olib borishdagi kamchiliklar reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirish uchun qulay fursatning boy berilishiga hamda bolalar nogironligi paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.
Nogironlik guruhini aniqlash hamda protez-ortopediya va reabilitatsiya texnika vositalari bilan ta’minlashda tibbiy-maslahat komissiyalari va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatidagi burokratik tartib-taomillar bartaraf etilmagan.
Nogironlikni aniqlash uchun tibbiy-ijtimoiy ekspertiza o‘tkazishda qo‘llanilayotgan mezonlar eskirgan uslubiyotga asoslangan, mazkur sohada chuqur ilmiy tadqiqotlarning mavjud emasligi ushbu muammoni yanada kuchaytirmoqda.
Nogironlarga ta’lim berish va ularni ishga joylashtirishning amaldagi tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Nogironlarni mehnat faoliyatiga jalb etish darajasi juda past bo‘lib, bu mas’ul idoralarning ushbu sohada yetarli ish olib bormayotganligidan dalolat beradi.
Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam berish tizimini yanada takomillashtirish, nogironlarning hayot sifatini yaxshilash, ta’lim olish va ishga joylashishda ularga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida farmoyishga muvofiq Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo‘yicha komissiya tashkil etildi.
Komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash sohasidagi qonunchilikni undagi bo‘shliqlar, kamchiliklar va korrupsiyaviy omillarni aniqlash nuqtayi nazaridan inventarizatsiya va tahlil qilish;
nogironlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish holatini, ularning ta’lim olish va ishga joylashish huquqlari amalga oshirilishini, shuningdek, nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash sohasidagi vakolatli organlar faoliyatini tanqidiy o‘rganish;
tibbiy-malakaviy komissiyalar va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatini shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, tartib-taomillarni o‘tkazishni soddalashtirish va ularning muddatlarini qisqartirish maqsadida qayta ko‘rib chiqish;
nogironlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish bo‘yicha, birinchi navbatda, nogironlarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan ishlar ahvolini tahlil qilish;
nogironlar uchun protez-ortopediya va reabilitatsiya texnika vositalari ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish va texnik yangilash, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazish va takliflar tayyorlash;
nogironlarning jamoat transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma obyektlaridan to‘sqinliksiz foydalanishini ta’minlash holatini tahlil qilish;
Bu borada Komissiyaga 2017-yil 15-sentabrga qadar nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni kiritish topshirildi.
Farmoyishning to‘liq matni matbuotda e’lon qilinadi.