TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. Bugungi kunda siyosiy partiyalar o‘z elektoratiga bergan va’dalarini, saylovoldi dasturlarini to‘la va samarali bajarmoqda, deb aytolmaymiz. Ular hanuzgacha mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida, fuqarolar ongida o‘zining mustahkam o‘rnini egallay olmadi, dedi siyosiy partiyalar bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
"Xalq demokratik partiyasi o‘zini pensionerlar, kam ta’minlangan aholi qatlamlari manfaatlarining himoyachisi sifatida namoyish etadi. Lekin, xolisona aytadigan bo‘lsak, partiya shu maqsad yo‘lida haqiqatan ham amaliy ish olib boraptimi?
Partiya pensionerlarning hayot darajasini, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘zga ko‘rinadigan tashabbuslar bilan chiqaptimi?
Shu borada bir misolga murojaat qilaylik. Ma’lumki, pensionerlarning muayan bir qismini nogironlar tashkil etadi. Lekin hozirgi vaqtda ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi deb his qilishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmagan. Bu haqiqatni afsus bilan tan olish kerak.
Nogironlarni, aytaylik, protezlar, invalidlar kolyaskalari bilan ta’minlash, ularning turar-joy va ma’muriy binolarga kirib-chiqishi, metro va avtobuslardan bemalol foydalanishi uchun panduslar va platformalar qurish kabi masalalarda, umuman, ushbu sotsial toifaning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashda talaygina kamchilik va muammolar borligi sir emas.
Shu borada XDP qachon birorta qonun tashabbuskori bo‘lib maydonga chiqdi va uning ijrosi ustidan qanday nazorat olib bordi? Yoki "Muruvvat", "Saxovat" va "Mehribonlik" uylari faoliyatini yaxshilash bo‘yicha partiya tomonidan amaliy harakatlar bo‘lyaptimi?
Yana bir muhim masala — pensionerlarni dori-darmon bilan ta’minlashdagi muammolarni hal etish uchun ushbu partiya nima ish qildi?
Agar Xalq demokratik partiyasi mana shu muhim ijtimoiy masalalar bilan yaqindan shug‘ullanganida edi, o‘ylaymanki, Prezidentning Xalq qabulxonalariga aholining kam ta’minlangan qatlamlaridan, avvalo, pensionerlardan ko‘plab shikoyat va arizalar tushmagan bo‘lardi", — dedi Mirziyoyev.