TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mamlakatning Birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atdi: 3 trillion so‘m miqdoridagi soliqlarni to‘lamaganlik va mamlakat aktivlarini noqonuniy ravishda o‘zlashtirganlik yuzasidan.
1996 yili u O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Iqtisodiyot institutining magistraturasini bitirdi, 2000-yili Garvard universitetida san’at magistri darajasiga ega bo‘ldi. 2001-yili Toshkent Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida siyosiy fanlar doktori bo‘ldi, 2009-yili esa o‘sha yerning o‘zida professor ilmiy darajasini oldi. 2006-yili Karimova Toshkent axborot texnologiyalari universitetida telekommunikatsiyalar sohasida bakalavr darajasiga erishdi.
Siyosiy karyerasi
1995 yil iyul oyida Gulnora Karimova O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida ish boshladi, vazir maslahatchisi lavozimini egalladi. 2003-yil sentabridan 2005-yil apreligacha u O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida maslahatchi-elchi bo‘lib ishladi, bunga qadar Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasida O‘zbekistonning doimiy vakolatxonasi maslahatchisi edi. 2008-yil fevral oyida u O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida Madaniy-ijtimoiy sohada xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinlandi. 2008-yil sentabr oyida Karimova BMT qoshidagi va Jenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining doimiy vakili etib tayinlandi.
2010 yil yanvar oyida O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi etib tayinlandi va 2012-yil iyul oyi boshlarida u Ispaniyadagi O‘zbekiston elchisi vazifasini tark etdi.
Ijtimoiy faoliyati
Karimova faoliyati davomida O‘zbekiston va xorijda bir yarim mingdan ortiq loyihalarni tashkil etgan va o‘tkazgan "O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi" Fondining tashkilotchisi va vasiysi hisoblanadi.
Gulnora Karimova Fransiyada vakolatxona ochilishi munosabati bilan Luvrda o‘zbek dizaynerlari defilesini o‘tkazdi, Glazgoda esa o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasini tashkil etdi.
Karimovaning O‘zbekistondagi boshqa yirik loyihalari — sut bezi saratoni bilan kurashishga mablag‘lar yig‘ish uchun 2010-yildan boshlab Toshkent va mintaqalarda 100 ming ortiq ishtirokchilarni qamrab olgan "Hayot uchun" xayr-ehson marafon-forumi, xalqaro ishtirokchilar, madaniyat va san’at arboblarini qamrab olgan loyihalar — "Asrlar sadosi» ko‘chma an’anaviy madaniyat festivali, "ArtWeekStyle.Uz" loyihasi shular jumlasidandir. Bundan tashqari, u O‘zbekistonda "Oltin Gepard" Toshkent xalqaro kinoforumi va Teatr.uz Toshkent teatr festivalini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.
Karimova Ijtimoiy tashabbuskorlikni qo‘llab-quvvatlash fondi doirasida "uchinchi sektor" deb ataladigan ishtirokchilarni birlashtirdi. Ushbu fond faoliyati doirasida amalga oshirilgan loyihalariga O‘zbekistonning qurg‘oqchil o‘lkalaridan birida joylashgan ajralib qolgan mintaqaga trubalar o‘tkazish va ichimlik suvi bilan ta’minlash, shuningdek Farg‘ona vodiysining bir qancha shaharlarida isitish trubalarini o‘tkazish kiradi. 2011-yil sentabrda Gulnora Karimova tashabbusi bilan mintaqalarda "axborot markazlari" orqali fuqarolarning murojaatlarini qabul qiladigan va ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun kuchlarni birlashtiradigan "O‘zbekiston ijtimoiy mas’ul fuqarolari forumi" yaratildi.
Shaxsiy hayoti
1991 yil iyul oyida Gulnora dugonasining tug‘ilgan kunida AQSh fuqarosi bo‘lgan afg‘onistonlik etnik o‘zbek Mansur Maqsudiy bilan tanishdi va unga turmushga chiqdi. Nikohdan keyin Gulnoraning eri Toshkentdagi Coca-Cola kompaniyasi vakolatxonasining direktori lavozimini egalladi. Ushbu nikohdan 1993-yili Islom ismli o‘g‘li dunyoga keldi, 1999-yili esa qizi — Iman. 2001-yili nikoh buzildi, Karimova bolalari bilan birga Nyu-Jersidagi oilaviy uyidan ketdi.
Nikoh ajrimi jarayoni 2-yilga cho‘zildi. Amerika sudi Maqsudiyga bolalarga vasiylik huquqini berdi, Gulnoraga sobiq eriga bolalarni qaytarish talabini qo‘ydi va ularni ushlab turgani uchun sanksiya berdi. Bunga javoban O‘zbekiston hukumati Mansurni qalloblikda, soliqlarni yashirishda, juda katta miqdordagi pora olganlikda, mulkni o‘g‘irlashda va pullarni yuvishda aybladi va xalqaro qidiruvga e’lon berdi. 2008-yil 9-iyulda Nyu-Jersi shtati Oliy sudi sudasi Den M. Vilson Gulnora Karimovaga ikkala farzandi uchun to‘liq huquqni qaytarishga qaror chiqardi.
2013 yildan so‘ng u ijtimoiy hayotda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi – OAVlar uning mamlakat rahbariyati qaroriga asosan uy qamog‘ida saqlanayotganligini ma’lum qildi.
To‘rt yil davomida u haqda hech qanday xabar bo‘lmadi. Ba’zi-ba’zida OAVlarda Gulnora Karimovaning o‘ldirilgani, zaharlangani yoki ruhiy kasalliklar shifoxonasida ekanligi haqida xabarlar paydo bo‘lib turdi.
Nihoyat, bugun “Osiyo malikasi” taqdiriga oydinlik kiritildi – O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2015-yilda Karimovaga nisbatan 5-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganligini ma’lum qildi. Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlariga tergov organlarining uning nazorati ostidagi uyushgan jinoiy guruhning aktivlarini xatlash to‘g‘risidagi qarorlari yuborilgan.