TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. Bosh prokuratura Gulnora Karimova ustidan ochilgan jinoyat ishlari bo‘yicha xabar berdi.
Tergov materiallari bo‘yicha hozirda 12 ta xorijiy mamlakatlar hududida uyushgan jinoiy guruhning 1 mlrd. 394,1 mln. AQSh doll., 63,5 mln. yevro, 27,1 mln. funt va 18,5 mln. frank miqdordagi legallashtirilgan mablag‘lari aniqlangan, shu jumladan:
Shveysariyada — 777,8 mln. AQSh doll. miqdorida pul mablag‘lari va Koloni shahrida narxi 18,5 mln. frank bo‘lgan ko‘chmas mulk (villa);
Shvetsiyada — 30 mln. AQSh doll. miqdorida pul mablag‘lari;
Buyuk Britaniyada — 4,2 mln. funt miqdorida pul mablag‘lari, London shahrida umumiy narxi 22,9 mln. funtlik uy-joylar, kvartiralar va villalar;
Fransiyaning Parij shahrida — kvartiralar va "Shato de Grussi" qasri, Santrope shahrida — villa (umumiy narxi 52,5 mln. yevro);
Latviyada — 16,5 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag‘lari va qimmatli qog‘ozlar, Riga shahrida park hududidagi umumiy narxi 9 mln. yevro bo‘lgan ko‘ngilochar markaz;
Irlandiyada — 300 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag‘lari va qimmatli qog‘ozlar;
Malta orolida — narxi 48,8 mln. AQSh doll. bo‘lgan samolyot;
Germaniyada — 2 mln. yevro miqdoridagi pul mablag‘lari;
Ispaniyada — 82 ming AQSh doll. miqdoridagi pul mablag‘lari;
Gonkongda — 67 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag‘lari, "The Arch" osmono‘par binosida narxi 15 mln. AQSh doll. bo‘lgan "pentxaus";
Birlashgan Arab Amirligida — 32 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag‘lari, 31,5 mln. AQSh doll. miqdoridagi oltin va oltin sertifikatlari, Dubay shahrida umumiy narxi 67,4 mln. AQSh doll. bo‘lgan "pentxaus", 2 ta villa va 2 ta mehmonxona komplekslari aniqlangan.
Hozirgi kunda uyushgan jinoiy guruhning boshqa aktivlarini aniqlash va ularni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tezkor-tergov tadbirlari davom ettirilmoqda.