TOShKENT, 24-iyul — Sputnik. Bugun 24-iyul, Shavkat Mirziyoyev o‘zining 60-yillik yubileyini O‘zbekiston prezidenti vazifasida nishonlamoqda. Shubha yo‘q-ki, o‘zi uchun shunday muhim kunni ham prezident dam olmasdan, ish joyida o‘tkazadi.
Birinchi muddat
Bor-yo‘g‘i 60 yoshmi yoki allaqachon 60 yosh? Ushbu savol shunday yoshni hukumat boshida qarshi olgan har bir siyosiy arbobni o‘ylantirgan va ularning har biri ushbu savolga o‘zicha javob bergan. Shavkat Miromonovich borasida esa, bemalol — bor-yo‘g‘i 60 yosh, deyish mumkin. Prezidentning o‘ta ishchanligi allaqachon hammaga ma’lum bo‘ldi. Qisqa vaqt ichida Mirziyoyev O‘zbekistonning bir necha viloyatlariga va shaharlariga tashrif buyurishga ulgurdi.
Mirziyoyevning yarim yillik prezidentlik davrida O‘zbekiston boshqa mamlakatga aylandi. Gap iqtisodiy muvaffaqiyat yoki siyosiy yutuqlarda emas, buning uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. Gap boshqa masalada: oxirgi 20-yil davomida hukumat ilk bor xalqqa yuzlandi. Mirziyoyev nafaqat shaxsan o‘zi xalq bilan suhbat qilishga tushdi, balkim mansabdor shaxslarni ham bunga majbur qildi.
Oddiy misol — O‘zbekiston Birinchi prezidenti va yangi prezidentidan aholining umidlari turlicha. Islom Karimovga murakkab zamonlarda respublikada barqarorlik himoyachisi sifatida qaralgan bo‘lsa, Mirziyoyevga — "Orzu-umidlar prezidenti" sifatida qaralmoqda. Bu albatta bejiz emas. Aholi u kishida nafaqat siyosiy arbobni, balkim oddiy inson manfaatlarini davlat manfaatlari kabi birinchi darajali va haqli deb qabul qiladigan rahbarini tan olmoqda.
Davlat rahbarli lavozimida yarim yildan ko‘proq vaqt ichida Mirziyoyev, hukumatni jiddiy o‘zgartirishga kirishdi. U kishi, hurmatga sazovor qat’iylik bilan, o‘ziga "me’ros qolgan" burokratik tizimni hayday boshladi. Karimov davrida mansabdor shaxslar kamdan-kam iste’foga chiqarilar edi. Bugun esa, hech bir mansabdor shaxs o‘zini "xavfsiz" his qila olmaydi. Xoh u vazir bo‘lsin, hoh milliy kompaniya direktori, xoh viloyat yoki tuman hokimi bo‘lsin. Ushbu yil davomida 40dan ortiq yuqori mansabli shaxslar o‘z lavozimidan ayrildi.
Mirziyoyev siyosatining eng asosiy o‘zgarishlaridan biri, bu — "Virtual qabulxona" va viloyatlarda uning filiallarining yaratilishi bo‘ldi. Ushbu qadam xalq va prezident orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatdi. Natijada har bir o‘zbekistonlik uchun mahalliy mansabdor shaxslar bilan o‘z muammolarini hal qilish imkoni paydo bo‘ldi.
"Virtual qabulxona" ishga tushganiga yaqinda 10 oy to‘ldi. Ushbu vaqt mobaynida murojaatlar soni 1 milliondan oshib ketdi. Murojaatlarning 35% yoshlar — 26-35 yoshli fuqarolarga tegishli. Asosiy mavzular esa — turar joy, mehnat ta’minoti, moddiy yordam va sud ishlari masalalari bo‘ldi. Barcha murojaatlar prezident apparati tomonidan o‘rganib chiqilib, kerakli xulosalar chiqarib olinmoqda va ular yangi qonun va qarorlarda o‘z aksini topmoqda.
Oxirgi bir necha oy davomida soliq, pensiya, bank, ichki ishlar organlari tizimlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqildi, butun mamlakat bo‘ylab to‘xtab qolgan loyihalar va qurilishlar davom ettirishga kirishildi.
Ochiq eshiklar siyosati
Mirziyoyevning tashqi siyosati ham Birinchi prezident siyosatidan farq qila boshladi. Yangi prezident bir tomondan aynan Islom Karimov erishgan yutuqlarga asoslanib, barcha bilan teng huquqli suhbat qurish imkoniga ega bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlar darajasini ko‘tarishni birinchi o‘ringa chiqardi. O‘rta Osiyo mamlakatlari hamkorlikda ishlasa, albatta, ko‘proq yutuqlarga erishi mumkin.
Shu sababdan prezident, bir necha marotaba Qozog‘iston va Turkmanistonga borib keldi va mamlakatlar orasida bir necha milliard dollarlik shartnomalar imzolandi, qo‘shma korxonalar tuzildi va o‘zaro transport va logistika tizimlari rivojlanmoqda. Asosiysi, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan bir necha yil davomida tortishuvlarga sabab bo‘lgan chegaralar belgilab olinmoqda. Bu borada Mirziyoyev qisqa vaqt ichida katta yutuqlarga erishishga muvaffaq bo‘ldi.
Tojikiston bilan aviatsiya qatnovining qayta tiklanishi, Qirg‘izistonga qatnovlar geografiyasi kengaytirilishi, davlat delegatsiyalari tashriflari, o‘zaro biznes tashabbuslarning rivojlanishi va boshqalar shular jumlasidan. Bu borada O‘zbekiston har qanday tanqidni chetlab o‘tgan holda, o‘zini birga ishlashga tayyor qo‘shni va hamkor sifatida namoyish qilmoqda.
Shuningdek O‘zbekiston Rossiya va Xitoy bilan munosabatlar hajmini ham keskin darajada oshirdi. O‘zbekiston prezidenti ushbu ikki mamalkatda davlat safari bilan tashrif buyurishi ham bejiz emas. Xitoy bilan munosabatlar doimo yaxshi bo‘lganiga qaramasdan Mirziyoyev davrida ular yanada kengroq rivojlana boshladi.
Rossiya bilan esa, hamkorlik butunlay boshqacha tus oldi. Harbiy sohada hamkorlik rivojlana boshladi. Oxirgi bir necha yil davomidja o‘zbek ofitserlari Rossiyaga o‘qishga yo‘l olishdi. Ushbu yilning oktabr oyida esa Forish poligonida Rossiya — O‘zbekiston harbiy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi. Mirziyoyevning Moskvaga tashrifidan keyin Rossiya biznesi ham O‘zbekiston iqtisodining turli sohalariga sarmoyalar kiritishni boshladi. Avval Rossiya sarmoyalari asosan neft va gaz sohasi da bo‘lgan bo‘lsa, hozir — metallurgiya, turizm va boshqa yo‘nalishlar izchil rivojlanmoqda.
Yangi prezidentni hali ko‘p ishlar kutmoqda. Asosiysi u oldinda turgan masalalarning ko‘lamini yaxshi tushunadi va qiyinchiliklardan qo‘rqmaydi. U tinglashni, kerak bo‘lganda qattiqqo‘l qarorlar qabul qilishni va hayratda qoldirishni yaxshi biladi. O‘zbekiston "Yangi osiyo yo‘lbarsi" bo‘la oladimi — yo‘qmi buni vaqt ko‘rsatadi, lekin Mirziyoyevga, islohotlar o‘tkazish uchun, xalqning ishonchi ulkan — bu ayni damda kundek ravshan.